Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI YIGIRMA BESHINCHI YALPI MAJLISI TOʻGʻRISDA AXBOROT

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI YIGIRMA BESHINCHI YALPI MAJLISI TOʻGʻRISDA AXBOROT

2019-yil 14-dekabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi ish boshladi.

Yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlangach, senatorlar koʻrib chiqiladigan masalalar muhokamasiga kirishdilar.

Senatorlar ishni “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va koʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Taʼkidlanganidek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksini yangi tahrirda qabul qilish nazarda tutilmoqda. Kodeks Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” 2018-yil 29-iyundagi Farmonini ijro etish uchun ishlab chiqildi.

Qonun iqtisodiyotga tushadigan soliq yukini kamaytirishga, shuningdek soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi boʻyicha soliqlar toʻlaydigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida soliq yuki darajasidagi tafovutlarni bartaraf etishga qaratilgan. Soliqlarni unifikatsiyalash, shuningdek oʻxshash soliq solish bazasiga ega soliqlarni birlashtirish orqali ular sonini maqbullashtirish, soliq hisobоtlarini kamaytirish va soddalashtirish, operatsiya xarajatlarini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Qonun makroiqtisodiy vaziyat barqarorligini, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va uning daromadlarini shakllantirish barqarorligini taʼminlashga, soliq qonunchiligini soddalashtirishga, soliq munosabatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlardagi ziddiyatlar va tafovutlarni bartaraf etishga, vijdonli soliq toʻlovchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra kelgusi yildan soliq turlari 13 dan 9 gacha qisqartirilmoqda. Xususan, yagona yer soligʻi, davlat boji, bojxona toʻlovlari va tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq turlari bekor qilinmoqda.

Soliq nazorati oʻtkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda, u soliq organlariga kameral, joyiga chiqqan holda tekshirish va soliq auditini vakolatli organ bilan kelishilmasdan tahlika-tahlil dasturi asosida amalga oshirish huquqini beradi.

Bundan tashqari, soliqlar va yigʻimlar, shuningdek boshqa majburiyatlarni hisoblash va toʻlash masalalari boʻyicha axborot toʻplash uchun sayyor tekshiruv oʻtkazilishi belgilanmoqda. Sayyor tekshiruv yakunlari boʻyicha soliq organi mansabdor shaxslari tomonidan ular amalga oshirgan harakatlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma tuziladi, uning nusxasi soliq toʻlovchiga beriladi. Sayyor tekshiruv oʻtkazishda soliq organlari tomonidan soliqlar va yigʻimlar hisoblanmaydi. Shu bilan birga, inson omili ishtirokisiz soliqlar toʻlanmasligi xavfi omillarini tahlil qilish natijalari asosida tanlab olingan barcha soliq toʻlovchilarga nisbatan soliq auditini oʻtkazish belgilanmoqda.

Soliq boʻyicha nizolarni sudgacha hal etish tartibi ochib berilmoqda, shuningdek soliq bilan bogʻliq huquqbuzarlik turiga qarab javobgarlik choralari belgilanmoqda. Soliq organlari javobgarligi kuchaytirilmoqda, soliq auditi natijalari boʻyicha ortiqcha undirilgan soliq summasini oʻz vaqtida qaytarish mexanizmi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek soliq toʻlashni taʼminlashning yangi vositalarini joriy etish, shuningdek, soliq toʻlash muddatini toʻlov asosida kollegial organlarning (komissiyalarning) ishtirokisiz kechiktirish yoki uzaytirish tartibi nazarda tutilmoqda. Bunday huquq xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga berilmoqda.

Transfert narx shakllantirishni nazorat qilish normalari, “oʻzaro bogʻliq shaxslar” va “oʻzaro bogʻliq shaxslar oʻrtasida nazorat qilinadigan bitimlar”, “nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi (NCHEK) tushunchalari joriy etilmoqda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan soliq toʻlovchi tomonidan nazorat qilinadigan chet eldagi yuridik shaxsni soliqqa tortish tartibi ochib berilmoqda.

Shu munosabat bilan ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan faoliyat amalga oshirilishi bilan bogʻliq “soliq toʻlovchilarni konsolidatsiyalashgan guruhi” tushunchasi va ularni soliqqa tortishning xususiyatlari kiritilmoqda.

