MADRIDDA DAVRA SUHBATI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Madridda “O’zbekiston - Ispaniya: sayyohlik sohasidagi o’zaro hamkorlikning salohiyati” mavzuiga bag’ishlangan davra suhbati bo’lib o’tdi. O’zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatning yetakchi sayyohlik operatorlari, soha rivojlanishiga faol jalb etilgan akademik doiralarning vakillari qatnashdilar.
Ma’lumki, Ispaniya dunyoning yetakchi sayyohlik markazlaridan biri hisoblanadi. Butunjahon iqtisodiy forumi tomonidan tuzilgan turizm sohasi raqobatbardoshligi reytingida 2016 yili ushbu mamlakat Fransiya va Germaniyani ortda qoldirib, birinchi o’rinni egallagan edi. O’tgan yili Ispaniya 75,3 million sayyohni qabul qildi. Bu 2015 yil ko’rsatkichlariga nisbatan 9,9 foizga ko’pdir. Taxminlarga qaraganda, 2017 yili u xorijlik sayyohlarni qabul qilish soni bo’yicha navbatdagi rekord ko’rsatkichga erishishi mumkin - 81 million. Mazkur jabhaning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushining hajmi juda salmoqli - o’tgan yili uning yalpi ichki mahsulot tizimidagi hissasi 11 foizdan ziyodni tashkil etdi.
Ispaniyaning ana shunday salohiyati hisobga olingan holda Madridda tashkil etilgan davra suhbatidan ko’zlangan maqsad mamlakatimizda turizm industriyasini yanada rivojlantirish uchun ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo’nalishlarini muhokama etish, O’zbekistonning sayyohlik brendini jahonda yanada keng ilgari surish bilan izohlanadi.
Tadbir chog’ida har ikki mamlakatda o’xshash sharoitlarning, jumladan, madaniy va me’moriy yodgorliklarning ko’p ekanligi alohida qayd etildi.
— O’zbekiston sayyohlik industriyasini rivojlantirish uchun o’zi ega bo’lgan ulkan salohiyatdan hali to’la foydalangani yo’q, - dedi Iberiy-Amerika sayyohlik professionallari ittifoqining raisi X.Gutiyerres o’z chiqishida. - O’zbeklar zamini - eng avvalo, madaniy-tarixiy sayyohlik ishqibozlari uchun juda ajoyib va orzu qilsa arzigulik yo’nalish. Keyingi paytlarda O’zbekistonda bu salohiyatdan unumli foydalanish uchun juda muhim qadamlar tashlanmoqda - Toshkentda bo’lib o’tgan “Dam olish dunyosi - 2017” V xalkaro sayyohlik ko’rgazmasi ishida qatnashgan kezlarim bunga o’zim amin bo’ldim. Zamonaviy turindustriyani rivojlantirish bo’yicha O’zbekistonning ishonchli sherigi bo’lib qolishi uchun Ispaniyada katta tajriba, institutsional, iqtisodiy va ma’rifiy salohiyat bor.
— Ispaniya O’zbekistonning Lotin Amerikasidagi ulkan bozordan o’rin egallashi uchun “kirish eshigi” bo’lib qolishi mumkin, - dedi “Kalam” kompaniyasi prezidenti R.Mayo. - Ma’lumki, bizning mazkur mintaqa bilan yaqin tarixiy-madaniy va iqtisodiy aloqalarimiz mavjud. Biroq Lotin Amerikasi mintaqasida O’zbekiston sayyohlik yo’nalishi hali lozim darajada tanilgani yo’q. Ispaniya sayyohlik operatorlari sayyoramizning ushbu tez rivojlanayotgan qismida O’zbekiston brendini ilgari surishda juda muhim o’rin tutishi mumkin.
O’z navbatida, Madrid Muxtor universiteti huzuridagi Ijtimoiy-huquqiy tadqiqotlar va xavfsizlik instituti direktori X.M.Espinoza Ispaniyaning ta’lim muassasalari O’zbekiston sayyohlik tarmog’i uchun mutaxassislar tayyorlash bo’yicha o’z dasturlarini taklif etishi mumkinligini aytdi.
— Bizning oliy o’quv yurtimiz sayyohlik industriyasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo’yicha ulkan tajribaga ega, - dedi u. - Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar olib boramiz, mehmonxona biznesi, gastronomiya sayyohligi sohalarida faoliyat ko’rsatadigan agentliklar bilan ham faol hamkorlik qilamiz.
“Jahon” AA, Madrid