O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi Malayziyaning yetakchi telekanalida namoyish qilindi
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi ishlarni ushbu mamlakat jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Jumladan, Malayziyaning yetakchi davlat telekanallardan bo‘lgan “TV Alhijrah”ning tonggi dasturida O‘zbekiston haqida lavha efirga uzatildi.
Telekanalning asosiy maqsadi Malayziyada va xorijda islom madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib qilish va rivojlantirishdan iborat. Kanal tomoshabinlari 2,5 million kishini, onlayn obunachilari esa 10 million kishini tashkil qiladi. “Assalamu alaykum” dasturi eng mashhur tonggi shoulardan bo‘lib, o‘rtacha 1 million tomoshabin ko‘radi.
Lavha davomida boshlovchi tomoshabinlarni Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlaridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi islom dini shakllanishi va rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz faoliyati bilan tanishtirdi.
Yakunda telekanal O‘zbekiston elchixonasi tomonidan taqdim qilingan mamlakatimizning turli mintaqalari sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan “Buxoroga xush kelibsiz!”, “Xorazmni ko‘rish uchun keling” videoroliklari hamda o‘zbek milliy taomlari lavhalarini namoyish etdi.
O‘zbekiston haqidagi mazkur reportaj malayziyaliklarda katta qiziqish uyg‘otdi. Malayziyaning hatto Manukan va Sapi, Redang va Perxentian kabi eng chekka orollari aholisi ham mamlakatimiz tarixi, madaniyati, me’moriy obidalari haqidagi ma’lumotlardan boxabar bo‘ldi.
“TV Alhijrah” rahbariyati dastur muvaffaqiyatli chiqqani va malayziyaliklarning yurtimizga qiziqishi ortib borayotganini inobatga olib, yurtimizning ziyorat turizmi obyektlari va boshqa diqqatga sazovor joylari haqida bir qancha dastur va videolavhalar tayyorlashni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun: joriy yilning birinchi yarmida Malayziyadan O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimi 37,7 foiz oshgan. Shundan faqat iyun oyida 2,6 marta ko‘paygani qayd etilgan.
O‘zA