Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Birgalikdagi saʼy-harakatlar mamlakatlar va xalqlar kelajagi uchun yangi istiqbollar ochadi

2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили 2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari
hamma resurslarni ko'rsatish
Birgalikdagi saʼy-harakatlar mamlakatlar va xalqlar kelajagi uchun yangi istiqbollar ochadi

“Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro forumi 27 aprel kuni “Yansi” xalqaro konferensiyalar markazida delegatsiya rahbarlarining davra suhbati tarzida davom etdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Xalqaro va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik masalalari Markaziy Osiyo, jumladan, dengiz portlariga bevosita chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakatimiz uchun dolzarb boʻlib kelgan va hozir ham shunday. Oʻzbekiston mamlakatlarimizning barqaror taraqqiyotida muhim omil boʻladigan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini ilk kunlardanoq qoʻllab-quvvatlagan, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari forum davra suhbatining Qoʻshma bayonoti qabul qilinishini maʼqullab, bu mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, umumiy maqsadlarga erishish, iqtisodiy yuksalishning yangi manbalarini kashf etish, natijada xalqlarimiz turmush darajasi oshishiga xizmat qilishini taʼkidladi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyoning transport va logistika imkoniyatlarini oshirish, “yashil iqtisodiyot” orqali oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, turizmni rivojlantirish, ekologik muammolarni birgalikda bartaraf etish va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Markaziy Osiyo mintaqasining tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Gʻarbiy Osiyo iqtisodiy yoʻlagini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Toshkent – Andijon – Oʻsh – Irkishtom – Qoshgʻar avtomobil yoʻli, Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy va Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻli loyihalari bu borada katta istiqbollar ochishi qayd etildi. Shuningdek, Sariq dengiz portlari – Markaziy Osiyo – Yevropa yoʻnalishi boʻylab temir yoʻlda yuk tashishga bir xil tarif oʻrnatish ham iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq.

Prezidentimiz “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun qishloq xoʻjaligiga zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor yechimlarni joriy etish masalalariga eʼtiborni qaratdi.

Orol dengizi qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik vaziyatni bartaraf etish umumiy vazifa ekanini taʼkidlar ekan, Shavkat Mirziyoyev sheriklarni BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Trast fondi hamda Orolboʻyi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi faoliyatida ishtirok etishga chaqirdi.

Turizm sohasida almashinuvlarni rivojlantirish, buning uchun “Ipak yoʻli” brendi ostida qoʻshma dastur va mahsulotlarni ilgari surish boʻyicha dolzarb takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari Afgʻoniston masalasiga ham eʼtibor qaratib, ushbu mamlakatda tinchlik oʻrnatilishi Markaziy va Janubiy Osiyoda yangi taraqqiyot manbalari yaratishini taʼkidladi. Shavkat Mirziyoyev bu boradagi dolzarb masalalar joriy yilning kuzida Toshkentda boʻlib oʻtadigan Afgʻoniston boʻyicha Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasida (RECCA) muhokama etilishini maʼlum qildi.

Tarixiy va madaniy merosimiz, oldimizda turgan maqsad va vazifalarning oʻxshashligi hamda intilishlarimiz mushtarakligi kelajakka katta ishonch bilan qarashga imkon beradi. Xalqlarimiz birgalikdagi saʼy-harakatlarimizning ijobiy natijalarini albatta sezishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbarining fikr va tashabbuslari katta qiziqish bilan kutib olindi.

Forumda quruqlik va dengiz yoʻllarini rivojlantirish, savdo aloqalari va davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini kengaytirishga qaratilgan yirik iqtisodiy koridorlar ochish masalasi muhokama etildi. Buning uchun transport-logistika, energetika va telekommunikatsiya infratuzilmalarini integratsiyalash, makroiqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish, savdo va investitsiya sohasidagi toʻsiqlarni bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Taʼkidlanganidek, “Bir makon, bir yoʻl” loyihasida mamlakatlarning yagona iqtisodiy makonni barpo etish yoʻlidagi birgalikdagi maslahatlashuv, barpo etish va foydalanish formati yoʻlga qoʻyildi. Ochiqlik, “yashil iqtisodiyot" va innovatsiyalardan foydalangan holda uzoq muddatli taraqqiyotning yangi manbalarini izlab topish, yirik infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish mazkur tashabbusning asosini tashkil etadi.

Tashqi bozorlarga chiqishni kengaytirish, intellektual mulkni himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tovarlar va xizmatlar eksportini oshirish, makroiqtisodiy siyosatning muvofiqlashtirilishini yaxshilash global iqtisodiy jarayonlarni tezlashtirishi qayd etildi.

Yevroosiyodan Afrika, Amerika va Okeaniyagacha choʻzilgan “Bir makon, bir yoʻl”ning qurilishi dunyo iqtisodiyoti oʻsishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, xalqaro savdo va sarmoyaviy faoliyat uchun yangi platforma yaratib berdi, global iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish boʻyicha yangi amaliy faoliyatni kengaytirib, turli mamlakatlar aholisi farovonligini oshirishga hissa qoʻshdi. “Bir makon, bir yoʻl” yangi imkoniyatlar va taraqqiyot yoʻlidagi umumiy yoʻldir.

Ommaviy axborot vositalari uchun brifingda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin forumda ishtirok etayotgan davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamkorlikni yanada rivojlantirish, sheriklik oʻrnatish va mavjud aloqalarni mustahkamlash, BMTning 2030 yilgacha moʻljallangan barqaror rivojlanish dasturini amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazganini taʼkidladi.

Biz “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini amaliyotga izchil tatbiq etish borasida koʻplab kelishuvlarga erishdik. Delegatsiyalar rahbarlarining qarashlari davra suhbati yakunida qabul qilingan Qoʻshma bayonotda oʻz aksini topgan. Unda “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida oʻzaro hamkorlikda amalga oshiriladigan qator loyihalar qamrab olingan. Ushbu yirik tashabbus ishtirokchi davlatlar taraqqiyotiga xizmat qilayotgani barcha tomonidan alohida taʼkidlandi. Biz “Bir makon, bir yoʻl” konsepsiyasini boyitdik va uni yanada rivojlantirishga kelishib oldik. Mazkur loyihaga qiziqish bildiradigan davlatlarni qoʻllab-quvvatlaymiz, dedi Si Szinpin.

Davlat rahbarlari koʻp tomonlama oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, avtomobil, dengiz va havo yoʻli orqali aloqalarni rivojlantirishga kelishib olgani qayd etildi. Yuksak sifatli, barqaror, inklyuziv va keng koʻlamli infratuzilmani taraqqiy ettirish, iqtisodiy yoʻlaklar va zonalar faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bunda korxonalarning tutgan oʻrni alohida ahamiyatga ega. Bu loyihalarning yanada barqaror boʻlishini, xorijiy investorlar uchun adolatli muhitni taʼminlaydi.

Forum doirasida tomonlar 283 ta amaliy natijaga, davlatlararo kelishuvlar va hamkorlik loyihalariga erishdi. Forum doirasida ishbilarmonlar qiymati 64 milliard dollardan ziyod boʻlgan bitimlar imzoladi. Bularning barchasi “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasidagi hamkorlik oʻzaro manfaatli va keng koʻlamli tus olganidan dalolat beradi.

Shu bilan “Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro forumi nihoyasiga yetdi.

www.president.uz