Barcha maqsad va harakatlarimiz xalqimiz farovonligi, farzandlarimiz kelajagi, vatanimiz tinchligini taʼminlashga qaratilgan
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 17-oktyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan joriy yilning 9 oyida 575,2 milliard soʻmlik 263 loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Oʻtgan davrda 696 milliard soʻmlik 329 ta loyiha hayotga tatbiq etilib, 2 ming 523 ta ish oʻrni yaratildi. 122 ming 750 dollarlik sanoat mahsulotlari, meva-sabzavot, poliz va boshqa mahsulotlar eksport qilindi.
Joriy yilning 9 oyida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 5,8 foiz oʻsdi. Sanoat mahsulotlari hajmi 7,3, qishloq xoʻjaligi 3,4, xalq isteʼmoli mollari 6,8, xizmat koʻrsatish 11,1 foizni tashkil etdi. Yalpi hududiy mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ulushi 79,8 foizga yetdi.
Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga bu galgi safarini anʼanaga koʻra Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi.
Keyingi yillarda taʼmirlanib, yanada obod va goʻzal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda Qurʼon tilovat qilindi.
Ulamolar bilan boʻlib oʻtgan suhbatda Islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma Hakim Termiziyning maʼnaviy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish hamda yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish haqida soʻz yuritildi.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda milliy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas dinimizni, buyuk allomalarimizning boy merosini oʻrganish, ularning qadamjolarini obod qilish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Ulugʻ ulamolarning nomlari bilan atalgan diniy majmualar, jomeʼ masjidlari, ilmiy markazlar bunyod etildi.
Davlatimiz rahbari jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, bilib-bilmay adashganlarni afv etib, toʻgʻri yoʻlga qaytarish, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish, bu borada maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Surxondaryo viloyati turli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda boy tajribaga ega. Fermer xoʻjaliklarining 1 ming 797 tasi paxtachilik-gʻallachilik, 1 ming 962 tasi bogʻdorchilik-uzumchilik, 84 tasi sabzavotchilik va polizchilik, 43 tasi gʻallachilik-sabzavotchilikka ixtisoslashgan. 888 fermer xoʻjaligida chorva mollari parvarishlanmoqda.
Joriy yilda viloyat pillakorlari 1 ming 627 tonna sifatli xomashyo tayyorladi. 93 ming gektar maydondagi gʻalladan 532,5 ming tonna hosil yigʻib olinib, 301 ming 216 tonnasi davlat qabul punktlariga topshirildi. Pilla va don ishlab chiqarishdan 649,5 milliard soʻm daromad qilinib, 157 milliard soʻm sof foyda olindi. Hosildan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin parvarishlashdan 2 trillion 375 million soʻm daromad qilish moʻljallanmoqda.
Viloyatda 17 ming 181 gektar maydonda meva, 13 ming 300 gektarda uzum yetishtiriladi. Hozirgacha 114 ming 700 tonna meva, 83 ming 300 tonna uzum olindi.
Joriy yilda viloyat paxtakorlari ham salmoqli hosil yetishtirdi. Ayni kunlarda meva-sabzavot, uzum, poliz va boshqa ziroatlarni yigʻishtirib olish barobarida paxta hosilini yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay yigʻib olishga alohida eʼtibor berilmoqda. Hozirgacha topshirilgan 80 foiz paxta hisobidan 817 milliard soʻm daromad olinib, 96 milliard soʻm foyda koʻrilgani, mavsum yakunigacha bu koʻrsatkich 135 milliard soʻmdan oshishi kutilayotgani paxtakorlarni yanada unumli mehnat qilishga undamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi “Angor Surxon gʻururi” paxta-toʻqimachilik klasteri dalasida paxta hosilini koʻzdan kechirdi.
Davlatimiz rahbari 2018-yil yanvarda viloyatga safari chogʻida paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Shu asosda Surxondaryoda 6 ta toʻqimachilik klasteri tashkil etildi. Ular jami paxta maydonining 67 foizdan ziyodini qamrab olgan. 2020-yilda bu koʻrsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Klaster tizimi sohaga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy qilishda muhim omil boʻlmoqda. “Angor Surxon gʻururi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham yangi ish uslubi asosida hosildorlik va mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshirilmoqda. Ushbu klasterning jami maydoni 9 ming 180 gektar boʻlib, uning 8 ming 100 gektaridan koʻprogʻiga ekin ekiladi. Jumladan, bu yil qariyb 5 ming gektar yerda ingichka tolali paxta yetishtirilgan.
