Oʻzbekiston - Yevropa ittifoqi: hamkorlik kengaymoqda
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 24-sentyabr kuni Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha kelishuvlarning uchinchi davrasi boshlandi. Tadbir doirasida iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar boʻyicha “Oʻzbekiston – YEI” kichik qoʻmitasining 14-yigʻilishi oʻtkaziladi.
Kelishuv va muzokaralarda Oʻzbekiston tomonidan Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, shuningdek, qator manfaatdor idoralar vakillari, Yevropa Ittifoqi tomonidan Yevropa tashqi harakatlar xizmatini boshqaruvchi direktor oʻrinbosari Lyuk Devin boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur bitim loyihasini tayyorlash tashabbusi YEI tomonidan, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarga javoban ilgari surilgan. Mazkur nufuzli tashkilot Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatida yuz berayotgan ulkan oʻzgarishlar, ayniqsa, iqtisodiyotni liberallashtirish, jamiyatni modernizatsiyalash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ayni jarayonga koʻmaklashish maqsadida ushbu bitim loyihasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishga qaror qildi.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida yangidan ishlab chiqiladigan muhim hujjat boʻlib, oʻzaro munosabatlarni yanada yaxshilash, sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishga qaratilgan. Bu jarayonda birgalikdagi saʼy-harakatlar koʻplab sohalarni, yaʼni siyosat va xavfsizlikdan tortib, iqtisodiyot, savdo, taʼlim, sogʻliqni saqlash, energetika, atrof-muhit masalalarini oʻz ichiga oluvchi tarmoqlarni qamrab oladi.
Mazkur hujjatning muhim jihatlaridan biri shundaki, bitim Oʻzbekistonga Jahon savdo tashkilotiga kirish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida YEI bilan munosabatlarni barqarorlashtirish imkonini beradi.
Tadbir doirasidagi kelishuvlar uchta ishchi guruh ishtirokida olib borilmoqda. Ular “Siyosat va xavfsizlik”, “Savdo va u bilan bogʻliq masalalar”, “Iqtisodiy, sektoral va boshqa masalalar” deb nomlangan.
Barcha ishchi guruhlarida kelishuvlar doirasidagi muloqotlar, muzokaralar konstruktiv va ochiq shaklda, samarali oʻtmoqda. Har ikki tomonning harakati loyiha boʻyicha kelishuvlarni imkon darajasida tezroq yakunlab, hayotga tatbiq etishga qaratilgan.
Mazkur bitimning eng muhim jihatlaridan biri – savdo qismi keng koʻlamli va murakkab boʻlib, dastlabki ikki bosqichda bu boradagi kelishuvlar natijasida muayyan natijalarga erishilgan.
Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar boʻyicha “Oʻzbekiston – YEI” kichik qoʻmitasi muntazam faoliyat koʻrsatuvchi hamkor organ boʻlib, qoʻmita yigʻilishlari har yili, navbat bilan Oʻzbekistonda va Bryusselda oʻtkaziladi. Mazkur kichik qoʻmita faoliyati mamlakatimiz va YEI oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishning yangi yoʻllari va imkoniyatlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan.
YEI Oʻzbekistonning eng muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. Soʻnggi yillarda oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha sezilarli natijalarga erishildi. Shunga qaramasdan, bu borada hali foydalanilmagan imkoniyatlar koʻp. Besh kun davom etadigan yigʻilish davomida Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida savdo, investitsiyalar va iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni yanada faollashtirishning yangi, samarali yoʻllarini topishga qaratilgan muzokaralar olib boriladi.
«Dunyo» AA