Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019 yil 14 yanvardagi PF–5630-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 242 nafar, shu jumladan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 75 nafar etib belgilansin.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining raisiga:

zarur hollarda, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari tuzilmasini tasdiqlash;

boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini tasdiqlash;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi boshqaruv xodimlari mutaxassislarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish;

malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilib, ularga, istisno tariqasida, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorlarini belgilash;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi xodimlari uchun, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, ular egallagan asosiy lavozimi boʻyicha mansab maoshlariga (tarif stavkalariga) ustamalar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar belgilash;

xalqaro amaliyotdan va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun kontrakt asosida jalb qilinadigan malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorini belgilash huquqi berilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda – Davlat raqobat qoʻmitasi) monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish, tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatini nazorat qilish va tovar-xom ashyo birjalarini litsenziyalash borasidagi barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan alohida masalalar boʻyicha – bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va hisobdor boʻladi;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda u bilan kelishilishi shart;

mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tekshiruvlar tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi hamda Tekshiruvlarni elektron shaklda roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olinishi shart;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining raisi, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat koʻrsatish sharoitlari boʻyicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi xodimlariga nisbatan qayta tashkil etilgan Davlat raqobat qoʻmitasi xodimlari uchun nazarda tutilgan tibbiy xizmat koʻrsatish tartibi saqlanib qoladi;

Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan ilgari berilgan hujjatlar va ular qabul qilgan qarorlar oʻz kuchini saqlab qoladi hamda uning qayta tashkil etilishi munosabati bilan bekor qilinmaydi yoxud oʻzgartirilmaydi.

4. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga:

raqobat muhitini rivojlantirish va tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatini nazorat qilish masalalari yuzasidan amalga oshiriladigan tadbirlarga iqtisodiy, moliya, soliq organlari va boshqa organlar xodimlarini jalb qilish;

monopoliyaga qarshi siyosat va raqobatni muhofaza qilish sohalaridagi qonun buzilishi holatlarini hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni oʻz vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlariga kiritish huquqi berilsin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2019 yil 1 iyuldan boshlab xoʻjalik yurituvchi subyektlarning birlashuvi va qoʻshib olinishi boʻyicha bitimlar, shuningdek, shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyekt ustav kapitali (jamgʻarmasi)dagi aksiyalar (ulushlar)ni sotib olish boʻyicha bitimlarga dastlabki rozilik berish uchun eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida yigʻim undiriladi.

6. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin va uning manbalari quyidagilar etib belgilansin:

raqobat va tabiiy monopoliyalar haqidagi qonunchilikni buzganlik uchun undirilgan asossiz olingan daromadlarning summasi;

raqobat, tabiiy monopoliyalar haqidagi qonunchilikni buzganlik va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi taqdimnomalarini bajarilmaganlik uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan va ularning mansabdor shaxslaridan qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladigan jarima mablagʻlari;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarning birlashuvi va qoʻshib olinishi boʻyicha bitimlar, shuningdek, shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyekt ustav kapitali (jamgʻarmasi)dagi aksiyalar (ulushlar)ni sotib olish boʻyicha bitimlarga dastlabki rozilik berish uchun yigʻimlar;

Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga qoʻyishdan olingan daromadlar;

xalqaro institutlar va tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslarning grantlari mablagʻlari va homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining joriy xarajatlarini moliyalashtirishga;

xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminlash, shuningdek, ular tomonidan turar joy sotib olinishini imtiyozli moliyalashtirishga;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga;

jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar faoliyatiga, xalqaro va xorijiy tashkilotlarga haq toʻlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga sarflanadi.

8. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ikki oy muddatda:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi qaror loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda:

Qonun hujjatlarining raqobatga taʼsirini baholash metodikasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

qonun hujjatlariga raqobat va tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik, axborot bermaslik yoki bila turib notoʻgʻri axborot berish, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi taqdimnomalarini bajarmaslik, shuningdek, uning xodimlari faoliyatiga aralashganlik hamda ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni qonuniy bajarishlariga toʻsqinlik qilish maqsadida har qanday shaklda taʼsir oʻtkazganlik uchun yuridik shaxslarga jarimalar qoʻllash va maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzurida Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish agentligini tashkil etish hamda tegishli davlat organlari va muassasalarining shtat birliklarini hamda isteʼmolchilar huquqini himoya qilish sohasida nazoratni amalga oshirish borasidagi vakolatlarini unga oʻtkazish boʻyicha takliflar kiritsin;

