Do‘stlik va hamjihatlik festivali
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Andijonda Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi oldidan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida festival bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilayotgani, bu yo‘nalishdagi ezgu sa’y-harakatlarimiz xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, barchamiz uchun yagona bo‘lgan O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilmoqda. Har bir millat o‘z tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini asrab-avaylashi, yanada rivojlantirishi, milliy madaniyat markazlarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Andijon viloyatida yuzdan ortiq millat vakillari istiqomat qilmoqda. Viloyatda uyg‘ur, qirg‘iz, rus, koreys hamda arman milliy madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. Bir necha yildirki, turli millat vakillari yashaydigan Jalaquduq, Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa tumanlari hamda Andijon shahrida do‘stlik festivallari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida o‘tkazilgan festivalda ta’lim muassasalari o‘quvchilari, ijodkor yoshlarning millatlararo do‘stlik, turli millatlar vakillarining Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi aks etgan tasviriy san’at asarlari, shuningdek, milliy taomlar, liboslar, hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.
– Bunday tadbirlar Vatanimiz O‘bekistonda millatlararo do‘stlik hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Koreys milliy madaniyat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Vyacheslav Kim. – O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlarning maqsadi bitta, u ham bo‘lsa, Vatanimiz tinchligi va ravnaqini ta’minlashdir. Ular shu muqaddas zaminni o‘z Vatani deb biladi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Shu aziz Vatan – barchamizniki” degan olijanob g‘oya tili, dini va millatidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizning orzu-intilishlarini ifodalaydi. Chunki barchamizning baxt-saodatimiz mana shu Vatan tinchligi, ozodligi va obodligi, iqtisodiy ravnaqi bilan bog‘liq.
Festivalda milliy madaniyat markazlari qoshida tashkil etilgan xalq ansambllari va havaskorlik jamoalarining chiqishlari, ular tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi.
– Ona diyorimizdagi millatlararo totuvlikka har qancha havas qilsa arziydi, – deydi Rus milliy madaniyat markazi Andijon viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari Yelena Babenko. – Chunki, O‘zbekistonda turli millatlarning tili, madaniyati, urf-odat va an’analariga hurmat, do‘stona munosabatlar qaror topgan. Millatidan qat’i nazar, shu muqaddas zaminning har bir fuqarosi Vatan tinchligi va obodligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgani barchaning havasini keltiradi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.