MAZMUNLI DAM OLISH UCHUN AJOYIB TAKLIFLAR
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
“O‘zekspomarkaz”da “Dam olish dunyosi – 2017” V xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi boshlandi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy turizm mahsulotlarini targ‘ibоt qilish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi ko‘magida tashkil etildi. Tadbirning ochilishida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, mehmonxonalar vakillari, soha mutaxassislari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Sharopov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq sohadagi xizmatlar kengayayotgani, buning natijasida sayyohlar oqimi ko‘payayotganini alohida ta’kidladi.
EXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi va bu yo‘nalishga oid boshqa anjumanlar O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanishi, iqtisodiyotning yuksalishida muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. YeXHTning mazkur sohaga oid qator vazifalari mavjudligini, tashkilot O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda turizm jahon iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biridir. O‘zbekistonda ham turizm sanoatini modernizatsiya qilish, sohani yanada rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, milliy turizm mahsulotlarini ko‘paytirish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, turizm tarmog‘ini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Buning samarasida mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar tobora ko‘paymoqda. Masalan, har yili O‘zbekistonga dunyoning turli mintaqalaridan 2 milliondan ortiq sayyoh kelmoqda. Ularning aksariyati Germaniya, Fransiya, Italiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Xitoy, Malayziya, Rossiya, Hindiston fuqarolaridir.
O‘zbekiston tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakatdan biridir. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimiz butun dunyoda qadrlanadi. Mamlakatimizda sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, tarixiy va madaniy turizm, tibbiy, etnik, sport yo‘nalishlari, alpinizm kabi ko‘plab turlari izchil rivojlanmoqda. Barcha hududlarda yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda, transport kommunikatsiyalari va xizmat ko‘rsatish izchil yaxshilanmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 530 dan ortiq turoperator va agentlik, 430 mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Poytaxtimiz va viloyatlarda “Radisson”, “Lotte”, “Wyndham”, “Hyatt”, “Ramada” kabi dunyoga mashhur otellar bilan birga kichik guruhlarda va oilaviy sayohat qiluvchilar uchun xususiy mehmonxonalar xizmat ko‘rsatmoqda. Dam olish turizmi sayyohlik biznesining talab yuqori bo‘lgan sohalaridan biridir. Ushbu xalqaro ko‘rgazma O‘zbekistonda bahor-yoz sayyohlik mavsumini ochib beradigan o‘ziga xos loyiha bo‘lib, xorijliklarni mamlakatimizdagi dam olish maskanlariga keng jalb qilish, ichki turizmni rivojlantirish, yurtdoshlarimizning chet ellarga sayohatini uyushtirishda muhim ahamiyatga ega. Ko‘rgazma mahalliy va xorijiy turoperatorlarga yangi mavsum oldidan o‘z xizmat va imkoniyatlarini namoyish etishi, korporativ mijozlar bilan shartnomalar tuzish, ta’til mavsumiga oid rejalar ishlab chiqish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.
“Dam olish dunyosi”da ichki va xalqaro turizm, ilmiy va sog‘lomlashtirish turizmi, sayyohlik ma’muriyatlari va milliy ofislar, turizm agentliklari va turoperatorlar, mehmonxonalar, sanatoriy-kurort majmualari, dam olish maskanlari, aviatashuv, transport va sug‘urta kompaniyalari, onlayn bron qilish tizimlari kabi bo‘limlar ishlab turibdi.
Mamlakatimizda ichki turizm ham tobora rivojlanmoqda. Har yili ko‘plab vatandoshlarimiz yurtimiz bo‘ylab sayohat qilmoqda. Viloyatlarning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Turizm mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqib, ularni ichki va xalqaro turizm bozorlarida targ‘ib qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, sohada reklama-axborot faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish, gidlar va boshqa xodimlarning bilim va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston milliy pavilyonida mamlakatimizning barcha hududidan sayyohlik firma va kompaniyalari ishtirok etmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning sayyohlik salohiyati keng namoyish etilmoqda. Maxsus ekspozitsiyalarda dasturxonga tortilgan o‘zbek milliy taomlari va turli meva-sabzavotlari, o‘zbek milliy liboslari namoyishi, milliy musiqiy merosimiz, hududlarning folklor san’atiga oid taqdimotlar tadbir qatnashchilari, ayniqsa, xorijlik mehmonlarga manzur bo‘layotir.
