Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Oʻzbekiston – Hindiston strategik sherikligiyangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarilmoqda

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Oʻzbekiston – Hindiston strategik sherikligiyangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarilmoqda

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi.

Tashrifning ikkinchi kuni “Rashtrapati Bxavan” saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Hindiston davlat madhiyalari yangradi. Davlatimiz rahbari faxriy qorovul safi oldidan oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yerda mamlakatimiz va Hindiston ommaviy axborot vositalari uchun qisqacha bayonot berdi.

Davlatimiz rahbari Hindiston Prezidenti va Bosh vaziriga taklif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni tarixiy rishtalar, oʻxshash anʼanalar, maʼnaviy va madaniy yaqinlik bogʻlab turishini taʼkidladi.

Bugungi kunda Hindiston jadal rivojlanmoqda, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Uning qudratli davlat va iqtisodiyoti rivojlangan mamlakat sifatida jahondagi oʻrni tobora mustahkamlanmoqda. Ushbu mamlakat, ayniqsa, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat, dasturlash, sogʻliqni saqlash, xizmat koʻrsatish sohalarida ilgʻor hisoblanadi.

Biz oliy darajadagi uchrashuvlarimiz natijasida faollashib borayotgan Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlarining bugungi surʼatini yuqori baholaymiz. Ishonchim komilki, ushbu tashrif va samarali muzokaralarimiz mamlakatlarimiz strategik sherikligini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi, dedi Prezidentimiz.

Shundan soʻng Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahridagi “Raj Gxat” yodgorligiga tashrif buyurib, hind xalqining milliy qahramoni Mahatma Gandi xotirasiga yoqilgan mangu olov yoniga gulchambar qoʻydi.

Mohandas Karamchand Gandi Hindiston milliy ozodlik harakatining buyuk rahnamosi, “gandichilik” gʻoyasining asoschisidir. U oʻz vatanining milliy istiqloli uchun kurashgan va Hindistonda mustamlakachilikka chek qoʻygan inson sifatida qadrlanadi. Mahatma Gandi tugʻilgan kun – 2 oktyabr milliy bayram sifatida keng nishonlanadi. Mazkur yodgorlik majmuasi uning mamlakati va xalqi oldidagi xizmatlariga hurmat ifodasi sifatida bunyod etilgan.

Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat va siyosat arbobi xotirasiga hurmat bajo keltirdi, majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Haydarobod saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida taʼkidlanganidek, oʻzbek va hind xalqlarini tarixiy va madaniy mushtaraklik bogʻlab turadi, strategik sheriklikni rivojlantirish va koʻplab yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mustahkam poydevor mavjud.

Oʻzbekiston bilan Hindiston xalqaro maydonda, jumladan, BMT va SHHT doirasida bir-birining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi. Mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyalari oʻxshash yoki yaqin.

Xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, boshqa mintaqaviy va global tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki tomonlama va koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsiya, transport, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdi.

Hindiston ulkan iqtisodiy imkoniyatlarga ega, sanoati rivojlangan mamlakat. Yalpi ichki mahsulot hajmi boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda turadi. Yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, dasturlash, sogʻliqni saqlash, xizmat koʻrsatish sohalari rivojiga katta eʼtibor qaratayotgan mamlakatimiz uchun Hindiston tajribasi va texnologiyalari muhim ahamiyatga ega. Hindiston uchun ham izchil rivojlanayotgan, investorlarni qoʻllab-quvvatlayotgan Oʻzbekiston istiqbolli hamkordir.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik mamlakatlarimiz munosabatlarining asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Hindiston sarmoyasi ishtirokida 145 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 58 tasi toʻliq xorij kapitali evaziga tashkil etilgan. 2018 yilning birinchi choragida Hindiston sarmoyasi ishtirokida 9 ta korxona tashkil etilgani hind ishbilarmonlarining mamlakatimizda faolligi oshayotganidan dalolatdir.

Prezidentimiz tashrifi arafasida oʻtkazilgan ikki mamlakat mutasaddi vazirlik va idoralari hamda ishbilarmon doiralarning qoʻshma biznes-forumida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod boʻlgan sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Muzokarada savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, tibbiyot, farmatsevtika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bu borada hali foydalanilmagan imkoniyatlar koʻpligi, ushbu tashrif oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlariga yangi surʼat baxsh etishi taʼkidlandi. Bunda ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish alohida ahamiyatga ega.

Nyu-Dehlida oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida imzolangan hujjatlarni oʻzaro almashish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston – Hindiston muloqoti yakunida ikki mamlakat hamkorligini turli sohalarda yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan 20 ta hujjat imzolangani qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hindiston Respublikasi Bosh vazirining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.

Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish, turizm, qishloq xoʻjaligi, fan-texnika va innovatsiyalar, koinotni tadqiq etish va undan tinchlik maqsadlarida foydalanish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, sogʻliqni saqlash va tibbiyot ilmi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitimlar imzolandi.

Bundan tashqari, harbiy taʼlim, huquq va adliya, farmatsevtika sohalaridagi munosabatlarni rivojlantirishga doir oʻzaro anglashuv memorandumlari qabul qilindi. Imzolangan hujjatlar orasida Oʻzbekiston – Hindiston ishbilarmonlik kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim, shuningdek, Andijon viloyati bilan Hindistonning Gujarat shtati, Samarqand va Agra shaharlari oʻrtasida hamkorlik va sheriklikni yoʻlga qoʻyish, Andijon shahrida Erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumlari alohida ahamiyatga ega.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan brifingda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Hindiston bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratishi, amaliy ruhda oʻtgan muzokaralar tomonlarning oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlaganini taʼkidladi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olingani qayd etildi.

Anʼanaviy doʻstlik ruhida oʻtgan bugungi muzokaralar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yoʻlida intilishlarimiz qatʼiy ekanini koʻrsatdi. Ochiqlik, oʻzaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida qaror topgan hamkorligimiz mustahkamlanib borayotganini yuksak qadrlaymiz, dedi davlatimiz rahbari.

Biz Oʻzbekiston Prezidenti bilan mamlakatlarimiz hamkorligini har tomonlama muhokama etib, uning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldik. Oʻzaro savdoda preferensiyalar qoʻllash, axborot texnologiyalari, hududlararo hamkorlik va boshqa qator masalalar boʻyicha samarali kelishuvlarga erishdik, dedi Hindiston Bosh vaziri.

Davlatimiz rahbari hind xalqiga yuksak hurmat-ehtirom ramzi sifatida Narendra Modiga buyuk mutafakkir Robindranat Tagorning oʻzbek tilida chop etilgan 8 jildli asarlar toʻplamini sovgʻa qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Nyu-Dehli shahrida oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svarajni qabul qildi.

Muloqotda davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yilda tomonlarning intilishi natijasida oʻtkazilgan uchrashuvlar, qator delegatsiyalar almashuvlari davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani yuqori baholandi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrishda Svaraj xonimning xizmatlari katta ekanini qayd etar ekan, oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona munosabatlarda yangi davrni boshlashga, ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahrida oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda Hindiston Respublikasi vitse-prezidenti, senat raisi Venkaya Nayduni qabul qildi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz aloqalarini rivojlantirishning turli jihatlari, oʻzaro hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalari xususida fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari “Rashtrapati Bxavan” saroyida Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovind bilan uchrashdi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. Ushbu tashrif, unda erishilgan natijalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar tarixidan muhim oʻrin egallashi va oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishi muqarrar.

www.uza.uz