ABU BAKR NARSHAXIY: O’RTA OSIYO TARIXIDA CHUQUR IZ QOLDIRGAN OLIM
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Abu Bakr Narshaxiy - Markaziy Osiyo tarixnavisligining ilk qadimiy durdonalaridan biri bo’lmish «Tarixi Buxoro» deb shuhrat topgan nodir asarning muallifidir.
U o’z asarini 943 – 944-yillarda arab tilida yozgan va uni shu yillarda tahtga o’tirgan Somoniylar davlati hukmdori Amiri Hamid, ya’ni Abu Muhammad Nuh ibn Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniy (943 - 954)ga bag’ishlagan.
Afsuski, «Buxoro tarixi»ning arab tilida yozilgan asl nusxasi bizgacha yetib kelgan emas. Bizga nasib bo’lgani - bu fors tiliga tarjima qilinib, qariyb uch asr davomida bir necha bor tahrir, qisqartish va qo’shimchalarni boshidan kechirgan nusxadir. Asarning so’z boshisida aytilishicha, 1129-yili asli hozirgi Quva shaharidan bo’lgan Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al-Quboviy Narshaxiyning kitobini do’stlarining iltimosiga binoan arab tilidan forsiyga tarjima qilgan va bunda u asarning ba’zi joylarini qisqartirgan; ammo, shu bilan birga ayrim qo’shimchalarni ham kiritgan. Shundan yarim asr o’tgach, mazkur forsiy tarjima yana qaytadan tahrirga uchragan. 1178-1179-yillar davomida Muhammad ibn Zufar ibn Umar asarni ikkinchi marta qisqartirib bayon etgan.
Buxoro tarixi»ning qo’limizdagi barcha nusxalari ana shu 1220 yilgacha davom ettirilgan matnni o’z ichiga oladi. Asarning arab tilidagi asli bizgacha yetib kelmaganidek, forsiy tarjima ham keyingi tahrirchilar orqaligina mavjuddir. Chunonchi, tarjimon Abu Nasr Ahmad asardagi ba’zi joylarni qisqartirish bilan birga, unga katta tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan ma’lumotlarni kiritgan. Bunda u o’zidan oldingi ishonchli manbalardan foydalangan. Ulardan biri IX asr muallifi Abulhasan Abdurrahmon ibn Muhammad Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» nomli asaridir. Bundan tashqari tarjimon Abu Ishoq Ibrohim ibn al-Abbos as-Suliyning «Axbori Muqanna’» asaridan, Abu Ja’far Muhammad at-Tabariyning «Tarixi Tabariy» asaridan qo’shimchalar keltirgan.
« Tarjimon Abu Nasr Ahmad va undan keyingi tahrirchi, qayta ishlovchilar ham «Tarixi Buxoro» matniga anchagina o’zgartishlar kiritgan bo’lsalar ham, ammo Narshaxiy nomini muallif sifatida saqlab qolganlar. Lekin shunga qaramay, Narshaxiy o’z asarini tamomlagan 944-yildan keyingi, to 1220-yilgacha bo’lgan voqealar mualliflari deb biz mazkur tarjimon va tahrirchilarni tanimog’imiz lozim. Narshaxiyning o’zi aslida asarga qanday nom berganligi ma’lum emas. Shuning uchun u qo’lyozma nusxalarda va tarixiy adabiyotlarda «Tarixi Narshaxiy», «Tahqiqul-viloyat», «Axbori Buxoro», «Tarixi Buxoro» nomlari bilan yuritiladi. Lekin ulardan eng aniqrog’i va ilmiy adabiyotda ko’proq ishlatiladigani «Tarixi Buxoro»dir.
Narshaxiyning bu kitobida asosan Buxoro vohasining obod bo’lishi, ovchilik, baliqchilik va dehqonchilikning kasb etilishi, Numijkat, Poykand, Afshona, Varaxsha, Romiton, Vardona kabi qadimiy qishloqlarning barpo bo’lishidan tortib, to Buxoro shahrining qad ko’tarishigacha bo’lgan muhim tarixiy voqealar to’g’risida hikoya qilinadi. Buxoro vohasini tashqi hujumlardan mudofaa etish maqsadida uning barcha dehqonchilik muzofotlari bir necha yuz farsaxga cho’zilgan mudofaa devori bilan o’rab olingan. Bu devor 782—831 yillar mobaynida qurib bitkazilgan va u «Kampirak» nomi bilan mashhur bo’lgan.