Soliqlarni hisoblash mexanizmini va toʻlash tartibini takomillashtirish, shuningdek soliqqa tortishning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Muhokama vaqtida Kodeksning qabul qilinishi soliq qonunchiligi normalarini qoʻllashni imkon qadar soddalashtirishga koʻmaklashishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun xujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini koʻrib chiqdilar.

Qayd etilganidek, Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 13 ta qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni, shuningdek 7 ta qonunni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topishni nazarda tutuvchi 17 ta moddadan iborat. Masalan, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonunga yer qaʼridan foydalanuvchining tegishli litsenziya asosida foydali qazilmalarni aniqlash va razvedka qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olgan yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan imzoli bonus va tijoratbop topilma bonusini toʻlashni, ularni toʻlash muddatlarini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Bundan tashqari, foydali qazilmalar zaxiralarining qazib olinadigan hajmining qiymatini aniqlash va tijoratbop topilma bonusini toʻlash tartibi oʻrnatilmoqda.

“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonunlarga soliq va yigʻimlar toʻlash hamda ular toʻlangach, foyda kelishi tartibini belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Senatorlar Qonun qabul qilinishi soliqlar va yigʻimlar ajratish tartib-taomillarining shaffofligini kuchaytirish va oshirishga, shuningdek vijdonli soliq toʻlovchilar huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga koʻmaklashishini taʼkidladilar. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, Qonun Soliq kodeksi yangi tahrirda ishlab chiqilishi munosabati bilan, shuningdek davlat bojini belgilash, undirish, undan ozod qilish va uni qaytarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Jumladan, Qonunga koʻra davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy toʻlovdir. Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun toʻlanadigan konsullik yigʻimi, ixtirolarga, foydali modellarga, sanoat namunalariga, seleksiya yutuqlariga, tovar belgilariga, xizmat koʻrsatish belgilariga, tovar kelib chiqqan joy nomlariga, integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza berish bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik uchun toʻlanadigan patent boji davlat boji turlari jumlasiga quyidagilar kiradi. Bunda vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va oʻziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini toʻlovchilar hisoblanadi.

Qonunda davlat boji undiriladigan obyektlar va davlat boji stavkalarining miqdorlari nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda, iqtisodiy sudlarda va maʼmuriy sudlarda, notarial harakatlar amalga oshirilganda, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishda, shu jumladan xorijga chiqish uchun biometrik pasport rasmiylashtirish va berishda, konsullik yigʻimini toʻlashda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish tartibi va ozod qilinadigan shaxslar roʻyxati belgilanmoqda.

Senatorlar Qonun qabul qilinishi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga koʻmaklashishini taʼkidladilar. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin Senat aʼzolari “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Soʻzga chiqqanlar qayd etganidek, bugun Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati yigirma yil avval qabul qilingan va hozirgi zamon talablariga javob bermaydigan qonunlar bilan tartibga solinadi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda investitsiya munosabatlarining katta qismi boshqa tarmoqlarga doir qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Investitsiyaga oid qonun hujjatlari normalarining tarmoqlar boʻyicha taqsimlab yuborilganligi uning huquqni qoʻllash amaliyotini murakkablashtiradi, investitsiyaga oid qonun hujjatlarining samaradorligini pasaytiradi, bu esa, oʻz navbatida, mamlakat iqtisodiyotining rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu munosabat bilan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqilib, u Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari tizimiga yagona birlashtirilgan hujjat sifatida kiritiladi. Bunda Qonunda tayanch tushunchalar joriy etilib, unda mazkur sohada foydalaniladigan asosiy tushunchalar ochib berilmoqda. Qonuniylik, oshkoralik va ochiqlik, investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi, adolatlilik va investitsiya faoliyati subyektlarining tengligi, investorlarga nisbatan kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi – investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplaridir. Investitsiyalarning belgilangan maqsadiga koʻra turlari belgilanib, u kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga boʻlinadi. Belgilanishicha, pul mablagʻlari (shu jumladan chet el valyutasi) va boshqa moliyaviy mablagʻlar, shu jumladan kreditlar, paylar, ulushlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar, koʻchar va koʻchmas mol-mulk hamda boshqa obyektlar investitsiya resurslari jumlasiga kiradi.

