TARAQQIYOT YO’LIDAGI HAMKORLIK ISTIQBOLLARI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Har bir mamlakat taraqqiyotida uning jug’rofiy joylashuvi muhim o’rin tutadi. Bu, ayniqsa, chet davlatlar bilan savdo aloqalarini yo’lga qo’yish, logistikani rivojlantirishda ko’zga yaqqol tashlanadi. Biroq bugungi kunda dunyoning 44 mamlakati to’g’ridan-to’g’ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas.
Bunday sharoitda ularning o’zaro savdo aloqalari rivojlanishi ko’p jihatdan tranzit salohiyati, ochiq va yaxshi qo’shnichilik munosabatining yo’lga qo’yilgani, shuningdek, siyosiy xohishiga bog’liqdir. Bu masalaga O’zbekistonda ham alohida e’tibor qaratiladi.
Ulovidan tushovi qimmat
Shuni aytish kerakki, ayrim rivojlangan mamlakatlar to’g’ridan-to’g’ri ummonlarga chiqa olmasa-da, zamonaviy transport infratuzilmasi tufayli bu muammo yechimini topgan. Avstriya va Shveysariya tajribasi bunga yaqqol misoldir. Ya’ni ular yagona -Yevropa yer usti transport infratuzilmasidan unumli foydalanib kelishmoqda.
Chunonchi, Afrika, Osiyo, Yevropa va Janubiy Amerikaning 440 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan 32 mamlakati eng arzon transport yo’lagi hisoblangan dengizga to’g’ridan-to’g’ri chiqmaydi. Shu bois mazkur mamlakatlar tashqi iqtisodiy aloqalarini boshqa davlatlar hududidan tranzit orqali amalga oshiradi. Bunda asosiy bozorga chiqquncha bir qator chegaralardan o’tish hamda uzoq masofani bosishga to’g’ri keladi. Qolaversa, chegaralardagi murakkab tartib-taomillar, noqulay infratuzilma oqibatida transport va boshqa xarajatlar sezilarli darajada ortib ketmoqda. Bu esa, o’z navbatida, raqobatdoshlikning pasayishi, natijada iqtisodiy o’sishga salbiy ta’sir ko’rsatmay qolmayapti.
Tahlillarga ko’ra, ayni shu holat savdo-sotiq, xalq xo’jaligini tarkibiy diversifikatsiyalash, infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi sifati va ekologiyaga salbiy ta’sir ko’rsatayotir. Qo’shni davlatlar orqali tranzit yuklarini tashish esa eksport va import qilinayotgan mahsulotlarning tannarxini oshirmoqda. Ular tashqi bozorda raqobat qilish uchun o’z manfaatlariga qarshi o’laroq, tovar va xizmatlar narxini pasaytirishga, qimmat import bitimlarini tuzishga majbur bo’lishayapti. Bu xalqimizning “Ulovidan tushovi qimmat” degan maqolini yodga soladi, kishiga.
Muqobil yo’l — birgalikda harakat qilish
Hududlarni o’zaro bog’laydigan mintaqaviy infratuzilmaning yo’qligi, xususan, yuklarni chegarada rasmiylashtirish va o’tkazishda vaqtning yo’qotilishi bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri sanaladi. Jahon banki ma’lumotlariga qaraganda, bu vaqt dengiz bo’yida joylashgan mamlakatlarda o’rtacha ikki baravar kamdir. Bundan tashqari, yuk tashuvchilar u yoki bu chegarani kesib o’tayotganda, qo’shimcha ma’muriy to’lovlarni to’lashga ham majbur bo’layotgani sir emas.
Jahon banki mutaxassislarining qayd etishicha, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo’lmagan mamlakatdan import qilinayotgan yuklarni yetkazib berish xarajati ummonlarga to’g’ridan-to’g’ri chiqa oladigan davlatlarga nisbatan ikki baravar ko’pdir. Albatta, bu xarajatlar alaloqibatda iste’molchi yelkasiga tushadi.
Havo orqali yuk tashish esa qimmat va u ham dengiz orqali yuk tashishning o’rnini bosa olmaydi. Bundan tashqari, aviatashuvchilar tomonidan yuk tashish qoida va tartib-taomillari har xilligi, sohaga yo’naltirilayotgan transchegaraviy investitsiya hajmi kamligi, xususiy sektorning bu borada ishtiroki cheklangani uning rivojiga to’sqinlik qilayapti.
Bunday noqulayliklar oqibatida mamlakatlarning eksporti, asosan, qishloq xo’jaligi mahsulotlari, mineral resurslardan iborat bo’lib qolmoqda. Buni Iqtisodiy kompleks indeksi (ECI) ko’rsatkichlari ham tasdiqlaydi. Unga ko’ra, hozirgi kunda bunday tovarlarning eksport tarkibidagi ulushi 33 foizdan 95,6 foizgacha yetadi.
