MDH Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilari bilan uchrashuv
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovini kuzatish va monitoring qilish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan MDH Parlamentlararo assambleyasi xalqaro kuzatuvchilari 2019 yilning 2 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi rahbarlari bilan uchrashdi.
Uzoq muddatli kuzatuvchilar missiyasiga MDH Parlamentlararo Assambleyasi ishtirokchi-davlatlarining demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori vazifasini bajaruvchisi Ye.Goloulina boshchilik qilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov MDH Parlamentlararo assambleyasi xalqaro kuzatuvchilar missiyasi vakillariga joriy yil bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari “Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilayotganligi, xususan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish, saylov jarayoniga zamonaviy AKTni joriy etish, saylov qonunchiligini targ‘ib qilish oyligini tashkil qilish va o‘tkazish, siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini, xotin-qizlarning saylovlardagi rolini yanada kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, respublikada saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. SYaER asosida Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) joriy etildi. U o‘z ichiga bir qator funksiyalarni qamrab olgan. Jumladan, bu tizim fuqarolarni saylov uchastkalari bo‘yicha taqsimlash, saylovchi o‘zi ovoz beradigan saylov uchastkasi haqida ma’lumot olish, shuningdek, tizimdagi qulayliklar okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi.
Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatida saylovlarda ishtirok etishi kutilayotgan 20 million 600 mingga yaqin saylovchining ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning 2 milliondan ortig‘ini birinchi marta saylovda qatnashadigan yoshlar tashkil etadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlab o‘tish joiz, 1992 yilning 27 mart kuni Qozog‘istonning Olma-ota shahrida ishtirokchi davlatlar parlament rahbarlari - ta’sischilar tomonidan imzolangan kelishuvga muvofiq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi - davlatlar parlamentlararo assambleyasiga asos solingan.
1995 yilning 26 may kuni esa MDH davlat rahbarlari MDH ishtirokchi - davlatlar Parlamentlararo assambleyasi haqidagi Konvensiyani imzolaganlar. Bu o‘z navbatida Hamdo‘stlikning a’zo davlatlari parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. Mazkur hujjatga ko‘ra, Parlamentlararo assambleya xalqaro tashkilot maqomiga ega bo‘ldi.
MDH Parlamentlararo assambleyasining asosiy vazifalaridan yana biri – saylov jarayonlarini kuzatishdan iborat.
Kuzatuvchilar va ekspertlar saylov qonunchiligini tahlil qilib, xulosalar chiqaradilar, yutuq va kamchiliklar borasida o‘z tavsiyalarini beradilar. Saylov jarayonlarini kuzatish Parlamentlararo assambleyaning muhim bo‘linmalaridan biri – Ishtirokchi-davlatlarning demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etishini monitoring qilish xalqaro instituti tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Uchrashuvda bu yilgi saylovlarning ochiq va shaffof, xalqaro normalarga muvofiq o‘tishiga tilak bildirildi. Tadbir yakunida mehmonlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan tegishli namunadagi mandatlar topshirildi.
O’zA