Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Deputatlar davlat dasturining olti oylik ijrosini tanqidiy koʻrib chiqdi

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Deputatlar davlat dasturining olti oylik ijrosini tanqidiy koʻrib chiqdi

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha Bosh vazir va hukumat aʼzolari amalga oshirilgan ishlar haqida Oliy Majlis palatalari oldida har chorakda hisobot berib borishi taklif qilingan edi.

Shunga muvofiq, Bosh vazir hukumat aʼzolari bilan birgalikda har chorakda tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturining amalga oshirilishi yuzasidan parlamentga hisobot taqdim etishi amaliyoti joriy etildi.

Joriy yil 30-iyul kuni Qonunchilik palatasining bir nechta qoʻmitalarida Vazirlar Mahkamasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019-yil birinchi yarim yillikda bajarilgan ishlar toʻgʻrisida”gi hisoboti tinglandi. Dasturning har bir bandi tanqidiy koʻrib chiqildi.

Jumladan, Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitalari yigʻilishida qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga, sanoat tarmoqlari 6,9 foiz, xizmatlar 12,7 foiz, chakana savdo aylanmasi 6,4 foiz hamda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi 2,1 foizga ortishi iqtisodiy oʻsishning asosiy omili boʻlgan.

Deputatlar Davlat dasturi doirasida I yarim yillikda 139 topshiriq belgilangan boʻlib, 106 ta band ijrosi toʻliq taʼminlanganini eʼtirof etdi. Shu bilan birga, turli sabablarga koʻra, hisobot davrida belgilangan loyihalardan 33 tasi bajarilmay qolgani parlament vakillarining eʼtiroziga sabab boʻldi.

Yigʻilishda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasida yurtimizdagi ichki avtomobil yoʻllarining mavjud holati koʻrib chiqilib, ularni taʼmirlash va saqlash ishlarining talab darajasida emasligi taʼkidlandi va ichki yoʻllarni taʼmirlashga qaratilgan qisqa muddatli dastur ishlab chiqish zarurligi masalasi koʻtarildi. Bu borada ilgari ham qoʻmitaning pozitsiyasi bildirilgani, ammo zarur choralar koʻrilmagani tanqid qilindi.

Tadbirda har yili mamlakatimiz hududidagi 130 ming kilometr uzunlikdagi ichki yoʻllarning 8 ming kilometrga yaqin qismi taʼmirlanayotgan boʻlsa, bu ishni toʻliq oxiriga yetkazish uchun yana qancha yil talab etilishi toʻgʻrisidagi savol oʻrtaga tashlandi. Bu borada hukumat tomonidan “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq yaqin 5-7 yilga moʻljallangan manzilli dastur ishlab chiqish masalasi koʻtarildi.

Qizgʻin muhokamalar davomida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi aʼzolari uchinchi chorakda inflyatsiya darajasini belgilangan prognoz parametrlari doirasida saqlash, ichki bozorni asosiy turdagi isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish, narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha bir qator takliflarni bildirdi.

Davlat dasturining 120-bandiga muvofiq Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqish va joriy yilning 1-martiga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish belgilangani, biroq bu masala hamon oqsayotgani tanqid qilindi.

Bunga javoban Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshligʻi Zafar Xoʻjayev qonun loyihasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilganini maʼlum qildi.

* * *

Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitalarining kengaytirilgan yigʻilishida Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi chorakdagi ijrosi muhokama qilinar ekan, amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalarga eʼtibor qaratildi. Davlat dasturi doirasida ishsizlikni kamaytirish, daromadlarni oshirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan qator tizimli ishlar amalga oshirilgani eʼtirof etildi.

Qayd etilganidek, ilk marta yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi mexanizmi yoʻlga qoʻyilishi natijasida joriy yilning 6 oyi mobaynida mamlakat boʻyicha 137,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgan. Bu Davlat dasturidagi prognoz koʻrsatkichlar 118,2 foizga bajarilganini koʻrsatmoqda. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida yirik loyihalarni amalga oshirish natijasida 10,3 ming ish oʻrni yaratilgani aytib oʻtildi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, mehnat organlari ish faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqilishi tufayli ishga joylashtirilgan aholi soni 1,4 baravar, ishsizlik nafaqasi tayinlangan ishsizlar soni 5,3 baravar oshgan.

Davlat dasturi doirasida olib borilgan amaliy ishlar natijasida birlamchi kasallanish hamda yuqumli xastaliklar bilan kasallanishlar 2018-yilning shu davriga nisbatan 3,7 foiz kamaygan. Onalar oʻlimi oʻtgan yilga nisbatan 4,7 barobar, goʻdaklar oʻlimi esa 1,3-marta kamaygan.

Deputatlar tomonidan sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining ish haqi bir necha marta oshirilgani, biroq shu sohaning kadrlar boʻlimi, farroshlari, texnik va boshqa xodimlarining oylik maoshi hamon kamligi aytildi. Javob tariqasida sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bu borada amaliy ishlar olib borilayotgani va ish haqini oshirish masalasini ijobiy hal etish rejalashtirilayotganini taʼkidladi.

* * *

Mudofaa va xavfsizlik masalalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitalarining yigʻilishida Davlat dasturining tegishli bandlari ijrosi Adliya vazirligi tomonidan oʻz vaqtida ijro etilgani qayd etildi. Ammo oʻrganishlar davomida ayrim bandlarning ijrosi hanuzgacha bajarilmasdan qolayotgani taʼkidlandi. Masalan, Davlat dasturining 6-bandiga koʻra, joriy yilning 1-martiga qadar “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisda”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish belgilangan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar loyiha Qonunchilik palatasiga kiritilmagan.

Shuningdek, Davlat dasturining 258-bandi ijrosi yuzasidan Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalariga murojaat qiluvchi respublika fuqarolariga qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda konsullik xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirish, elektron shaklga oʻtkazish, jumladan, onlayn toʻlovlar imkoniyatini yaratish maqsadida “Interaktiv konsullik xizmatlari” axborot tizimi joriy qilingani deputatlar tomonidan ijobiy baholandi.

Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhomjon Neʼmatov Davlat dasturining tegishli bandlariga koʻra, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash hamda “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari tayyorlanganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, investorlar talabiga javob beradigan mukammal ishlangan loyihalar kamligini, ularga yer ajratish boʻyicha muammolar mavjudligini, bu borada muayyan tizim yoʻqligini alohida taʼkidladi.

* * *

Ekoharakat deputatlar guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitalarining yigʻilishida deputatlar Davlat dasturi boʻyicha qilingan ishlarni eʼtirof etgan holda, bu borada alohida eʼtibor qaratilishi zarur ishlarni koʻrsatib oʻtdi.

Xususan, baholashning asosiy mezonlarida 2019-yil davomida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga 10 bandda 32 vazifa belgilangan boʻlib, shundan 9 banddagi 16 topshiriqning bajarish muddati 2019-yilning I yarim yilligi etib belgilangan. Hisobot davrida bajarilishi lozim boʻlgan 16 topshiriqning 4 tasi toʻliq bajarilmagani taʼkidlandi. Jumladan, maishiy chiqindilarni yigʻish va tashish boʻyicha 2019-yilning II choragida 245 dona maxsus texnika xarid qilish belgilangan boʻlib, qoʻmita tomonidan 307 maxsus texnikani xarid qilish boʻyicha yetkazib beruvchilar bilan 127,1 milliard soʻmlik shartnomalar tuzilgan. Lekin 1-iyulga qadar atigi 69 ta maxsus texnika yetib kelgan, xolos.

Bundan tashqari, Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzolari makroiqtisodiy barqarorlik koʻrsatkichining moʻtadil surʼati taʼminlangani, xususan, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligidagi oʻsish iqtisodiy yuksalishning asosiy omillaridan biri boʻlganini taʼkidladi.

* * *

Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari hamda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitalarida Davlat dasturining ikkinchi chorakdagi ijrosini koʻrib chiqish chogʻida, tahlillarga koʻra, 2019-yilning birinchi yarim yilligida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan 5,8 foizga oʻsgani qayd etildi.

Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarovning maʼlum qilishicha, 2019-yilda tizimga Davlat byudjetidan 16,4 trillion soʻm mablagʻ ajratilib, ish haqi, mehnatni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, taʼlim muassasalarini qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan. Jumladan, 10-11 sinflar uchun 18,7 million nusxada kitob chop etilgan, 33 yangi maktab qurilib, 623 tasi rekonstruksiya qilingan.

Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga eʼtibor qaratildi. Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev 2020-yil Tokioda oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrilayotganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, Olimpiya oʻyinlariga Oʻzbekistondan 21 sport turi boʻyicha 100 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi vazifasi qoʻyilgan. Vazirlik olimpiadaga mamlakatimizdan 24 yoki 25 sport turi boʻyicha sportchilar qatnashishini rejalashtiryapti.

Yigʻilishda hisobot davrida taʼlim, jumladan, oliy taʼlim, maorif va maktabgacha taʼlim, turizm, axborot-telekommunikatsiya sohalarida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.

Yigʻilishlarda Davlat dasturida belgilangan vazifalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli ijro etilishini taʼminlash maqsadida qoʻmitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.

OʻzA