Infratuzilma kerak
Dengizga chiqish imkoniyati bo’lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotiga xalaqit berayotgan muammolarni birgalikda hal qilish yo’llari izlanmoqda. Xususan, 2003-yilda Qozog’istonning Olmaota shahrida xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi. Ushbu nufuzli anjumanda tranzit tashish sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Olmaota harakatlar dasturi ishlab chiqildi. Unda sohadagi huquqiy asoslarni mustahkamlash, temir yo’l tarmoqlari hamkorligini rag’batlantirish, yo’l-tranzit -amaliyotlarini, o’zaro savdo-sotiqni amalga oshirishga ko’maklashish bo’yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Uning izchil ijrosi dengizga chiqish imkoniyati bo’lmagan mamlakatlar hamda tranzit davlatlar o’rtasida hamkorlik munosabatlarini o’rnatishga asos bo’lib xizmat qildi. 2014 — 2024-yillarda dengizga chiqish imkoniyati bo’lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun Vena harakatlar dasturining qabul qilinishi uning mantiqiy davomi bo’ldi. Ushbu hujjat dunyoning 32 mamlakatida, shu jumladan, yurtimizda ham izchil amalga oshirilayapti.
Unga muvofiq, dengiz orqali tashish yo’laklariga erkin chiqish imkoniyatlarini ta’minlash, chegaralarni kesib o’tishda amaliyot va transport sarflarini qisqartirish Markaziy Osiyo mintaqasi uchun asosiy vazifalar etib belgilangan.
Amaliy qadamlar
O’zbekiston dengizga chiqish uchun ikkita mamlakat chegarasini kesib o’tishi kerak. Boz ustiga, 1991-yilga qadar yurtimiz Janubiy, Farbiy va Sharqiy xalqaro transport yo’laklariga na avtomobil, na temir yo’l, na havo transporti bilan chiqish imkoniyatiga ega edi. Faqatgina shimoliy yo’lakdan foydalanardik.
Mustaqillik yillarida zamonaviy yo’l-transport infratuzilmasini shakllantirish, dunyo bozorlariga yangi yo’llarni ochish, chet mamlakatlar bilan bog’laydigan ilg’or transport-kommunikatsiya tarmoqlarini yaratish bo’yicha ulkan ishlar qilindi. Ayniqsa, iqtisodiyotning asosiy qon tomiri hisoblangan yagona temir yo’l tarmog’ini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Uzunligi 700 kilometr bo’lgan hamda Amudaryo uzra avtomobil va temir yo’l qatnovi uchun mo’ljallangan zamonaviy ko’prikni o’z ichiga olgan Navoiy — Uchquduq — Sulton Uvaystog’ — Nukus temir yo’lining barpo etilishi bu boradagi dastlabki qadam bo’ldi. Keyinroq “Asr mo’’jizasi” deya nom olgan noyob inshoot — Toshguzar — Boysun — Qumqo’rg’on temir yo’l liniyasi ishga tushirildi. Uzunligi 223 kilometr bo’lgan mazkur qurilma yuk va yo’lovchi tashish masofasini 170 kilometr qisqartirdi, eng muhimi, yurtimiz tranzit to’lovlarisiz o’zining bu boradagi imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Temir yo’lchilarimizning kuch-g’ayrati bilan keyingi yillarda 1 ming 200 kilometrdan ziyod yangi “po’lat iz”lar yotqizildi, 3 ming 800 kilometrlik yo’l modernizatsiya qilinib, qaytadan foydalanishga topshirildi, qariyb 1100 kilometrlik temir yo’l magistrallari elektrlashtirildi. Natijada temir yo’llarning umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga yetdi va ular mamlakatimizning barcha hududini to’liq qamrab olish imkonini berdi.
Ta’kidlash kerakki, xalqaro transport-kommunikatsiya tizimida avtotransport magistrallarining ham o’rni beqiyos. Birgina 2016-yilda soha korxonalari tomonidan qariyb 256 kilometrlik avtomobil yo’llari rekonstruksiya qilindi, 94,4 kilometrlik xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yo’l kapital ta’mirlandi. Hozirgi kunda yurtimiz avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi 183 ming kilometrni tashkil qiladi. Ulardan 42,6 ming kilometri xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan yo’llardir.
Joriy yilda “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi o’zining 25 yilligini nishonladi. O’tgan chorak asr davomida puxta o’ylangan, uzoq muddatga mo’ljallangan strategiya asosida mazkur tarmoqni taraqqiy toptirish bo’yicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Aeroportlar infratuzilmasi tubdan modernizatsiya qilindi, aviapark to’liq yangilandi, zamonaviy samolyotlar o’zlashtirildi.