Yurtimiz olimlari tomonidan yaratilgan gʻoʻzaning “Surxon-14”, “Surxon-16” navlari ikki yil mobaynida tajribadan oʻtkazildi. Ingichka tolali bu nav turli ob-havo sharoitlariga, suvsizlik, garmsel va zararkunda hasharotlarga chidamliligi, ertapisharligi bilan ahamiyatli. Tolasining uzunligi, pishiqligi, tekstilbopligi jahon bozorida xaridorgir hisoblanadi. Boshqa navlar bilan mehnat va resurs sarfi bir xil boʻlgani holda ingichka tolaning iqtisodiy samaradorligi 60 foiz koʻp.
Biz yerimizga sarflanayotgan xarajatga nisbatan kam hosil olyapmiz. Nav bilan, ilmiy agrotexnika bilan shugʻullanmay qoʻygandik. Mehnat unumdorligi, manfaatdorlik past edi. Aslida yerga mehr bergan inson boy boʻlishi kerak. Bizning maqsadimiz shu. Ilm boʻlmasa, rivojlanish boʻlmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident ingichka tolali gʻoʻza navlarini koʻpaytirish va ekin maydonlarini kengaytirish, olimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Klasterlar faoliyatini rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Endi hamma klasterlar chorvachilik komplekslari tashkil qiladi. Chunki ularda ozuqa bazasi bor. Chorvachilik rivojlansa, goʻsht, sut arzon boʻladi. Bu xalqimiz farovonligi, bolalarimiz salomatligi uchun muhim, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi kunda klasterda 900 dan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Kelgusida qayta ishlashni kengaytirish hisobidan yanada koʻp ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Denov tumanidagi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda boʻldi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq, Mudofaa vazirligi barcha harbiy qism va muassasalarining shtat turkumlari, shaxsiy tarkibi tubdan takomillashtirilmoqda.
Mazkur harbiy qism ham 2018-yildan aralash harbiy qism tarkibida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda muddatli harbiy xizmatchilar 21 yoʻnalishdagi mutaxassislik boʻyicha tayyorlanadi. Qismda harbiy xizmatchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, bir vaqtning oʻzida 500 dan ortiq harbiy xizmatchi amaliy va nazariy mashgʻulot oʻtashi imkonini beruvchi 3 qavatli oʻquv binosi, 6 ta yotoqxona, zamonaviy sport majmuasi, oshxona qurildi. Oʻquv binolaridagi kompyuter xonalari, elektron kutubxonada harbiylarning zamonaviy bilim va ilgʻor koʻnikmalarni egallashi, oʻz ustida muntazam ishlashi uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.
Mudofaa vazirligi va viloyat harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga shart-sharoit yaratish maqsadida joriy yilda harbiy shaharchada 64 xonadonli 4 ta koʻp qavatli uy, nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbari harbiy qismdagi sharoitlar, yangi tashkil etilgan boʻlinmalar, askarlar va harbiy xizmatchilarning oʻquv faoliyati bilan tanishdi.
Saf maydonida Oliy Bosh Qoʻmondonga muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga bagʻishlangan koʻrgazmali mashgʻulotlar namoyish etildi. Prezidentimiz harbiy texnika va qurol-aslahalar namunalarini koʻzdan kechirdi.
Harbiylar bilan muloqotda Prezidentimizga Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarni zamonaviy texnika va qurol-aslaha bilan taʼminlash, qoʻshinlarning boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish, mazkur qismda jangovar va oʻquv-tayyorgarlik jarayonini avtomatlashtirishga doir loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Harbiylar xalqimizning maʼnaviy yetuk farzandlari boʻlishi kerak. Buning uchun shaxsiy tarkibning maʼnaviy yetukligini, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish lozim. Siz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz vorislari ekaningizni doim his qilib, shunga munosib xizmat qilsangiz, yoshlarimiz vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat tuygʻularini sizlardan oʻrganadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident askar va ofitserlarning jangovar shayligini oshirish, yashash va dam olish sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan taʼminlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini taʼkidladi. Joylardagi harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Harbiy qurilish tizimini takomillashtirish, askarlarning maʼnaviyatini oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Denov tumanida harbiylarning farzandlari uchun qurilgan nodavlat bogʻchaga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim tizimini yuksaltirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joylarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy bogʻchalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida oʻtgan yili 288 maktabgacha taʼlim muassasasida 3-7 yoshli bolalarning 11,6 foizi qamrab olingan boʻlsa, ayni paytda 355 ta davlat va 177 ta nodavlat bogʻchada jami bolalarning 24,3 foizi tarbiyalanmoqda. Yil oxirigacha bu koʻrsatkichni 32,3 foizga yetkazib, 74 ming oʻgʻil-qizni zamonaviy bogʻchalarga qamrab olish rejalashtirilgan.