Asarda Buxoro shahrining tarixiy topografiyasi to’g’risida ham qim-matli ma’lumotlar bor. O’rta asrlarda Buxoro arkining «Dari Registon» va «Dari g’o’riyon» nomli ikki darvozasi bo’lgan. Uning ichida «podshohlar, amirlarning turar joylari bo’lib, podshohlik devonlari va podshohlar turadigan qasr qadimdan shu yerda joylashgan». 850 yilda Buxoro shahri yangidan devor bilan o’rab olingan. Uning yetgita darvozasi bo’lgan. Buxoro qadim zamonlarda, Numijkat, Bumiskat, Foxira, Madinat us-sufriya, ya’ni «Mis shahar» nomlari bilan atalgan.
Kitobda Markaziy Osiyoda arab xalifaligi hukmronligining o’rnatilishi, Islom dinining tarqatilishi, otashparastlik va u bilan bog’liq madaniy hayotning inqirozi, Muqanna - «Oq kiyimliklar» harakati, Somoniylar davridagi davlat idorasi, madaniy qurilishlar borasida turli-tuman qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan; Buxoroning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotiga, ayniqsa, pul munosabatlariga, xiroj yig’ish tizimiga oid ma’lumotlar bor.
Narshaxiyning «Buxoro tarixi» kitobi birgina Buxoro tarixini emas, balki butun Markaziy Osiyo tarixini o’rganish uchun qimmatli tarixiy asardir. Shu bois, Markaziy Osiyo xalqlarining VIII-XII asrlarga bag’ishlangan ilmiy tadqiqotlarda Narshaxiy ma’lumotlari va uning hammuallifi, tarjimoni va muharriri Abu Nasr Ahmad Quboviyning qo’shimchalari XIX asrdanoq keng foydalanib kelinmoqda, asarning nusxalari dunyo qo’lyozmalar xazinalarida qo’plab uchraydi. Birgini O’zbekistan Respublikasi Fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 20 dan ortiq nusxa mavjud. Asarning forsiy matni bir necha bor -1892-yili Ch. Shefer tomonidan Parijda, 1904-yili Mullo Sulton tomonidan Buxoroda (Kogon), 1939-yili Mudarris Rizaniy tomonidan Tehronda nashr qilingan. «Buxoro tarixi»ning N. Likoshin bajargan rus tiliga tarjimasi 1897-yili Toshkentda, R. Frayning ilmiy izohlar bilan boyitilgan inglizcha tarjimasi 1954-yili Kembridjda, NasrullohTaroziyning arab tiliga ilmiy izohli tarjimasi Misrda chop etildi. Bir necha qo’lyozma va nashrlar matni solishtirilib, tafovutlar qayd etilgan ilmiy izoxli o’zbek tilidagi tarjimasi 1966-yili A. Rasulov va A. O’rinboyevlar tomonidan (tarixiy shaxslarga izohlar D. Yusupovaniki) «Fan» nashriyotida nashr etildi. «Tarixi Buxoro»ning matnini va ma’lumotlarini boshqa manbalar bilan qiyosiy o’rganib, undagi ma’lumotlarni manbashunoslik va matnshunoslik fani nuqtai nazaridan tahlil etish ishlari hali davom etmoqda.
«Buxoro tarixi»ning o’zida ham boshqa tarixiy manbalarda ham muallifning hayoti va faoliyatiga doir biror kengroq ma’lumot uchramaydi. Faqat XIII asr muallifi Sam’oniyning «Kitob ul-ansob» asarida uning to’la ismi Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik ekanligi va u Buxoro ahlidan (Narshax qishlog’idan) bo’lib, 286-hijriy (899 melodiy) yili tavallud topgan va 348 (959)-yili vafot etganligi eslatiladi.
“Jahon” AA