Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Oʻzbekiston – Turkmaniston: Koʻp asrlik doʻstlik va madaniy aloqalarning yangi bosqichi

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Oʻzbekiston – Turkmaniston: Koʻp asrlik doʻstlik va madaniy aloqalarning yangi bosqichi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 28-noyabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Qardosh oʻzbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati bir, tili va urf-odatlari oʻxshash. Bu yaqinlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam hamkorlikka asos boʻlmoqda.

Alohida taʼkidlash kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida ilk xorijiy tashrifi 2017-yil 6-7-mart kunlari Turkmanistonga boʻlgan edi. Bu bejiz emas. Mazkur tashrif Oʻzbekiston tashqi siyosatida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratishining yorqin dalilidir. Oʻsha muzokaralarning asosiy natijasi oʻlaroq, Oʻzbekiston va Turkmaniston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

2018-yil aprelda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻldi. Oʻsha yili avgust oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari majlisida, joriy yil oktyabrda esa Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi sammitida ishtirok etish uchun Turkmanistonda boʻldi.

Bundan tashqari, hukumatlar, vazirliklar darajasida ham koʻplab uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Turkmaniston Prezidentining bu galgi tashrifi davlat rahbarlari doʻstligining yana bir ifodasi, 29-noyabr kuni poytaxtimizda oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi oldidan samimiy muloqotdir.

Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekistonga amaliy tashrifi Koʻksaroy qarorgohida davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar va ularni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralar chogʻida amaliy hamkorlik masalalariga, jumladan, oʻzaro savdoni kengaytirish, mashinasozlik, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Toshkentda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi xususida yakdil fikr bildirdilar.

Turkmaniston mintaqadagi asosiy savdo sheriklarimizdan biri. Oʻzbekistondan Turkmanistonga qishloq xoʻjaligi texnikasi, meva-sabzavotlar, mineral oʻgʻitlar, qurilish materiallari, kimyo va toʻqimachilik mahsulotlari, turli sohadagi xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan yurtimizga neft va neft mahsulotlari, mexanik uskunalar, propilen polimerlari, boshqa kimyoviy tovarlar keltiriladi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshmoqda. Jumladan, 2018-yilda 302 million dollardan oshgan boʻlsa, 2019-yil yanvar-oktyabr oylarida bu koʻrsatkich 429 million dollarni tashkil etdi.

Oʻzbekiston – Turkmaniston hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan yana biri transport sohasidir. Ikki mamlakatning avtomobil va temir yoʻllari orqali oʻzaro savdo yuklari tashilmoqda, uchinchi davlatlar uchun ham tranzit qilinmoqda. Xususan, 2018-yilda temir yoʻl orqali xalqaro yuk tashish hajmi 23,7 foiz oshgan edi. Joriy yilning 9 oyida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yana 37 foizga oʻsdi. Avtomobil orqali tashishda ham ijobiy surʼatlarni koʻrish mumkin. 2018-yilda bu borada 3,5-marta oshish kuzatilgan edi. Joriy yilning 9 oyida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,8-marta oʻsdi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Oʻzbekiston va Turkmaniston vakillari ikki mamlakatda tashkil etilayotgan madaniyat kunlari tadbirlari, turli konsertlar, festivallar va tanlovlar, sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda.

2017-yil may oyida Toshkentda Maxtumquli nomidagi koʻcha va unga bagʻishlangan meʼmoriy yodgorlik ochilgan edi. 2018-yil aprel oyida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga tashrifi sharafiga poytaxtimizda “Ashxobod” sayilgohi, Xorazm viloyatida “Oʻzbek – turkman” doʻstlik uyi va “Ulli hovli” majmuasi ochilgani xalqlarimiz doʻstligi, ahilligi va madaniy yaqinligining yana bir yorqin ifodasi boʻldi.

Joriy yilda Samarqandda oʻtkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va Qoʻqon shahrida oʻtgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida Turkmaniston delegatsiyasi munosib ishtirok etdi.

Uchrashuvda hududlar oʻrtasida, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston rahbarining kitoblari – ilmiy asarlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

Ushbu kitoblar mamlakatimiz ilmiy-akademik doiralari va ijodiy jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotganini taʼkidlash lozim. Mazkur tashrif arafasida Gurbanguli Berdimuhamedovning qator kitoblari – “Baxtli hayot sogʻliqdan boshlanar”, “Madaniyat – xalqning bebaho xazinasi”, “Barhayot afsona”, “Choy – shifo va ruhiy quvvat manbai” nomli kitoblari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan edi. Ularda muallifning salomatlik, turkman xalqi madaniyati va urf-odatlari, turkman gilamchiligi, choy ichish anʼanalari haqidagi fikrlari, iqtiboslari jamlangan, mavzuga oid fotosuratlar bilan boyitilgan.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentiga mamlakatimizda chop etilgan Gurbanguli Berdimuhamedov kitoblarining ilk nusxalarini sovgʻa qildi.

Shundan soʻng Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Faxriy akademigi unvonini berishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimiz Fanlar akademiyasi ushbu qarorni Turkmaniston Prezidenti xalqaro ilmiy doiralarda keng tanilgan va eʼtirof etilgan olim, zamonaviy tibbiyot, farmakologiya, iqtisodiyot, arxitektura va fanning boshqa sohalarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoning boy tabiatini oʻrganishga bagʻishlangan qator ilmiy qomusiy asarlar muallifi ekanini inobatga olgan holda qabul qildi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu qaror Turkmaniston Prezidentining ilm-fan sohalarini rivojlantirish, qardosh oʻzbek va turkman xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlariga ulkan hurmat ifodasi ekanini taʼkidladi.

Turkmaniston Prezidentining ajdodlar maʼnaviy merosi va fundamental ilmiy izlanishlarga asoslangan koʻp sonli ilmiy asarlari bugungi fan, madaniyat va sanʼat rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillar koʻp asrlik aloqalar tarixida alohida ahamiyatga ega boʻlgani va bugungi kunda Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida tobora rivojlanayotganini qayd etdi. Bu oʻzaro savdo hajmining sezilarli oshgani, sanoat kooperatsiyasi va hududlararo hamkorlik kuchayib borayotgani, madaniy-gumanitar aloqalar faollashganida namoyon boʻlmoqda.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, oʻz navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, bu Turkmanistonga hurmat-ehtirom ifodasi, mamlakatning fan va taʼlim sohalaridagi yutuqlari eʼtirofi, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik mustahkamligidan dalolat ekanini taʼkidladi.

Turkmaniston rahbari koʻp asrlik tarixiy-madaniy aloqalar bogʻlab turgan mamlakatlarimizning yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan hamkorligi oʻzaro manfaatlarga ham, butun mintaqa farovonligi yoʻlidagi maqsadlarga ham mos ekanini qayd etdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlash, unga yangi surʼat bagʻishlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi. Oʻzbekiston rahbari bilan muntazam va samarali uchrashuvlar doimo doʻstona va ishonch ruhida oʻtayotgani va aniq kelishuvlarga erishishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Bularning barchasi Oʻzbekiston va Turkmaniston davlatlararo konstruktiv siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida qatʼiy ekanini tasdiqlaydi.

Tadbirda ilm-fan va madaniyat namoyandalari, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari soʻzga chiqib, Turkmaniston Prezidentini yuksak unvon bilan tabrikladi.

Marosimda ikki mamlakatning rasmiy delegatsiyalari aʼzolari, akademik doiralari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

UZA