BARKAMOL AVLOD – YURT TAYANCHI

Termizda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan “Deputat yoshlar davrasida” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Yormamat Xoliyorov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi raisi Muhammadjon Siddiqov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– Mamlakatimizda jismonan va ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Isroil Qurbonov. – Davlat va jamoat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikda olib borilayotgan ishlar bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki bilan hamkorlikda yoshlar, ayniqsa, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari va tadbirkor ayollar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Partiyaning “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar kamoloti yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samaradorligini yanada oshirish xususida fikr almashildi.

WWW.UZA.UZ