Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Dunyo xalqlari oʻrtasida hamkorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, musiqa sanʼati anʼanalarini asrash va rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni kuchaytirishga qaratilgan ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etgan, YUNЕSKO xalqaro tashkiloti tomonidan musiqa olamining yirik forumi sifatida eʼtirof etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining nufuzini yanada oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini (keyingi oʻrinlarda Festival deb yuritiladi) oʻn ikkinchi marta 2019 yilning 26-30 avgust kunlari oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Festivalni oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. Tashkiliy qoʻmita (A.N.Aripov) Festivalni 2019 yilda yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida:

ikki hafta muddatda “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2019 yil 1 aprelga qadar Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar smetasini tasdiqlasin;

Festivalga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bosh direksiyasi Festivalga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda:

Festivalga mahalliy va xorijiy davlatlardan musiqashunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlarni taklif etish choralarini koʻrsin;

Festival doirasida “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilishi, unda xorijlik va mahalliy taniqli musiqashunos olim va mutaxassislar hamda tadqiqotchilarning oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishlarini taʼminlasin;

Festival nufuzini yanada oshirish, dunyo hamjamiyati eʼtiborini Oʻzbekiston musiqa madaniyatiga jalb qilish maqsadida Festival doirasida xorijlik mutaxassislar ishtirokida maxsus davra suhbati, taqdimot va mahorat darslarini oʻtkazsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Festivalga tayyorgarlik koʻrish doirasida 2019 yil 1 iyunga qadar:

xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya dasturini;

Festivalda ishtirok etadigan xorijlik va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar roʻyxatini;

Festivalning tantanali ochilish va yopilish marosimlari ssenariysi hamda badiiy dasturlarini;

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan birgalikda Festivalning logotipi va sovrindorlar uchun beriladigan haykalchasi loyihasini ishlab chiqib, Tashkiliy qoʻmitaga tasdiqlash uchun kiritsin.

8. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:

70 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining xarajatlar smetasida madaniy tadbirlarni oʻtkazish uchun har yili nazarda tutiladigan byudjet mablagʻlari doirasida;

30 foizi – Samarqand viloyati mahalliy byudjeti, homiylik xayriya mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

9. Samarqand viloyati hokimligi 2019 yil 20 iyulga qadar Samarqand shahrida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishi, Festival oʻtkaziladigan sahna va maydonlar talab darajasida tayyorlanishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand shahri telekommunikatsiya tarmoqlarini Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish talablariga moslashtirish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Festivalga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun Madaniyat vazirligining viza talabnomalariga binoan Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalarining belgilangan tartibda konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

12. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bosh direksiyasi xorijiy davlatlardagi xalqaro sanʼat festivallari tashkilotlari hamda markazlari bilan muntazam ravishda ijodiy hamkorlik oʻrnatsin.

13. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga 2019 yil 1 maydan boshlab Festivalni keng targʻib etishga qaratilgan ijtimoiy reklama roliklari va matnlarini televideniye va boshqa axborot vositalarida joylashtirish hamda Festivalni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi uch oy muddatda madaniyat va sanʼat sohasidagi xalqaro festival va anjumanlarni yuqori saviyada oʻtkazish va bunday tadbirlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 15 iyundagi
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi PQ–103-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

OʻzbekistonRespublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2019 yil 26 fevral

www.uza.uz