Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida ta’lim muassasalarida O’zbekiston tarixini o’rganish va o’qitishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda deputatlar, O’zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining mutasaddi xodimlari, shuningdek, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O’zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo’yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz xodimlari, “O’zbekkino” Milliy agentligi, “O’zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi mutasaddilari, yozuvchilar, tarixchi olimlar hamda jurnalistlar qatnashdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq xalqimiz tarixi, boy madaniy merosini o’rganishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-dekabrdagi “O’zbekistonning yangi tarixini tayyorlash va nashr etish to’g’risida”gi, 1998-yil 27-iyuldagi “O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi qarorlari o’zbek xalqi davlatchiligi tarixini xolisona o’rganishning ilmiy asoslarini shakllantirish, tadqiqotlarni zamonaviy talablar darajasiga ko’tarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Milliy davlatchiligimizning vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixi bo’yicha o’quv-metodik, ilmiy-ommabop, ma’rifiy adabiyotlarni o’rganish, tayyorlash hamda chop etish borasida ilmiy, madaniy, ta’lim, jamoat muassasalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2012-yil 27-yanvarda “O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida O’zbekistonning eng yangi tarixi bo’yicha Jamoatchilik kengashini tashkil etish to’g’risida”gi qaror qabul qilindi. Prezident Islom Karimovning “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” asarida o’zbek davlatchiligi tarixini yoritishning nazariy tamoyillari, mazkur sohadagi dolzarb yo’nalishlar belgilab berildi.
Joriy yilning 12-yanvar kuni bo’lib o’tgan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy yig’ilishida Yurtboshimiz tomonidan mustaqillikkacha bo’lgan voqyea-hodisalarni yosh avlod ongu shuuriga yetkazish, tariximizni chuqur o’rganish borasida jamoatchilik, olimlar va mutaxassislar oldida turgan ustuvor vazifalar ko’rsatib o’tildi.
Istiqlolga erishgunga qadar O’zbekiston tarixi biryoqlamalik bilan talqin etildi, ko’plab faktlar buzib ko’rsatildi yoki ular haqida sukut saqlandi. Mustaqillik yillarida tarixiy xotirani tiklash bo’yicha katta ishlar amalga oshirildi. Zamon talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash, O’zbekiston tarixini chuqur o’rgatish asosida ularni barkamol rivojlantirishga qaratilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hayotga tatbiq etildi.
Davra suhbatida tarixni tadqiq qilish jihatlari, ushbu fanni oliy va o’rta maxsus ta’lim dargohlarida o’qitishni takomillashtirish vazifalari muhokama qilindi.
Xususan, mazkur bosqichda davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari, darsliklar hamda o’quv qo’llanmalarini chuqur tahlil etish, ularni mustaqillik g’oyasi nuqtai nazaridan qayta ko’rib chiqish lozimligi ta’kidlandi. Deputatlar ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishlari zarur.
Tadbirda so’zga chiqqanlar ta’lim muassasalarida O’zbekiston tarixi fani o’qitilishi sifati, zamonaviy darsliklarning mazmun-mohiyati, ularda eng yangi tariximizni yoritish darajasi, mavjud muammolarga e’tibor qaratdilar. Jabhadagi ishlar samaradorligini oshirishga doir takliflar bildirildi.