Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish hajmlarini koʻpaytirish, yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, haqiqiy ahvol tahlili meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va xorijiy davlatlarga eksport qilishda issiqxona xoʻjaliklarining salohiyatidan toʻlaqonli foydalanishga toʻsqinlik qilayotgan muammolar saqlanib qolayotganidan dalolat bermoqda.

Xususan, issiqxona komplekslari ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy quvvatlarning mavjud emasligi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni uskunalarni xorijdan keltirishga majbur qilmoqda, bu esa ularga servis xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq muammolarga hamda katta miqdorda kuch va mablagʻ sarflashga sabab boʻlmoqda.

Zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari samaradorligining pastligi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, mazkur sohaga investitsiyalar jalb qilish boʻyicha biznes-loyihalarni keng miqyosda amalga oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Issiqxonalarda yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlik materiallarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilmaganligi ularni xorijdan import qilishga olib kelmoqda.

Resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarga asoslangan issiqxona xoʻjaliklarini jadal rivojlantirish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, sohani malakali mutaxassislar bilan taʼminlash hamda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmlarini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida issiqxona xoʻjaligini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va eksport qilishning butun zanjirini oʻz ichiga oluvchi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster shaklini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida joriy qilish;

energiyaning muqobil manbalari, energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy issiqxona komplekslarini yaratish;

issiqxona komplekslarini ular joylashgan hududning oʻziga xos xususiyatlari, tuproq-iqlim sharoitlari, yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi ekinlari turlari, tutash infratuzilma va logistika obyektlari, hududlarning energiya resurslari bilan taʼminlanish darajasi va issiqxona xoʻjaligi samaradorligiga taʼsir etuvchi boshqa omillarni hisobga olgan holda joylashtirish;

bozor konʼyunkturasi tahlili asosida va qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishning zamonaviy usullarini qoʻllagan holda ishlab chiqarilayotgan ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlari turlarini kengaytirish;

import qiluvchi davlatlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatish va eksport qilinayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilash yoʻli bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti geografiyasini kengaytirish va hajmini koʻpaytirish;

mazkur qaror talablari asosida issiqxona xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mehnat bozorida ushbu yoʻnalishdagi malakali mutaxassislarga boʻlgan talabni toʻliq qondirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan birgalikda Zamonaviy issiqxona komplekslari tashkil etish boʻyicha istiqbolli loyihalar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq shakllantirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir hafta muddatda yoqilgʻi yoqish yoʻli bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona, muassasa va tashkilotlar (mazkur qarorga 2-ilovada keltirilgan korxonalarni qoʻshgan holda) reyestrining shakllantirilishini;

bir oy muddatda yoqilgʻi yoqish yoʻli bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar (birinchi navbatda, davlat ulushi 51 foiz va undan yuqori boʻlgan), muassasalar va tashkilotlarga tutash hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslari joylashtirilishini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida taʼminlasin.

3. Tutash hududlarida, birinchi navbatda, zamonaviy issiqxona komplekslarini joylashtirish rejalashtirilayotgan iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarining roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R.Xolmurodovga koʻrsatilgan roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

4. Hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda – ishchi guruhlar) tashkil etilsin va ularning namunaviy tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar ishchi guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida zamonaviy issiqxona komplekslarini joylashtirish uchun yoqilgʻi yoqish yoʻli bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga tutash hududlarda joylashgan boʻsh yer maydonlarini aniqlash;

zamonaviy issiqxona komplekslarini tez surʼatlarda tashkil etishda, ularning toʻlaqonli faoliyatini yoʻlga qoʻyishda tadbirkorlik subyektlariga huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy-texnik koʻmaklashish.

Ishchi guruhlar rahbarlari:

20 kun muddatda xatlov natijalari asosida kelgusida zamonaviy issiqxona komplekslarini joylashtirish maqsadida yoqilgʻi yoqish yoʻli bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga tutash hududlarda joylashgan aniq yer uchastkalarining roʻyxatini shakllantirsin;

aniqlangan yer uchastkalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda zamonaviy issiqxona komplekslari tashkil etish boʻyicha majburiyatlarni koʻrsatgan holda elektron savdolarga qoʻyilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining 2019-yilda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan, mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi, boshqa xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlarining kredit liniyalari hisobiga 200 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan hajmda mablagʻlar jalb qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (J.A.Qoʻchqorov, S.R.Xolmurodov) ikki hafta muddatda, shu jumladan, mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadigan tijorat banklarini aniqlasin hamda loyihalarning rentabelligi va iqtisodiy samaradorligi tahlili asosida ularni amalga oshirishning tarmoq jadvallarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. 2019-2020 yillarda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish boʻyicha loyihalar soni va ularni amalga oshirish uchun talab etiladigan valyuta hajmidan qatʼi nazar, tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar boʻyicha foizlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berishning quyidagi tartibi qoʻllanilishi belgilab qoʻyilsin:

aylanma mablagʻlarni toʻldirishga (urugʻlik, koʻchat, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalari, koʻmir, koʻmir briketi, suyuq va yoqilgʻining boshqa turlari va hokazolarni xarid qilishga) ajratilayotgan kreditlar boʻyicha tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, biroq 5 foizli punktdan ortmagandarajada;

energiyaning muqobil manbalaridan (koʻmir, koʻmir briketi, suyuq va yoqilgʻining boshqa turlaridan), energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish uchun ajratilayotgan kreditlar boʻyicha tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq 10 foizli punktdan ortmagan darajada.

Moliya vazirligi zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar boʻyicha foizlarni qoplash uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 2019-2020 yillar davomida oʻrnatilgan tartibda ajratsin.

7. Yuridik shaxslar 2021-yil 1-yanvarga qadar:

zamonaviy issiqxona komplekslari, ularning butlovchi qismlari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarishda foyda soligʻi, yagona ijtimoiy toʻlov va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilsin, boʻshab qolgan mablagʻlar ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlash, modernizatsiya qilish va rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltirilsin;

zamonaviy issiqxona komplekslari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarish uchun talab etiladigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun bojxona toʻlovlaridan ozod etilsin (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari).

8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini yetishtirish boʻyicha Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida urugʻchilik klasterlarini (keyingi oʻrinlarda – urugʻchilik klasterlari) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda yaratilayotgan urugʻchilik klasterlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha hukumat qarorlarini qabul qilsin, bunda ularning mazkur qaror bilan belgilanayotgan asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlarini hisobga olgan holda quyidagilar aniqlanishini nazarda tutsin:

urugʻchilik klasterlari joylashtiriladigan aniq yer maydonlari;

urugʻchilik klasterlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari;

mablagʻlar hajmini koʻrsatgan holda urugʻchilik klasterlarini tashkil etish uchun mablagʻ kiritishga tayyor boʻlgan salohiyatli investorlar;

urugʻchilik klasterlarini tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari;

urugʻchilik klasterlari faoliyati samaradorligi monitoringini yuritish mexanizmlari.

9. Quyidagilar urugʻchilik klasterlarining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:

davlat va xalqaro standartlar talablariga muvofiq, shu jumladan, himoyalangan maydonlarda, gidroponika va aeroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda texnik, don, dukkakli don, sabzavot, poliz va boshqa ekinlar urugʻlarini yetishtirish, tayyorlash va sotish;

mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining mavjud kolleksiyasi asosidahosildorligi va sifati yuqori, zararkunanda va kasalliklarga chidamli, qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining navlari va duragaylarini yetishtirish tizimini yaratish;

qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi navlari va duragaylarini yaratish boʻyicha ilmiy va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borishga koʻmaklashish;

urugʻchilik sohasida kadrlar malakasini oshirishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga va taʼlim muassasalariga shartnomalar asosida amaliy yordam koʻrsatish.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-sentyabrga qadar:

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining sifatni nazorat qilish laboratoriyasi negizida Urugʻ sifatini nazorat qilish boʻyicha halqaro uyushmadan (ISTA) akkreditatsiyadan oʻtkaziladigan, Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan laboratoriya amaliyotining xalqaro standartlari (GLP) boʻyicha zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarining nav, genetika va ekish sifat koʻrsatkichlarini baholash boʻyicha laboratoriya tashkil etilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi Urugʻ sifatini nazorat qilish boʻyicha xalqaro uyushmaga (ISTA)aʼzo sifatida kiritilishini taʼminlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsin.

b) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda:

birlamchi materiallar va donorlar toʻplanishini, tanlanishini oʻrganish, shuningdek, mavjud genetik resurslar va zamonaviy seleksiya usullarini qoʻllash asosida issiqxona xoʻjaliklari uchun jahon bozori talablariga mos keladigan, mazali sabzavot ekinlarining hosildorligi yuqori yangi navlari va duragaylarini yaratsin;