v) 2019-2023 yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasiniishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin, unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:

raqobatni himoya qilish va rivojlantirish tizimini transformatsiya qilish hamda monopoliyaga qarshi tartibga solishning milliy iqtisodiyotda va jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan tarkibiy oʻzgarishlar va jarayonlarning yuksak talablariga javob beradigan mutlaqo yangi ilgʻor modelini yaratish;

tovar va moliya bozorlarini tahlil qilishning moslashuvchan, shu jumladan, xulq-atvor iqtisodiyoti (behavioral economics) tamoyillariga asoslangan vositalari va usullarini joriy etish;

raqobatni himoya qilish boʻyicha oldini oluvchi vositalarni, shu jumladan, monopoliyaga qarshi komplayens mexanizmi – birinchi navbatda tovar va moliya bozorlarida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar ichida raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqlikni taʼminlash tizimini joriy etish;

ragʻbatlantiruvchi tariflar shakllantirishning raqobatni kuchaytiruvchi taʼsir koʻrsatadigan yangi yuqori samarali usullari va ularni qoʻllashni nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish hisobiga tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari (tariflari)ni davlat tomonidan tartibga solish tizimini tubdan takomillashtirish;

raqamli iqtisodiyotni monopoliyaga qarshi tartibga solishning samarali vositalarini, shu jumladan, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari transchegaraviy shakllarining oldini olish maqsadida yaratish;

raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun huquqiy taʼsir koʻrsatish choralarini kuchaytirish va bir vaqtning oʻzida huquqni qoʻllashda keng ixtiyor beradigan vakolatlarni bekor qilish;

“kartel” kelishuvlar va til biriktirishlar kabi raqobatga qarshi harakatlarning murakkab turlarini aniqlash va ularga chek qoʻyish maqsadida huquq-tartibоt organlari bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish;

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti metodikasi boʻyicha tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirish indikatorlaridan foydalangan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) joriy etish;

raqobatni cheklash holatlarini aniqlash va ularga nisbatan taʼsir choralarini koʻrish tezkorligini oshirish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatiga innovatsion ishlanmalar va axborot texnologiyalarini joriy etish;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining kadrlar salohiyatini tizimli ravishda oshirish, oliy oʻquv yurtlari oʻquv dasturlariga raqobat siyosati va raqobat huquqi sohasida kadrlarni tayyorlash boʻyicha maxsus yoʻnalishlarni joriy etish;

munosib moddiy taʼminot va ijtimoiy sharoitlar borasida ijtimoiy kafolatlarni nazarda tutgan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyati samaradorligini oshirish hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi turli omillarning oldini olish.

9. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining statistik axboroti majburiy tarqatiladigan tashkilotlar roʻyxatiga;

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida ushbu qarorni 2019 yilda amalga oshirish boʻyicha Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi xarajatlari uchun mablagʻlar ajratsin va 2020 yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga xizmat avtotransport vositalarini sotib olish uchun zarur pul mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin va 5 ta xizmat, shu jumladan, 4 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat yengil avtomobillarini saqlash uchun limit belgilasin;

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining asoslantirilgan hisob-kitoblariga binoan maʼmuriy binolarini taʼmirlash hamda moddiy-texnika bazasini shakllantirish maqsadida zarur mebel, uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sotib olish uchun zarur pul mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasini telefon aloqasi, shu jumladan, hukumat telefon aloqasi bilan taʼminlasin.

13. Ichki ishlar vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari qayta tashkil etilishi munosabati bilan yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni undirmagan holda tegishliligi boʻyicha:

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tasarrufiga oʻtadigan avtotransport vositalarini ichki ishlar organlarida qayta roʻyxatdan oʻtkazishni;

koʻchmas mulk obyektlariga va boshqa mol-mulkka boʻlgan huquqlarni Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga qayta rasmiylashtirishni amalga oshirsin.

14. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va uning hududiy organlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.

15. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Toshkent shahri, Labzak koʻchasi, 3-uy manziliga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hududiy boshqarmalarini qayta tashkil etilgan Davlat raqobat qoʻmitasi hududiy organlarining hozirgi joylashgan binolarida joylashtirilishini, zarur hollarda, yangi bino ajratilishini taʼminlasin.

16. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin;

oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 24 yanvar

www.uza.uz