Denov tumanidagi Bogʻi Eram mahallasida “Mehnat farovon hayot” fermer xoʻjaligi tomonidan 150 oʻrinli “Smart kids” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etildi. Ikki qavatli mazkur bogʻcha chet tillarga ixtisoslashgan boʻlib, bolalar ingliz, rus va koreys tillari boʻyicha beshta guruhda tarbiyalanadi. Bundan tashqari, sport, musiqa va sanʼat toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Maktabgacha taʼlim muassasasida asosan harbiy shaharchada yashayotgan harbiylarning, shuningdek, yon atrofidagi aholi farzandlari tarbiyalanmoqda. Bogʻchaga ishga qabul qilingan 22 tarbiyachining 14 nafari harbiylarning turmush oʻrtoqlaridir.
Davlatimiz rahbari bogʻchadagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, tarbiyachilar bilan muloqot qildi. Tarbiyalanuvchilar besh tashabbus haqida sheʼr aytib berdi. Prezidentimiz bolalarga sovgʻalar topshirdi.
Tadbirkorlarimizning sharoitni tushunib bogʻchalar qurayotgani hozirgi siyosatimizga koʻmak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunday bogʻchalar asosiy eʼtiborni bola tarbiyasiga qaratadi, davlat bogʻchalari bilan raqobatda ishlaydi.
Shu yerda Maktabgacha taʼlim vazirligi va “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil va modul bogʻchalar taqdimoti oʻtkazildi.
Maʼlumki, olis va chekka hududlardagi kam xonadonli aholi punktlarida bogʻcha qurish oʻzini oqlamaydi. Shuni hisobga olib, mobil bogʻchalar taklif qilinmoqda. Buning uchun “Isuzu” avtobusi bogʻcha xonasi koʻrinishida modernizatsiya qilinib, jihozlandi. “Aqlvoy” deb nomlangan mobil bogʻchalar chekka hududlarga borib, bolalarga kunduz kuni taʼlim-tarbiya beradi. Yana bir jihati, mobil bogʻchalar uchun 2 sotix yerda oʻyin maydonchasi barpo etiladi. Bu bolalarga anʼanaviy bogʻchalardagidek sharoitda tarbiyalanish imkonini beradi.
Dengiz konteynerlaridan qurilgan modul bogʻchalarda 90 nafargacha bolani qamrab olish mumkin. Bunday bogʻchalar sirti issiq va sovuq oʻtkazmaydigan material bilan qoplangan, ichida ham zamonaviy sharoitlar hozirlangan. Bolalarga taʼlim berish metodikasi, mashgʻulotlar oʻtkazish uchun yaratilgan qulayliklar chet el tajribasiga toʻla mos keladi.
Yangi loyihalarni maktabgacha taʼlim tizimida keng yoyish, mamlakatimizda bogʻchalar qamrovini kelasi yilda 50 foizga yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Denov tumanidagi loyiha qiymati 20 million dollar boʻlgan “Denov tekstil” paxta-toʻqimachilik klasterida boʻlib, uning imkoniyatlari bilan tanishdi.
Prezidentimiz avvalgi tashriflari chogʻida Surxondaryo viloyatida paxtani toʻliq klaster usulida yetishtirish, har bir tumanda zamonaviy klasterlar tashkil etish zarurligini taʼkidlagan edi. Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy samarali boʻlgan bunday tizim joriy yildayoq real natijalarini bera boshladi.
Ayni paytda korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirilib, klaster usulida ip-kalava tayyorlanmoqda. Yiliga 6 ming 300 tonna ip-kalava tayyorlash quvvatiga ega korxonada joriy yilning toʻqqiz oyida 46,7 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Korxonada ikkinchi bosqichda tikuvchilik liniyasi tashkil etilib, eksportga yoʻnaltirilgan tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, 300 dan ortiq xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Loyihaning uchinchi bosqichida matoni boʻyash va pardozlash korxonasi ham ishga tushiriladi, unda yiliga 5 million pogonmetr gazlama ishlab chiqariladi.
2020-yilda viloyatda qiymati 107 million dollarlik ana shunday 10 ta klaster ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shunday chora-tadbirlar natijasida kelasi yilda viloyatda paxta tolasini 100 foiz shu yerning oʻzida qayta ishlashga erishish moʻljallanmoqda.
Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligida klaster tizimining ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Har bir klaster qoshida 10 ming bosh qoramol boqiladigan chorvachilik majmualari tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi. Bu goʻsht narxi asossiz ravishda oshib ketishining oldini oladi.
Bunday ishlarni tezlashtirish kerak. Har bir joy, har bir yer odamlarni boqishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunday sanoat korxonalari aholini ish bilan taʼminlash, ijtimoiy himoya kabi masalalarga ham yechim boʻladi.
Shu yerda 2019-2021-yillarda viloyatda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish, Denov shahri bosh rejasi hamda kelgusi ikki yilda Denov tumanini obod qilish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
72 mingdan ziyod aholi yashaydigan Denov shahri yanada kengayib, 2030-yilda uning maydoni 2025 gektarga, aholisi 90 mingga yetadi. Yangi rejaga muvofiq eski, koʻrimsiz koʻcha va binolar oʻrniga zamonaviy koʻp qavatli uylar, maktab va bogʻchalar, amfiteatr, xiyobonlar quriladi. Shahar markazidagi 17-asrga oid “Said otaliq” madrasasi va qalʼa joylashgan hududda hunarmandchilik markazi barpo etiladi. Qizilsuv daryosi qirgʻoqlarida dam olish maskanlari tashkil qilinadi.
Prezident bu boradagi bunyodkorlik ishlarini tezlashtirish, odamlar uchun har tomonlama qulay uy-joylar qurish zarurligini taʼkidladi.
Bogʻdorchilik, uzumchilik klasterlari tashkil etish, sabzavotchilik, logistika markazlari qurishga qaratilgan loyihalar iqtisodiy tahlillarda bayon etildi. Endilikda viloyatda “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida fermerlikni rivojlantirish, aholini arzon va sifatli oziq-ovqatlar bilan taminlash harakati boshlanadi.
Angorda aholi tomorqalari tadbirkorligini rivojlantirish, Uzun tumanidagi don klasteri, shuningdek, viloyatda tashkil etiladigan gʻallachilik klasterlari haqida soʻz yuritildi. Shoʻrchi tumanida “Chinoz tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarni koʻzdan kechirdi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan xalqaro konsultativ kompaniya koʻmagida yurtimiz dalalarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar hosili, eksport salohiyati, jahon bozoridagi talab va taklifni oʻrganish tahlillarda bayon etildi. Surxondaryo iqlim sharoitidan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligida ertapishar, eskportbop ekin turlarini koʻpaytirish lozimligi qayd etildi. Xususan, limon ekishni koʻpaytirish borasida aniq topshiriqlar berildi.
Oʻtgan yili Sherobod tumanida sement zavodi ishga tushirilgan edi. Bu yil Jarqoʻrgʻon tumanida “Surxonsementinvest” xorijiy korxonasi barpo etildi. Bu yerda Germaniya, Avstriya, Rossiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiya va uskunalar oʻrnatildi.
Loyiha qiymati qariyb 144 million dollar boʻlgan korxonaning birinchi bosqichi yakunlangan. Zavod toʻliq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 1,1 million tonna sement ishlab chiqarilib, uning 750 ming tonnasi eksport qilinadi, 1 125 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Prezident ushbu zavod bilan tanishdi.
– Surxondaryo viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari juda katta. Bu yerda yerosti boyliklari koʻp. Mendeleyev davriy jadvalidagi deyarli barcha elementlar bor. Bundan oqilona foydalanishimiz, xalqimiz manfaati uchun ishlatishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, kelgusida 12 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilish orqali quruq qurilish aralashmalari, gidratlangan ohak, temir-beton mahsulotlari ham tayyorlash rejalashtirilgan.
Shu yerda viloyatda sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ichimlik va oqova suv tizimlarini yaxshilash, qurilish materiallari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Viloyatga biriktirilgan elchixonalar tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida ham maʼlumot berildi. Unga koʻra, Avstriya, Yaponiya, Afgʻoniston va Tojikiston bilan hamkorlikda viloyatda 2020-2021-yillarda 90,2 million dollarlik 47 ta istiqbolli investitsiya loyihasi amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Viloyatning har bir tumanida 9-12 qavatli uylar qurish, Denov tumani iqtisodiyotini rivojlantirish, tumanda erkin iqtisodiy zona tashkil etish, viloyat eksport salohiyatini oshirish, koʻproq investitsiyalar jalb qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.