2019-yildan boshlab yetishtirishning gidroponika usuli qoʻllaniladigan issiqxona komplekslari uchun sabzavot ekinlarining hosildorligi va sifati yuqori boʻlgan, transportda tashishga moʻljallangan, jahon bozori talablariga mos keladigan navlari va duragaylarini yaratish boʻyicha 5 yillik davr uchun ilmiy loyihalarning respublika grant tanlovlarini tashkil etsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Samarqand viloyati Samarqand tumanida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi axborot-maslahat markazini (ekstenshn markazini) (keyingi oʻrinlarda – markaz) tashkil etish boʻyicha dastlabki loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Samarqand viloyati hokimligi bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda markaz tashkil etilishi, joylashtirilishi va faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin.

12. Quyidagilar:

a) markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib:

qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilarga axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish;

qishloq xoʻjaligi sohasidagi innovatsion ishlanmalar va ilgʻor tajribani oʻzlashtirish hamda joriy etishda qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilarga koʻmaklashish;

kontingentga qishloq xoʻjaligi sohasidagi innovatsion ishlanmalar va ilgʻor tajribani oʻrgatish maqsadida seminar, trening, konferensiya va boshqa tadbirlar (shu jumladan, “dala kunlari”) oʻtkazish;

qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqarishga joriy qilish uchun tayyor ilmiy ishlanmalar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini yaratish;

b) markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib:

faoliyat sohasi boʻyicha shartnoma asosida bajarilgan ish va koʻrsatilgan xizmatlardan tushumlar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda kreditlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2019-yil yakuniga qadar dastlabki loyiha natijalarini tahlil qilsin va natijalari boʻyicha ijobiy tajribani boshqa hududlarda tatbiq etish yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab “Issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish va yuritish”, “Agrokimyo va agrotuproqshunoslik”, “Oʻsimliklarni himoya qilish” ixtisosliklari yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga bakalavrlar tayyorlash yuzasidan qabul kvotalarini kamida 2 barobar oshirish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil yakuniga qadar Oʻsimliklar milliy genofondining issiqxona komplekslari uchun qishloq xoʻjaligi ekinlari navlari bilan boyitilishini taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2019-yilning 1-martiga qadar issiqxona xoʻjaliklarining yagona maʼlumotlar bazasi toʻliq ishlashini va ularda ishlab chiqarilgan meva-sabzavot mahsulotlarining tizimli hisobi yuritilishini oʻz mablagʻlari hisobidan taʼminlasin.

17.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyish uchun mazkur mahsulotlarni import qiluvchi mamlakatlarning, birinchi navbatda, Xitoy, Hindiston, Koreya Respublikasi va Yaponiyaning karantin ruxsatini olishda tizimli asosda koʻmaklashsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga toʻsqinlik qilayotgan masalalarni tezkor hal etish chora-tadbirlarini, shu jumladan, muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirsin.

18. “Oʻzeltexsanoat” AK Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2022-yil oxiriga qadar issiqxona komplekslari uchun sirkulyatsion, tortuvchi ventilyatorlar va boshqa uskunalar, asbob va jihozlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha choralar koʻrsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda issiqxona komplekslari uchun zarur boʻlgan uskunalar, asboblar va mexanizmlar roʻyxatini “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasiga taqdim etilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi issiqxonalar komplekslariga talab etiladigan uskunalar, asboblar va mexanizmlar ishlab chiqarish uchun “Oʻzeltexsanoat” AK tomonidan taqdim etilgan loyiha hujjatlari asosida chet el investorlarini jalb etsin.

19. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari S.R.Xolmurodovga – hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining mablagʻlarini jalb qilish, shuningdek, zamonaviy issiqxona komplekslarida meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va salohiyatli investorlarni izlash boʻyicha vazirliklar, idoralar va ishchi guruhlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abdurahmonovga – urugʻchilikning zamonaviy tizimini shakllantirish, birlamchi urugʻchilik, yangi va istiqbolli navlarni sinash bilan shugʻullanuvchi urugʻchilik klasterlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa korxonalar faoliyatini samarali tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri B.T.Yusupovga – issiqxona xoʻjaligi sohasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda tadbirkorlik subyektlariga axborot-maslahatlar bilan koʻmaklashish, markazning faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, hokimlar bilan birgalikda mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun;

“Oʻzeltexsanoat” AK boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi A.A.Abdullayevga – issiqxona komplekslari uchun uskunalar, asboblar va mexanizmlar ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 20-noyabr

www.uza.uz