Bugun respublikamizdagi barcha aeroport xalqaro aeroport maqomiga ega. O’zbekiston havo kemalari dunyoning 50 dan ortiq shaharlariga aviaqatnovni amalga oshirmoqda, Alyaskadan tortib, Yangi Zelandiyagacha charter reyslarini bajarayapti.
Yangi imkoniyatlar va loyihalar
So’nggi paytlarda mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, o’zaro manfaatli va amaliy ruhdagi siyosat yuritilayotgani yurtimiz uchun tranzit sohasidagi munosabatlarni mustahkamlash, mintaqa doirasida savdo aloqalarini kuchaytirish, yagona qoidalarni joriy qilish, chegara organlari hamkorligini kengaytirish, bojxona tartib-taomilini optimallashtirishga zamin yaratmoqda.
Mintaqada yaxlit infratuzilmani shakllantirish yo’lidagi bu sa’y-harakatlar savdo-sotiq aloqalari faollashuvida kuchli rag’bat bo’layapti. Misol uchun, bugun O’zbekiston tashqi savdoda resurslarga qaramlikni kamaytirgan holda, chuqur qayta ishlab chiqarishni rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratmoqda. Paxta xom ashyosining o’rniga kalava ip va tayyor to’qimachilik mahsulotlari eksportini yo’lga qo’yish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan. Yurtimiz resurslaridan oqilona foydalanish esa xom ashyodan ko’ra ko’proq foyda keltirishi hyech kimga sir emas.
Tashqi savdodagi mavjud to’siqlarga qaramasdan, respublikamiz iqtisodiyotida barqaror rivojlanish sur’atlari ta’minlanmoqda. O’n yildan ortiq vaqt davomida yalpi ichki mahsulotning o’sishi 8 foizdan kam bo’lmayapti. Eksport hajmini oshirish uchun barcha imkoniyat ishga solinmoqda. Bunda mintaqaviy hamkorlikka, o’zaro savdo aloqalarini rivojlantirishga katta urg’u berilayapti.
Respublikamiz hududlarida erkin iqtisodiy zonalarning tashkil qilinishi samarali infratuzilmani shakllantirish yo’lidagi amaliy qadam bo’ldi, desak, ayni haqiqat. Jumladan, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “Navoiy” aeroporti negizida xalqaro intermodal logistika markazi samarali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda ushbu markaz O’zbekistonni Yevroosiyoning asosiy logistika markazlari — Frankfurt, Milan, Bryussel, Vena, Oslo, Bazel, Saragosa, Dubay, Dehli, Tehron, Incheon, Tyan Szin, Xanoy, Shanxay bilan bog’lagan.
O’tgan yilning iyun oyida O’zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik hamda istiqbolli loyihasi — Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo’li hamda Qamchiq tunneli foydalanishga topshirildi. Uning ochilish marosimida qayd etilganidek, bu inshoot “Buyuk Ipak yo’li iqtisodiy yo’nalishi” loyihasining qurilishi sohasida Xitoy — O’zbekiston hamkorligining ulkan yutug’i bo’ldi. Shu bilan birga, loyiha xalqlarimiz o’rtasidagi do’stlik va hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Ushbu temir yo’l tarmog’ining qurilishi orqali mustaqil O’zbekistonda yagona va yaxlit temir yo’l tizimi shakllanishi amalda nihoyasiga yetkazildi. Angren — Pop temir yo’lining ishga tushirilishi biz uchun yiliga 10 million tonnadan ortiq yukni manzilga yetkazishda ham vaqtni, ham mablag’ni bir necha barobar tejash, shuningdek, O’zbekiston iqtisodiyotining barqaror sur’atlar bilan rivojlanishida muhim omil bo’lib xizmat qiladi. Eng muhimi, O’zbekistonning tranzit salohiyatini tubdan oshiradi va u kelajakda xalqaro transport kommunikatsiyasining eng muhim tarkibiy qismiga, “Buyuk Ipak yo’li iqtisodiy yo’nalishi” loyihalaridan birining uzviy bo’lagiga aylanishi mumkin.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Si Szinpin o’shanda “Yo’l-transport sohasidagi o’zaro aloqalarni rivojlantirish “Buyuk Ipak yo’li iqtisodiy yo’nalishi” loyihasining muhim yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu ikki tomonlama hamkorligimizning ustuvor asosidir. Biz O’zbekistonga mintaqaviy transport kommunikatsiyasi sohasidagi hal qiluvchi bo’g’in sifatida muhim ahamiyat qaratamiz va bu borada o’zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikni oshirishdan, ikki mamlakatni rivojlantirish yo’lida qulay sharoit yaratish uchun ushbu hududda infratuzilmalar bo’yicha o’zaro aloqalarni muntazam rivojlantirib borishdan manfaatdormiz”, degan edi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 6-7-mart