BOJXONA QO‘MITASIDA O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASINING 24-YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR BO‘LIB O‘TDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bojxona organlari xodimlari, davlat va jamoatchilik tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Z.Do‘sanov va boshqalar mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat asoslari mustahkamlanganini ta’kidladi. Bunda Asosiy qonunimiz tamoyillari hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Konstitutsiya har bir mamlakatning suvereniteti, milliy davlatchiligi rivoji, fuqarolarning hayoti, jamiyatdagi o‘rni va turmush tarzini belgilab beradigan asosiy qonundir. Shu asosda inson manfaatlarini muhofazalashga qaratilgan milliy qonunchilik tizimi yaratilgani va izchillik bilan amalga oshirilayotgani natijasini bugun yurtimizda yashayotgan har bir insonning munosib hayot kechirishi, aholi farovonligi, jamiyat barqarorligi, obod shaharu qishloqlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Mamlakatimiz erishayotgan barqarorlikni yanada mustahkamlash, uning xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, bu borada milliy bojxona xizmati izchil faoliyat yuritmoqda. Tizimning jahon andozalari darajasidagi moddiy-texnik bazasi mavjudligi, sohada bilimli va salohiyatli kadrlar faoliyat yuritayotgani ishlar samaradorligini oshirmoqda. Avtomatlashtirilgan axborot dasturlari orqali elektron deklaratsiyalashning yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlar uchun keng qulaylik va imkoniyatlar yaratdi.
2016-yilning o‘tgan davrida davlat tomonidan tadbirkorlar uchun bojxona to‘lovlaridan 12 trillion so‘mdan ortiq imtiyoz qo‘llanildi. Bu tadbirkorlarga o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish va mavjud ish o‘rinlarini oshirish imkonini bermoqda.
Iqtisodiy xavfsizligimizni mustahkamlash va bojxona qoidabuzarliklarning oldini olish borasida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan doimiy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Natijada huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishi bo‘yicha 18 mingga yaqin holat aniqlanib, qiymati qariyb 63 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ushlab qolindi. Shuningdek, 585 kilogrammdan ortiq narkotik modda va salkam 6 ming dona psixotrop vositalar noqonuniy muomaladan olindi.
Tadbirda Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, shu asosda sohaga oid ishlab chiqilgan qonunlar ijrosini ta’minlash, bojxona xodimlarining kasb mahoratini oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
"Jahon" AA