“The Independent”: O‘zbekistonga safar qilish vaqti keldi
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekistonga kelish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun elektron viza berish tizimi joriy qilingani olqishlar bilan qabul qilinmoqda.
Xususan, yaqinda Buyuk Britaniyaning “The Independent” gazetasida ushbu mavzuga doir maqola chop etildi. Unda ta’kidlanishicha, mazkur qadam xorijiy davlatlardan kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda yurtimiz boy tarixidan bahramand bo‘lishlari uchun ularga ko‘proq qulayliklar yaratish bo‘yicha O‘zbekistonning sa’y-harakatlaridan biri hisoblanadi.
Qayd etilishicha, o‘rnatilgan yangi tartibga ko‘ra, dunyoning 51 mamlakati, shu jumladan, Buyuk Britaniya fuqarolari uchun elektron vizani rasmiylashtirish imkoni paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston orqali uchinchi davlatga sayohat qiluvchi 101 mamlakat vakillari uchun vizasiz tranzit tizimi joriy qilingan, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa vizasiz kirish imkoniyati yaratilgan.
Nashrda, shuningdek, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan paytdan e’tiboran mamlakatga kirish talablari faqat endi yengillashtirilgani ta’kidlangan.
“Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan davlat sifatida O‘zbekiston YuNYeSKO Butunjahon meroslari ro‘yxatiga kiritilgan Buyuk ipak yo‘lining uchta juda muhim shahri: Samarqand, Buxoro va Xiva bilan faxrlansa arziydi. Respublikaning barcha hududlarida noyob keramika plitalari bilan bezalgan qadimiy masjidlar, Toj-Mahal bunyodkorlarini ilhomlantirgan maqbaralar hamda zamonaviy inshootlar joylashgan”, - deb yozadi “The Independent”.
Shu tarzda Britaniya nashri O‘zbekistonda turizm uchun mavjud keng imkoniyatlar hamda tegishli infratuzilmalarning yaxshilanishini qayd etgan holda o‘z gazetxonlariga “tarixiy mamlakatga” safar qilish rejasini tuzish vaqti kelganini alohida ta’kidlagan.
“Dunyo” AA