kunlari davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo’ldi va ikki mamlakat rahbarlari qo’shma bayonot imzoladilar. Unda davlat rahbarlari tranzit sohasida salohiyatni yuksaltirishga imkon beradigan hamda Turkmaniston orqali Transkavkaz transport yo’lagi bilan Janubiy va Markaziy Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tranzit yuk tashish hajmlarini bir necha marotaba ko’paytirishga qulay shart-sharoitlar yaratadigan “Turkmanobod — Farob” avtomobil va temir yo’l ko’priklarining ochilishini yuqori baholadilar. Barcha ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy manfaatlariga bir xilda mos keluvchi “O’zbekiston — Turkmaniston — Eron — O’mon” xalqaro transport yo’lagini rivojlantirish bo’yicha kelishuvlarni amalda tatbiq qilish muhimligi alohida e’tirof etildi. Tomonlar mazkur transport va tranzit yo’lagini yaratish to’g’risidagi Bitimni amalga oshirish bo’yicha Ishchi qo’mitaning 2017-yil 1-2-martda Toshkent shahrida bo’lib o’tgan birinchi majlisining ahamiyatini ta’kidladilar. Yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ikki davlat hududida tashqi savdo yuklarini tranzit tashishga 2017-yilda o’zaro preferensiyalarning taqdim etilishi transport kommunikatsiyalari va infratuzilmalarini samarali ish yuklamasi bilan ta’minlash, qolaversa, tashishlarni yanada oshirib borish va qo’shimcha yuk hajmlarini jalb etishda tashkilotlar uchun aniq va ravshan istiqbollarni belgilashga imkon yaratishi qayd etildi. Ikki mamlakat hududi orqali o’tadigan xalqaro transport yo’laklarining raqobatdoshligi va jozibadorligini yuksaltirish maqsadida, Tomonlar tashqi savdo yuklarini tranzit tashish tariflarini yanada maqbullashtirish va preferensial shart-sharoitlar taqdim qilishga yo’naltirilgan tizimli o’zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-23-mart kunlari Qozog’iston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida O’zbekiston Respublikasi bilan Qozog’iston Respublikasi o’rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo’shnichilikni mustahkamlash to’g’risida qo’shma deklaratsiya imzolandi. Unda Prezidentlar ikki davlatning ulkan tranzit-transport salohiyatini hisobga olgan holda, tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta’minlovchi transport va tranzit yo’laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor xususiyatini qayd etdilar. Bu borada tomonlar o’z hududlaridan tashqi savdo yuklarini tranzit tashishda ikki mamlakat temir yo’l ma’muriyatlari tomonidan o’zaro preferensiyalar va qo’shimcha chegirmalarning taqdim etilishi bu sohadagi hamkorlikni tubdan kengaytirishga hamda tranzit yuklarning salmoqli hajmlarini jalb qilishga imkon berishini ta’kidladilar. Tomonlar “Beyneu — Akjigit — O’zbekiston chegarasi” avtomobil yo’li loyihasi, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining xalqaro dengiz kommunikatsiyalari va salohiyatli bozorlarga muqobil chiqishini ta’minlaydigan boshqa qo’shma loyihalarning tez orada amalga oshishidan o’zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Davlat rahbarlarining uchrashuvida qayd etilganidek, transport kommunikatsiyalari sohasi o’zaro hamkorlikning yana bir ustuvor yo’nalishi hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo’llari o’zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog’i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o’tamoqda. Qozog’istonning Maqtaaral tumani hududidan o’tgan Toshkent va Samarqandni bog’lovchi avtomobil yo’lining ochilishi, Toshkent — Olmaota tezyurar poyezdi hamda ikki mamlakat shaharlari o’rtasida avtobus qatnovining yo’lga qo’yilgani transport kommunikatsiyasini yanada kengaytiradi, hududlararo aloqalar, savdo va turizm rivojiga xizmat qiladi.
2017 — 2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi ham mamlakatimizning barqaror iqtisodiy taraqqiyot yo’lida davlat va mintaqaviy platformalarni hayotga jadal tatbiq etishdan manfaatdorligini yana bir karra tasdiqlaydi. Shunisi aniqki, dengizga chiqish imkoniyati bo’lmagan sharoitda integratsiyaning muqobil yo’llarini o’zlashtirish o’zining dolzarb ahamiyatini yo’qotmaydi.
(Iqtisodiy tadqiqotlar markazi materiallari asosida)