“Dam olish dunyosi”da Andijon viloyatining ekspozitsiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda mazkur hududning o‘ziga xos turistik imkoniyatlari, sayyohlik marshrutlari va xizmatlari taklif etilmoqda. Momolarimizdan meros sifatida bizgacha yetib kelgan amaliy san’atning eng qadimiy va keng tarqalgan turi – kashtachilik, xususan, so‘zana tikish san’ati bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
– Viloyatimizda turizmni, ayniqsa, sayyohlik xizmatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Andijon viloyati bo‘yicha vakolatli vakili Adham Ismanov. – Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi turizm sohasini jadal rivojlantirishga oid farmoni viloyatda turizm va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik obyektlarini ta’mirlash, obodonlashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Andijon shahrida 21 mehmonxona sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Bir necha ming yillik tarixdan so‘zlaguvchi Sarvontepa, Mingtepa yodgorliklari xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayni paytda Mingtepa yodgorligida Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy fanlar akademiyasi mutaxassislari hamkorligida arxeologik qazishma ishlari olib borilmoqda. Viloyatimizning qadim va boy tarixini o‘zida mujassam etgan go‘shalarini, madaniy yodgorliklar, maftunkor tabiat qo‘ynida joylashgan so‘lim dam olish maskanlarini targ‘ib etishda bunday forumlarning o‘rni beqiyos.
Xalqaro sayyohlik forumida mamlakatimizga sayyohlarni yanada keng jalb qilish borasida chet ellik mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashilmoqda, hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinmoqda. Xorijiy sayyohlik kompaniyalari, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikka oid qator bitimlar imzolanayotir. Xususan, ko‘rgazmaning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi o‘rtasida sayyohlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishga oid hujjat imzolandi.
– O‘zbekiston Qozog‘istonning muhim strategik hamkorlaridan, – deydi Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi strategik sheriklikka asoslangan hamkorligimizning yangi bosqichini boshlab berdi. Ikki davlat o‘rtasida sayyohlik sohasidagi hamkorlik rivoji o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada faollashtirishda ulkan ahamiyatga ega. Muassasalarimiz o‘rtasida imzolangan hujjat turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Hosted Buyers” (“Professional xaridorlar”) dasturi uchrashuvlarida ellikdan ziyod xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlari mamlakatimizdagi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, tajriba almashish, hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish, sayyohlar almashinuvini faollashtirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Ushbu dastur turizm sohasida ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma doirasida “Tashkent Food Festival” milliy taomlar festivali ham ochildi. Unda poytaxtimizning ellikka yaqin restoran va kafelari, Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Xorazm viloyatlarining sohaga oid sayyohlik firma va kompaniyalari taqdimotlari o‘tkazilmoqda. Festivalda ishtirokchilar milliy taomlarimiz, saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlardan bahramand bo‘layotir. Mamlakatimizning qahva tayyorlashga bag‘ishlangan stendlarida bu ichimlikni tayyorlash usullari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi. Ishtirokchilar choy va qahvaning oliy navlari, ularni tayyorlash va uzatish madaniyati, texnika va uskunalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Beshinchi marotaba o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada Belgiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Rossiya, Singapur, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston kabi mamlakatlardan 200 ga yaqin firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
“Dam olish dunyosi”da Tailandning “Ilves Tour” kompaniyasi mamlakat bo‘ylab ekskursiya marshrutlari hamda to‘y marosimlarini tashkil etish, Malayziyaning “Embassy Alliance” kompaniyasi qumloq plyajlarda dam olish, Chexiyaning “Bohema Lazne”, Rossiyaning “Rus Yessentuki”, Ozarbayjonning “Chinar Hotel & Spa Naftalan” sanatoriy-kurort majmualari bolalar va kattalar uchun dam olish, davolanish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Ko‘rgazmada ilk marta ishtirok etayotgan Xitoy kompaniyalari sayyohlik ekspozitsiyasi ham ishtirokchilarning e’tiborini tortmoqda.
– Agentligimiz diplomatik qabullar va turistik guruhlar sayohatini tashkillashtirish, yirik xalqaro konferensiyalarda xizmat ko‘rsatish, sayyohlarni qabul qilish va kuzatish kabi tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanadi, – deydi Xitoy Xalq Respublikasi Sayyohlik agentligi menejeri Liu Rong xonim. – Ko‘hna tarix, betakror madaniyat va go‘zal an’analarga ega O‘zbekiston jahon sayyohlik bozorida katta nufuzga ega. Mazkur ko‘rgazmada mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar almashinuvini yanada faollashtirish, O‘zbekistonning qator sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatish niyatidamiz.
“Dam olish dunyosi” xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi jahon jamoatchiligini mamlakatimizning ulkan turizm salohiyati bilan kengroq tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, ularning O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga ko‘maklashishga, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladi.
O’zA