Bundan tashqari, Qonunda investorning, investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari, majburiyatlari, investitsiya faoliyati subyektlarining huquqiy kafolatlari mustahkamlanmoqda. Qonun qabul qilinishi investitsiya makoni yaxlitligini, mamlakatimiz va xorijiy investorlar huquqiy rejimi tengligini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyati subyektlarining iqtisodiy faoliyati erkinligini taʼminlashi va Oʻzbekiston investitsiya bozori samarali faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlar yaratishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Qonun qabul qilish zarurati haqida soʻz borganda, “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonunning amaldagi tahriri erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini kompleks tartibga solmasligi va takomiliga yetkazilishi zarurligi qayd etildi. Qonunosti hujjatlarining koʻpligi, toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan maxsus qonun hujjati mukammal emasligi va barcha zarur masalalar tartibga solinmaganligi tafovutlar va potensial investorlarda bu sohadagi qonun hujjatlari barqarorligi toʻgʻrisida salbiy fikr paydo boʻlishiga olib keladi.

Qonun maxsus iqtisodiy zonalarning turlari va ularning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari, faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish, maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyatini tashkil etish, ularni boshqarish, maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomini belgilash, bojxonada tartibga solish, soliq solish va yerdan foydalanish rejimi boʻyicha asosiy tushunchalar hamda qoidalar belgilanmoqda. Shu munosabat bilan Qonun bu sohadagi munosabatlarni samarali tartibga solishga koʻmaklashadi va iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasini mustahkamlash yoʻlida yana bir qadam tashlash imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin senatorlar tomonidan “Milliy gvardiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganidek, Qonun Milliy gvardiyaning maqomini, vakolatlarini, vazifalari va funksiyalarini belgilash, shuningdek uning faoliyatining huquqni muhofaza qilish xususiyatini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonunga koʻra Milliy gvardiya Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarga ega boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organdir.

Belgilab qoʻyilishicha, Milliy gvardiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamkorlik qiladi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar esa Milliy gvardiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi shart. Bundan tashqari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarish majburiyligi nazarda tutilmoqda.

Qonuniylik, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etish, yagonalik, mustaqillik Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari etib belgilanmoqda, ularning mazmuni va mohiyati ochib berilmoqda. Milliy gvardiyaning tarkibi mustahkamlanmoqda. Jumladan, Milliy gvardiyaning tarkibiga markaziy devon, hududiy boshqarmalar, harbiy tuzilmalar, taʼlim va tibbiyot muassasalari, shuningdek Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa boʻlinmalar va tashkilotlar kiradi.

Shu bilan birga, nazarda tutilishicha, Milliy gvardiya bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va unga hisobdordir, Milliy gvardiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qoʻmondoni rahbarlik qiladi. Milliy gvardiya qoʻmondoni maqomiga koʻra vazirga tenglashtiriladi. Bundan tashqari, Milliy gvardiyada harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy xizmatni oʻtash tartibi va shartlari, ularning huquqiy maqomi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan Qonun normalari talablaridan kelib chiqib, Jinoyat-protsessual kodeksga va “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Senatorlar qayd etganidek, Qonun qabul qilinishi Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi oʻz xizmat va harbiy majburiyatlarini ishonchli, tashabbus bilan va moneliksiz bajarashini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin Oliy Majlis Senati aʼzolari “Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlanganidek, Qonunni ishlab chiqish zarurati notarial harakatlar soni oshgan sharoitda davlat notarial idoralarida qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish jarayoni murakkablashganligi, bu esa ish hajmiga qarab xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oshishiga toʻsqinlik qilishi bilan izohlanadi.

Qonunda “Garov toʻgʻrisida”gi, “Notariat toʻgʻrisida”gi, “Lizing toʻgʻrisida”gi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi, “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi, “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik va Fuqarolik protsessual kodekslariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori bilan tasdiqlanadigan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxatiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonunda davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralarga bosqichma-bosqich oʻtkazish nazarda tutilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining faoliyatini tashkil etish tartibi, uning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari belgilanmoqda. Ayrim turdagi bitimlar uchun majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinmoqda, shuningdek notarial harakatlarning yangi turlarini joriy etish nazarda tutilmoqda. Mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish, ijaraga olish (ijaraga berish) va undan bepul foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ayrim talablarni bekor qilinmoqda hamda bunday turdagi bitimlarni tasdiqlash jarayoni soddalashtirilmoqda.

