BERLINDA BO’LIB O’TGAN TADBIR MUHIM SANAGA BAG’ISHLANDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimizning Berlindagi elchixonasida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan brifing bo’lib o’tdi.
Germaniyaning ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlil va ishbilarmon doiralari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o’tgan mazkur tadbir chog’ida mustaqil rivojlanish yillari davomida mamlakatimizda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlar, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarga alohida urg’u berildi.
Qayd etilganidek, demokratik davlat barpo etish, bozor iqtisodiyoti asosidagi ijtimoiy yo’naltirilgan kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish vazifalarining ado etilishida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustahkam va asosiy huquqiy zamin sifatida xizmat qilmoqda.
O’zbekistonning serqirra muvaffaqiyatlari, ya’ni izchil o’suvchanlikni kasb etgan iqtisodiyoti, aholi farovonligining yuksalishi, shuningdek, respublikaning jahon miqyosidagi obro’-e’tibori tobora oshib borayotgani mamlakat Asosiy qonunida o’z aksini topgan maqsad, tamoyil va me’yorlar hayotga tadbiq etilishining natijalari hisoblanadi.
Brifing chog’ida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasining mazmun-mohiyati xususida alohida fikr yuritildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari respublikamizda “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan e’tiborga molik chora-tadbirlar bilan ham yaqindan tanishdilar.
Tadbir so’nggida “Jahon” axborot agentligi muxbiri uning ayrim ishtirokchilari bilan suhbatda bo’ldi.
Jumladan, nemis tadbirkori va biznes maslahatchisi Tomas Kukva mamlakatimiz rahbariyatining tizimli islohotlarni yanada chuqurlashtirishga hamda iqtisodiyotni diversifikatsiyalashga, xususan, chet el sarmoyasini faol jalb etishga yo’naltirgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Germaniyalik biznesmen bu jarayonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivoji muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlar ekan, “kichik biznes va xususiy tadbirkorlik har qanday davlat iqtisodiyotining lokomotivi hisoblanishini” qayd etdi.
— Shu kunlarda O’zbekistonda mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligi keng nishonlanmoqda, - dedi u. - Bu juda muhim sana hisoblanadi, chunki Konstitutsiya mamlakatning siyosiy, huquqiy va iqtisodiy tizimini belgilab beradi. Yana shunisi ham juda muhimki, mazkur Asosiy qonun loyihasining ishlab chiqilishida konstitutsiyaviy qurilishning jahon tajribasi chuqur o’rganilgan, inson huquqlari va erkinliklarining ta’minlanishi sohasidagi nazariya va tajriba hisobga olingan. Fursatdan foydalangan holda, O’zbekiston xalqini ushbu qutlug’ bayram bilan chin dildan muborakbod etaman.
Brifing qatnashchisi, faol jamoatchi Teodor Sabarini ham mustaqillik yillari davomida mamlakatimiz hayotining turli sohalarida erishilgan muvaffaqiyatlar katta salmoqqa ega ekanligini e’tirof etdi.
— Tinchlik va barqarorlik, millatlararo va dinlararo hamjihatlikning mavjudligi O’zbekistonning eng katta muvaffaqiyatidir, - dedi u. - Bunda mamlakat Konstitutsiyasi bebaho o’rin tutishiga shubha yo’q. Chunki demokratiya va inson huquqlariga hurmat, barcha fuqarolar manfaatlari himoya qilinishining asosiy tamoyillari ushbu muhim hujjatda muhrlab qo’yilgan.
“Jahon” AA, Berlin