Qurilish materiallari narxini arzonlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 may kuni qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yanada kengayib, yuzlab uy-joylar, yirik sanoat korxonalari, madaniyat va sport maskanlari, yo‘l va ko‘priklar barpo etildi.
Raqamlar bilan aytganda, keyingi ikki yilda qurilish ishlari hajmi 1,7 barobar oshgan. Ularda asosan yurtimizda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanilmoqda. Shu bilan birga, keramik va yog‘och-qipiq plitalar, oyna, gulqog‘oz va boshqa materiallar import qilinmoqda. Aslida O‘zbekistonda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, import o‘rnini qoplash uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari tobora ortib borayotgan bugungi kunda qurilish materiallari iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga, o‘sish nuqtalaridan biriga aylanishi kerak. Korxonalarda energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali tabiiy boyliklarimizni tejash, materiallar narxini tushirish mumkin, dedi Shavkat Mirziyoev.
Yig‘ilishda qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarishni kelgusi besh yilda kamida ikki barobar oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Noruda konlar zaxiralarini oshirish, sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirish, qurilish materiallari sohasini diversifikatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz soha korxonalarini barqaror va kamxarj energiya bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ko‘mir ishlatiladigan birgina g‘isht zavodi misolida mahsulot narxini 50 foizgacha tushirish mumkinligi qayd etildi. Shu kabi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash katta miqdorda tabiiy gazni tejash, mahsulotlarni arzonlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu ham tadbirkorga, ham xalqqa, ham davlatga foyda keltiradi.
Shu bois qurilish materiallari tarmog‘ida energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mamlakatimiz qurilish materiallari sanoatining eksport salohiyati ham yuqori. Lekin avtotransport xarajatlari ko‘pligi ularning narxiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois eksport tovarlarini tashish xarajatlarini subsidiyalash taklifi bildirildi.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon va Navoiy viloyatlarida har biri 2 million tonna quvvatga ega 4 ta sement korxonasi ishga tushirildi.
Yil yakuniga qadar 3,5 million tonna quvvatli yangi zavodlar foydalanishga topshirilib, yillik salohiyat 15 million tonnaga yetkaziladi. Bu sementga bo‘lgan ichki talabni ta’minlab, narxini arzonlashtirish imkonini berishi qayd etildi.
2019-2020 yillarda sohada 17 trillion so‘mlik mingdan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar uchun tijorat banklari kreditini ajratish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, past rentabelli korxonalarni salohiyatli investorlarga sotish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish uchun yuqori malakali mutaxassislar kerak. Lekin oliy o‘quv yurtlarida mavjud o‘rinlar ishlab chiqarishda o‘sib borayotgan talabga mos emas. Ta’lim jarayoni amaliyot bilan bog‘lanmagan.
Shu bois yig‘ilishda soha ixtisosliklariga budjet kvotasini oshirish, korxonalarda o‘quv amaliyotini tashkil etishni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yangi texnologiyalar asosida malaka oshirish markazlari tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar hisobot berdi.
O’zA