Qonunda notarial harakatlarni masofadan, shu jumladan videokonferensaloqa yordamida amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda. Notarius oʻz kasbiy majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zarardan fuqarolarni himoya qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish, notariusga elektron murojaat qilish tizimini takomillashtirish orqali tezkor notarial xizmatlar koʻrsatish nazarda tutilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng parlament aʼzolari tomonidan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni koʻrib chiqildi.

Ushbu Qonunning maqsadi maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunga koʻra har bir bola uchun maktabgacha taʼlim va tarbiya olish imkoniyatining mavjudligi, har bir bolaning isteʼdodi nishonalarini, ishtiyoqlari va qobiliyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar tengligi, maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarga taʼlim, tarbiya berish va ularni sogʻlomlashtirishning birligi maktabgacha taʼlim va tarbiyaning asosiy prinsiplaridir.

Qonunda maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek maktabgacha taʼlim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari belgilanmoqda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini quyidagilardan tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilmoqda: Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, oʻz tasarrufida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari.

Bundan tashqari, fuqarolarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. Qonunda davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, jismoniy shaxslar tomonidan bu sohada xizmatlar koʻrsatish haqidagi normalar mustahkamlanmoqda. Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti, maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi, taʼlim berish tili, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ish rejimi, maktabgacha boʻlgan yosh va uning davrlar, bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish belgilanmoqda.

Senatorami taʼkidlaganidek, Qonun qabul qilinishi taʼlim sifatini yaxshilash uchun imkoniyatlar yaratishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Qayd etilganidek, Qonunda Oʻzbekiston Respublikasining 19 ta qonuni va 2 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutiladi. Jumladan, togʻ-metallurgiya tarmogʻi korxonalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar kiritilmoqda. Ularda portlovchi moddalarni, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va asbob-uskunalarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanadigan korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi lozimligi nazarda tutilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda ushbu qoʻmita huzurida Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi tegishli ravishda Qurilish vazirligi va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi va “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 10-apreldagi PF–5706-sonli Farmoniga muvofiq Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari Ichki ishlar vazirligidan chiqarilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga oʻtkazildi. Shuningdek tugatilgan Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuklatildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi vazifalar yuklatilganligini hisobga olgan holda “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi va “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga, shuningdek Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeks yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat shaklida yuborilishi mumkin. Ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlganda, shuningdek boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks ham shunga oʻxshash normalar bilan toʻldirilmoqda. Bundan tashqari, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sudda koʻrib chiqish chogʻida sudning tashabbusiga yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga koʻra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda. Shuningdek maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida chiqarilishi va ijro etish uchun yuborilishi mumkin. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar 2020-yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-oktyabrdagi Farmoniga muvofiq 2018-2021-yillarda fermer xoʻjaliklarini bosqichma-bosqich koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga aylantirish ushbu sohani rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jumladan, 2020-yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturida hududlar kesimidagi aniq maqsadlar bayon etilgan. Dasturga muvofiq kelasi yilda 11 ming 957 ta fermer xoʻjaligida 12 ming 478 ta loyihani amalga oshirish hamda 41 ming 135 ta yangi ish oʻrni tashkil etish nazarda tutilgan. 20 dan ortiq turli yoʻnalishni rivojlantirishga qaratilgan ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 2 milliard 228 million soʻm ajratish rejalashtirilmoqda, bu esa fermer xoʻjaliklarining moliyaviy-iqtisodiy, texnik va texnologik salohiyatini oshirishga koʻmaklashadi. Bu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlanganidek, Qonunda Oʻzbekiston Respublikasining 6 ta qonuniga, 3 ta kodeksiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori bilan tasdiqlangan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxatiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutiladi.

