"O’ZBEKISTONDA FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARI FAOLIYATI UCHUN QULAY SHAROITLAR YARATILGAN"
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Davlat hayotining barcha jabhalarini demokratlashtirish va liberallashtirish, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo’lida O’zbekiston tashlayotgan qadamlar jahon miqyosida yuqori baholanmoqda. Xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan materiallar ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Jumladan, Yaponiyada har oyda nashr etiladigan “FEC NEWS” gazetasining shu yilgi yanvar sonida respublikamizning bu sohadagi tajribasi tafsilotlariga bag’ishlangan salmoqli maqola bosilib chiqdi. Unda O’zbekiston fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgan islohotlarni hayotga izchil tadbiq etayotgani, davlat boshqaruvi ishlarida ularning o’rni va ahamiyati tobora kuchayib borayotgani bilan bog’liq masalalar atroflicha qalamga olingan. Maqolada fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularning huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar berayotgan salmoqli samaralar alohida qayd etilgan.
“FEC NEWS” gazetasi Prezident Islom Karimov tomonidan 2010-yili ilgari surilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi” O’zbekistonning o’rta va uzoq istiqboldagi ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotini belgilab bergan muhim dasturilamal hujjatdir, deya ta’kidlaydi.
Nashr e’tirof etganidek, mazkur Konsepsiyaning hayotga tadbiq etilishi doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, ijtimoiy sheriklik va ekologik nazoratni amalga oshirish bilan bog’liq masalalarni tartibga soladigan qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. Gazetaning yozishicha, qonunchilikdagi yangiliklar aholi, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa institutlarning davlat boshqaruvi ishlarida ishtirok etishi yuzasidan huquqiy kafolatlarini mustahkamlagani barobarida fuqarolik jamiyati rivojlanishidagi yangi bosqichga mustahkam zamin tayyorladi.
Yaponiya nashri nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni yaratish, mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar rivojlanishiga doir dolzarb masalalarning hal etilishida ularning salohiyatini mustahkamlash bo’yicha O’zbekiston tajribasini ijobiy baholagan.
«Oliy Majlis (Parlament) huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash jamoat fondi tuzilgan, deb yozadi nashr. Bunday tizimni yaratish g’oyasi ham katta e’tiborga sazovordir. Chunki xalq saylagan kishilardan iborat asosiy vakillik organi moliya taqsimoti bilan shug’ullanishi, o’z navbatida, jamoat tashkilotlarining moliyaviy mustaqilligini kafolatlaydi”.
Shuningdek, yapon nashri mamlakatimizdagi fuqarolar o’zini o’zi boshqarishining noyob instituti, chuqur tarixiy ildizlarga ega bo’lgan hamda o’zbek xalqi an’analari va ma’naviy qadriyatlariga asoslanadigan mahalla faoliyati bilan ham o’z o’quvchilarini yaqindan tanishtirgan.
Bugungi kunda O’zbekistonda qariyb o’n ming fuqarolar yig’inlari ish olib bormoqda. Ularning faoliyati doimiy ravishda kengayib bormoqda, jumladan, aholini ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish sohalarida ham. Mahallalar, shuningdek, oilalarda barqarorlikning ta’minlanishi, ehtiyojmandlarga moddiy yordam ko’rsatilishi, joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish ishlarida faol ishtirok etmoqda”, deb yozadi “FEC NEWS”.
Eslatib o’tamiz, “FEC NEWS” gazetasi Yaponiya xalqaro do’stona almashuvlar bo’yicha kengashi (FEC - The International Friendship Exchange Council) tomonidan 1983 yildan buyon nashr qilinadi. Gazeta olti ming nusxada chop etiladi. U parlament deputatlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, yirik kompaniyalar va Tokioda akkreditatsiyadan o’tgan diplomatiya korpusi o’rtasida tarqatiladi.
“Jahon” AA, Tokio