E’zoz va e’tibordan mamnun ko‘ngillar
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 19-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylariga esdalik yubiley medali, pul mukofoti va sovg‘alar topshirilmoqda.
Mukofotlanganlar orasida Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani Samarqand mahallasida yashovchi 92 yoshli Omon ota Shoyzaqov ham bor. Otaxonni tumanda ko‘pchilik yaxshi taniydi. U uzoq yillik samarali mehnati bilan mamlakatimiz farovonligi, yurtimiz obodligiga munosib hissa qo‘shgan, ezgu ishlari, ibratli hayoti bilan yoshlarga namuna bo‘lgan nuroniylardan.
Omon Shoyzaqov 1941-yili o‘n sakkiz yoshida harbiy xizmatga chaqirilib, Moskva ostonasidan Berlingacha bo‘lgan masofani qirg‘inbarot janglar ostida bosib o‘tgan, urushning barcha azobu qiyinchiliklarini boshidan o‘tkazgan.
– Tinchlik – eng ulug‘ ne’mat, – deydi otaxon. – Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba millionlab insonlarning qoni va joni, jasorati evaziga qo‘lga kiritildi. Bu g‘alabaga O‘zbekiston ham munosib hissa qo‘shdi. Vatanimiz nafaqat asl o‘g‘lonlarini janggohlarga yubordi, balki armiyani qurol-yarog‘, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta’minlab turdi. Yurtboshimiz tomonidan urush va mehnat fronti faxriylarining rag‘batlantirilayotgani zamirida katta ma’no mujassam. Shunday kunlarga yetganimizga, Vatanimizda tinchlik va osoyishtalikning barqaror ekaniga ming bora shukr.
Otaxon urushdan so‘ng mamlakat qishloq xo‘jaligini tiklashda fidoyilik ko‘rsatdi.
– Hayotimdagi mukofotlarning eng ulug‘i mustaqillik davrida olgan “Shuhrat” medali hamda “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medalidir, – deydi Omon ota. – Xotira va qadrlash kuni arafasida Prezidentimizning mukofoti va sovg‘asini olib ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Mustaqil Vatanda, tinch va osoyishta zamonda unib-o‘sayotgan farzandlar davrasida davlatimizning g‘amxo‘rligini, xalqimizning mehrini his etib yashashning o‘zi katta baxt.
"Nuroniy" jamg‘armasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi Norqul No‘sharovning aytishicha, 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga qadar viloyat bo‘yicha 170 nafar urush va mehnat fronti faxriysi “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medali va pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Faxriylarga mukofot va sovg‘alar hokimliklar, mahalla fuqarolar yig‘inlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda topshirilayotir.