Jumladan, “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan koʻp boʻlgan masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlarni albatta auditor tekshiruvidan oʻtkazishni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda. Ushbu qoʻshimcha kiritilishi aktivlar kapitallashuvi muntazam oʻsishi, bajariladigan operatsiyalar hajmi koʻpayishi bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham modda bilan toʻldirilmoqda. Unda nazarda tutilishicha, jamiyat ishtirokchilari oʻrtasida murosasiz ziddiyatlar sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovozlar soni mavjud boʻlmaganligi tufayli jamiyatni boshqarish masalalari yuzasidan kelishuvga erishish mumkin boʻlmagan taqdirda, nizoli vaziyat sud tartibida hal etiladi.

Minoritar aksiyadorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish maqsadida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga norma kiritilmoqda, unga koʻra yirik bitim tuzish shartlari baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan bozor qiymati hisobga olingan holda mustaqil tashqi auditorlik tashkiloti tomonidan oʻrganiladi.

“Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qator normalar kiritilib, ularga koʻra yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik subyektlari 3 nafargacha doimiy xodimni yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga haqli. Bundan tashqari, oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yigʻilishda oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari tarkibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilishi va hal etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi talablarni buzganlik uchun, mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalar bilan toʻldirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi ham xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadigan normalar bilan toʻldirilmoqda. Shuningdek topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etishni taʼminlashga doir choralarni vasiylik va homiylik organlarining yoki tibbiyot muassasasining mansabdor shaxslari, topib olingan (tashlab ketilgan) bola turgan muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻrmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat kabi yangi faoliyat turi bilan toʻldirilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiyaga(Rim, 1951-yil 6-dekabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirish va milliy fitosanitariya tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish Qonunning maqsadi ekanligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konvensiyaga qoʻshilishi mamlakatda fitosanitariya xavfsizligini mustahkamlashga va respublikaning eksport salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsuloti eksporti uchun chet el bozorlariga chiqish tartib-taomilini osonlashtiradi, Oʻzbekistonning fitosanitariya tizimini yaxshilash va xalqaro standartlarni implementatsiya qilish uchun maslahatlar va moliyaviy mablagʻlar shaklida xalqaro tashkilotlardan olinadigan texnik yordam hajmini oshiradi.

Natijada milliy standartlar xalqaro standartlarga mos boʻladi, shu tufayli mamlakatlarda fitosanitariya sohasidagi barcha hujjatlar tan olinadi va Oʻzbekistondan mahsulot eksport qilishda qoʻshimcha shartlar oʻrnatilishining oldini oladi.

Shuningdek, Qonun qabul qilinishi Fitosanitariya chora-tadbirlari komissiyasi tomonidan belgilab beriladigan oʻsimliklar uchun xavfli organizmlar, xususan, bunday tartib-taomillarga muvofiq bevosita yoki potensial xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlar mavjudligi, ularning namoyon boʻlishi yoki tarqalishi haqidagi axborot almashish sohasida Konvensiya aʼzolari bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar beradi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va favqulodda vaziyatlarda xalqaro harakatlarni talab qiladigan zararli organizmlarga qarshi kurashish boʻyicha istalgan maxsus kampaniyalarda Oʻzbekiston ishtirok etish imkoniyati paydo boʻladi. Shuningdek fitosanitariya xavfini tahlil qilish uchun zarur boʻlgan texnik va biologik axborot taqdim etish yuzasidan chet mamlakatlar bilan hamkorlik qilishda huquqiy asoslar yaratiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini oʻzgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar. Mazkur masalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitdilar.

Taʼkidlanganidek, joriy yilda huquqiy ekspertiza oʻtkazish uchun davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati sohasida 2 110 ta loyiha vazirlikka kelib tushgan. Shundan 1 907 ta loyiha tegishli ekspertizadan oʻtkazilgan, 203 tasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga mos kelmasligi sababli qaytarilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qarori asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) ishga tushirilgan.

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida hal etilishi kerak boʻlgan kamchiliklar, muammolar va foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.

Bundan tashqari, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, tegishli taʼlim-tarbiya berish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmagan.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar kamaytirish, huquqiy qoʻllashga taʼsir koʻrsatmaydigan umumiy xususiyatga ega qonun hujjatlarini koʻrib chiqish, tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini va ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga muayyan sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimga solish va kodifikatsiyalash boʻyicha ishlar lozim darajada emas.

Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan, shuningdek chet ellik investorlar uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning chet tillariga rasmiy tarjimasi taʼminlanmagan. Shu munosabat bilan senatorlar mazkur yoʻnalishlardagi ishlarni kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar. Bu masala yuzasidan ham tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan soʻng senatorlar Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobоtini eshitdilar.

Viloyatni kompleks rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish va oʻzlashtirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil etish, kichik biznesni rivojlantirish hamda eksportni kengaytirish, kommunal sohadagi muammolarni bartaraf etish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, davlat dasturlari ijrosini taʼminlash boʻyicha bajarilgan ishlar haqida parlament aʼzolari tomonidan batafsil axborot keltirildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning viloyatga tashrifi vaqtida belgilangan vazifalar doirasida umumiy qiymati 2,9 trln. soʻmlik 2693 ta loyiha amalga oshirildi, 17 840 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. 8 ta kichik sanoat zonasiga 332,6 mlrd. soʻmlik investitsiyalar jalb qilinishi hisobiga 96 ta loyiha amalga oshirildi va qariyb 600 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Viloyatda “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturlari doirasida keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishtirokida hal etilmoqda. Keyingi ikki yilda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda 130 dan ortiq masala muhokama etildi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan 300 dan ortiq mansabdor shaxs hisobоtlari eshitildi, dolzarb masalalarni, aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal qilish maqsadida tegishli tuzilmalarga 250 dan ortiq deputat soʻrovi va murojaatlar yuborildi.

Shu bilan birga, senatorlar Navoiy viloyatida mavjud muammolarni, jumladan, yoʻllarni taʼmirlash, elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, ichimlik suvi tarmoqlarini va kanalizatsiya tizimini qurish, kommunal infratuzilmani rivojlantirish hamda takomillashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish boʻyicha zarur choralar koʻrish zarurligiga eʼtibor qaratdilar.

Zarafshon shahrining oʻzida quvvati 125 MVt boʻlgan ikkita transformator kichik stansiyasini qurishga ehtiyoj borligi taʼkidlandi. Zarafshonda, Uchquduq va Xatirchi tumanlarida suv oʻtkazish tarmoqlarini yotqizish, Karmana tumani markazida zamonaviy kanalizatsiya tizimini qurish zarur.

Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash tizimi bilan bogʻliq muammolar mavjud. Jumladan, Tomdi va Uchquduq tumanlaridagi olis va yirik shaharlarda aholi tarqoq joylashganiga qaramay, tez tibbiy yordam xizmati boshqa tumanlardagidek yoʻlga qoʻyilgan. Yaʼni aholi punktlari bir-biridan oʻnlab kilometr olisda joylashganligi emas, balki aholi soni hal qiluvchi omil sifatida hisobga olingan. Bunday holat tibbiyot xodimlari uchun ham, bemorlar uchun uchun ham jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bu va boshqa kamchiliklarni tahlil qilib, senatorlar mazkur muammolarni hal etishda mahalliy hokimiyat organlari va masʼul vazirlik hamda idoralar hamkorligini kuchaytirish, shuningdek mahalliy Kengashlar faolligini oshirish zarurligini taʼkidladilar. Bu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Soʻngra senatorlar suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bogʻliq muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini koʻrib chiqdilar.

Qayd etilganidek, parlament soʻroviga berilgan javobda bu sohada belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida tizimli ishlar olib borilayotganligi bayon etilgan.

Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasida 2035-yilgacha suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu Konsepsiyaga muvofiq kanalizatsiya tizimida sutkasiga 757 ming kubmetr oqava suv quvvatiga ega suv tozalash inshootlarini, 8605 kilometrlik kanalizatsiya kollektorlari va tarmoqlarini qurish hamda quvvati 906 kubmetrlik tozalash inshootlarini, 2176,2 kilometrlik kanalizatsiya kollektor tarmoqlarini, 128 ta nasos stansiyasini va 11 ta zararsizlantirish inshootini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Barcha ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari kreditlari va respublika byudjeti mablagʻlari hisobiga 14,6 trln. soʻm oʻzlashtiriladi. Natijada respublikada kanalizatsiya xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasi 31,4 foizga yetkaziladi. Ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan uning vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 17 ta masala, shu jumladan 11 ta qonun koʻrib chiqildi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati