Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

TOSHKENTDA SHHTGA A’ZO DAVLATLAR HUKUMAT RAHBARLARI KENGASHINING YIG‘ILISHI O‘TKAZILADI. SHHT BOSH KOTIBI BILAN INTERVYU

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
TOSHKENTDA SHHTGA A'ZO DAVLATLAR HUKUMAT RAHBARLARI KENGASHINING YIG‘ILISHI O‘TKAZILADI. SHHT BOSH KOTIBI BILAN INTERVYU

Tashkilot mamlakatlari iqtisodiy aloqalar uchun istiqboldagi va barqaror sharoitlarni ta’minlamoqchi.

Joriy yilning 1-2-noyabr kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari (bosh vazirlar) kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgan “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari muxbirlari ana shu muhim tadbir oldidan ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov bilan suhbatlashdi.

— Vladimir Imamovich, yaqin kunlarda Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi eng asosiy voqealaridan biri — ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirga tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘zlab bersangiz.

— Darhaqiqat, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yig‘ilishi tashkilotimiz uchun ShHT Sammitidan keyingi eng muhim tadbirdir. O‘zbekistonlik hamkasblar taklifi bilan tomonlar uning navbatdagi 18-yig‘ilishini 2019 yil 1-2 noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazishga kelishib olishdi.

O‘zbekiston poytaxtiga ShHTning barcha mamlakatlari bosh vazirlari kelishi kutilyapti. Anjumanga, shuningdek, tashkilotning kuzatuvchi davlatlari — Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston va Eron hukumatlari rahbarlari, qolaversa, qator hamkor xalqaro tashkilotlar, ShHTning Banklararo birlashmasi va Ishbilarmonlik kengashi rahbarlari taklif etilgan.

ShHT Kotibiyatining faol ko‘magi va muvofiqlashtirishi ostida tashkilot davlatlari milliy koordinatorlari kengashi yo‘nalishida kompleks hamda aniq maqsadga qaratilgan tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.

ShHT davlatlari tegishli vazirliklari va idoralari rahbarlari uchrashuvlari hamda majlislari, xususan, temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlari uchrashuvi (2019-yil 19-sentabr, Nur-Sulton), tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas’ul vazirlar majlisi (2019-yil 26-sentabr, Toshkent) hamda atrof-muhit muhofazasiga javobgar vazirlik va idoralar rahbarlari majlisi (2019-yil 27-sentabr, Moskva) Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishini muvaffaqiyatli tashkil etishning yana bir asosi bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Vazirlar majlislarining konstruktiv olib borgan ishlari hamda ekspertlar uchrashuvlari tufayli Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Hukumat rahbarlari ko‘rib chiqishi hamda imzolashi uchun hujjatlarning salmoqli paketi tayyorlandi.

— Odatda, Hukumat rahbarlari kengashi tashkilot doirasida iqtisodiy va gumanitar o‘zaro aloqalarni rivojlantirish vazifalarini muhokama qiladi. Kengashning bu galgi yig‘ilishi kun tartibiga qanday masalalar kiritilgan?

— Tadbir kun tartibining dastlabki loyihasiga muvofiq, Toshkentda Hukumat rahbarlariga ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari hamda chora-tadbirlarini muhokama qilish, dunyo va mintaqaviy iqtisodiy taraqqiyotning keng ko‘lamdagi masalalari bo‘yicha fikr almashish taklif etiladi.

Bosh vazirlar Jahon savdo tashkiloti qoidalariga asoslangan holda ochiq iqtisodiyotni shakllantirish va ko‘p tomonlama savdo tizimlarini mustahkamlash bo‘yicha vazifalarni hal etish maqsadida o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqishi kutilyapti.

Mintaqaviy hamkorlik chuqurlashuvini inobatga olgan holda Hukumat rahbarlari investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yo‘li bilan o‘zaro sarmoyalarni kengaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratishadi.

Ma’lumki, mintaqa xalqlari farovonligini yuksaltirish ShHTning birinchi darajali vazifalaridandir. Hukumat rahbarlari shunga asoslangan holda 2030-yilgacha Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish, transport, energetika, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, bojxona, telekommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashishadi.

Yevroosiyoda keng, ochiq va o‘zaro manfaatli sheriklikni shakllantirish yo‘lida bosh vazirlar tashkilotga a’zo davlatlar va ShHT “oilasi”ning boshqa mamlakatlari, shuningdek, xalqaro tuzilmalar salohiyatidan foydalanish masalasini ham muhokama qiladilar. Bundan ko‘zlangan maqsad mintaqada barqaror taraqqiyotga erishishdir.

Binobarin, ShHT unga Hindiston va Pokiston kirganidan so‘ng yangi sifat hamda sur’atga ega bo‘ldi, dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtiruvchi va Yevroosiyo materigining qariyb 60 foizini qamrab olgan transkontinental tashkilotga aylandi. Tashkilot barcha mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilda 18,4 trln. AQSh dollarini tashkil etdi. Bu butun jahon ko‘rsatkichining 22,5 foizidir.

Shu ma’noda, ShHT yaqin istiqbolda global savdo-iqtisodiy va moliyaviy tizimlar ravnaqi yo‘nalishlarini belgilab beruvchi dunyo iqtisodiy markazlaridan biriga aylanish bo‘yicha real imkoniyatlarga egadir.

— Qoidaga ko‘ra, tadbir yakuni bo‘yicha qabul qilinadigan hujjatlar a’zo davlatlar o‘zaro kooperatsiya borasida qay darajada chuqur borganidan darak beradi. Shunday ekan, ShHT Hukumat rahbarlari kengashining Toshkentdagi yig‘ilishida imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Har yili qabul qilinadigan Qo‘shma kommyunike, ShHTga a’zo davlatlarning ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorligi dasturini amalga oshirishning borishi to‘g‘risidagi yillik hisobоt, o‘tgan yilgi moliyaviy hisobоt va tashkilotning kelgusi yil budjetidan tashqari qator katta ahamiyatga ega hujjatlar muhokamadan o‘tkazilib, imzolanadi.

Kengash yig‘ilishida tasdiqlanadigan muhim loyihalardan biri 2035-yilgacha ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturining yangi tahriridir. Ushbu hujjat, avvalo, o‘zaro savdoni yanada ko‘paytirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ShHT mamlakatlari aholisi hayoti darajasini oshirish maqsadida kompleks va muvozanatlashgan iqtisodiy taraqqiyotni tezlashtirishga qaratilgan. O‘tgan galgi dastur 2003-yilda qabul qilingan va 2030-yilda uning amal qilish muddati yakuniga yetadi.

Yangi dasturga asosan, ShHTga a’zo davlatlar yaqin kelajakda, ya’ni 2025-yilgacha innovatsion va “yashil” texnologiyalarni qo‘llagan holda istiqbolli dasturlar hamda loyihalarni ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga kirishadi.

O‘rta istiqbolda, ya’ni 2030-yilgacha ShHT doirasida savdo va investitsiya, xizmatlar va elektron savdoni ilgari surish, shuningdek, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish sohalarida qoidalarni ishlab chiqish yo‘li bilan milliy iqtisodiyotlarni o‘zgartirishni ta’minlash rejalashtirilgan.

Uzoq muddatli istiqbol, ya’ni 2035-yilgacha ShHT mamlakatlariga milliy iqtisodiyotlarining global raqobatbardoshligini oshirish va raqamli o‘zgarishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Bu raqamli texnologiyalarni joriy etish,tovarlar, kapital, xizmat va texnologiyalarning erkin harakatlanishini izchil ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Mazkur vazifa ShHT Xartiyasida ham o‘z ifodasini topgan.

Dasturda savdo va investitsiya, bank va moliya, transport va logistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, bojxona, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, hududiy rivojlanish, mintaqalararo aloqalar, turizm, ekologiya, ta’lim va boshqa jabhalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida tanlab olingan.

Tasdiqlanadigan ShHTga a’zo davlatlar temir yo‘l ma’muriyatlari o‘zaro aloqalari konsepsiyasi ham muhim hujjatlardan biridir. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va ma’qullangan.

Hujjat mintaqaning ulkan transport salohiyatini to‘liq ochish va ShHT mamlakatlari o‘rtasida temir yo‘l sohasida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga qaratilgan. Bugun ShHTning barcha davlatlari hududida 244 ming km. temir yo‘l yotqizilgan. Xitoydan Qozog‘istonga, Rossiyaga, undan so‘ng Yevropa, Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfaziga temir yo‘l orqali yuk tashish bosqichma-bosqich o‘sishi tendensiyasi kuzatilyapti. Zotan, Xitoydan Yaqin Sharqqa eng yaqin transport yo‘lagi Rossiya va Markaziy Osiyo orqali o‘tadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston — Xitoy chegarasidagi ikkita temir yo‘l o‘tish joyi orqali 2018-yilda temir yo‘l tashuvlari qariyb 14 mln. tonnaga yetdi va 38 foiz ko‘paydi. Hozir 2010 yildagiga nisbatan Xitoydan Yevropaga konteyner tashish hajmi 40 barobardan ko‘proqqa oshdi. Ayni chog‘da Xitoy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa yo‘nalishlari bo‘yicha har yili 23 mln. ta konteyner tashilmoqda. Biroq shulardan bor-yo‘g‘i 1 foizi temir yo‘l, qolgan 99 foizi dengiz yo‘llari orqali olib borilyapti.

Bu ShHT davlatlari o‘rtasida temir yo‘l tashuvlarini rivojlantirish naqadar katta salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Masalan, O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘li “Sharq-G‘arb” loyihasi va “Shimol-Janub”ning qator mintaqa ichidagi yo‘laklari bo‘yicha ShHTning muhim transport tarmog‘iga aylanishi ko‘zda tutilgan. Binobarin, shu orqali ShHTning barcha davlatlariga Yevropa, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va O‘rta Yer dengizi portlariga chiqish ta’minlanadi.

Mintaqaviy transport yo‘llarini shakllantirishga Afg‘onistonni ham jalb etish muhim. Bu ushbu mamlakatdagi vaziyatni sezilarli barqarorlashtirish imkonini ham beradi. Hayraton — Mozori- Sharif temir yo‘li, loyihalashtirilayotgan Mozori-Sharif — Hirot va Mozori-Sharif — Peshavor yo‘llari Eron, Pokiston va Hindiston temir yo‘llari bilan Chaxbahor va Gvadar portlariga chiqish uchun yangi tranzit yo‘lagini shakllantirish imkonini beradi. Joriy yil 5-sentabr kuni Afg‘onistondan Xitoyga Hayraton stansiyasidan Do‘stlik ko‘prigi va O‘zbekiston hamda Qozog‘iston temir yo‘llari orqali 41 konteyner jo‘natilgani bu borada ramziy ma’no kasb etdi.

Hududiy rivojlanish, aynan ta’lim, tibbiyot, moliya va boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyati, shuningdek, chekka va qishloq hududlarida infratuzilmalarni yaratish yo‘lidagi muammolarni hal qilish ham ShHT doirasida dolzarblik kasb etadi. Zero, Hukumat rahbarlari ShHTga a’zo davlatlarning raqamli davrda chekka va qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorligi konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarga start berishadi.

Yig‘ilishda imzolanadigan ShHTga a’zo mamlakatlar shaharlari ekologik farovonligini rivojlantirish dasturi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan loyiha uchun muhim to‘ldirish bo‘ladi. Chunki u ShHTga a’zo davlatlar shaharlarida atrof-muhit holatini yaxshilash, bu boradagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda ilg‘or tajribalarni almashish platformasini yaratishga qaratilgan. Dastur shahar hududlarida barqaror rivojlanish prinsiplarini ilgari surish va tabiatni muhofaza qilish sohasida o‘zaro hamkorlikka yordam beradi.

Yana bir loyiha — ShHT iqtisodiy-tahliliy markazlari konsorsiumi reglamentidir. Uni ham Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida imzolash kutilyapti. Mazkur hujjat yangi konsultatsiya-ekspertlik mexanizmi — konsorsium faoliyatining asosiy maqsadlari, vazifalari va yo‘nalishlarini belgilab berishga qaratilgan. Ushbu tuzilma iqtisodiy masalalar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahlil markazlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ShHT doirasida o‘zaro iqtisodiy aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tahlil o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

Hukumat rahbarlari kengashi “maydoni”da ShHT Kotibiyati va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanadi.

Umuman olganda, ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlarning imzolanishi a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni jadallashtirish va ShHT faoliyatining ushbu muhim yo‘nalishidagi o‘zaro sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi.

— ShHT Hukumat rahbarlari kengashining Toshkentdagi yig‘ilishidan kutilayotgan yakunlarni inobatga olgan holda, Siz ShHT Bosh kotibi sifatida savdo-iqtisodiy va gumanitar yo‘nalishlarda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqchisiz?

— ShHT Bosh kotibi sifatida men Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari, tashqi ishlar vazirlari va sohaviy idoralari rahbarlari o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlar amalga oshirilishini ta’minlashga sodiqman.

Xususan, tashkilot mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Bu 2019-yilgi ShHT sammiti Bishkek deklaratsiyasida ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan. ShHT mamlakatlari ayni paytda boy tabiiy resurslar va ilg‘or ishlab chiqarish quvvatlariga ega, o‘z barqarorligi bilan ajralib turadi.

ShHT davlatlarining xorij mamlakatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 6,3 trln. dollardan oshib ketdi. Ayni paytda ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi savdo o‘tgan yilda 305 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bu o‘zaro aloqalarni faollashtirish kerak bo‘lgan yo‘nalishni ko‘rsatyapti. O‘z navbatida, elektron tijorat katta tezlikda rivojlanyapti. Global savdo kesimida elektron tijorat 20 foizga yetgan. 2025-yilga borib bu ko‘rsatkich 25 foiz bo‘ladi. Xitoy va Hindiston esa raqamli texnologiyalar rivojida katta tajribaga ega. Markaziy Osiyo mamlakatlari va ShHTning boshqa davlatlari ularning mazkur ulkan tajribasidan foydalansa, ayni muddaodir. Shuning uchun biz ShHTning elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha dasturi loyihasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Biz e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan yana bir asosiy yo‘nalish, bu — ShHT doirasida transport hamkorligi hisoblanadi. Logistika markazlarini rivojlantirish, mavjud tarmoqlar va transport ob’ektlarini modernizatsiya qilish, transport sohasidagi standartlarni, shuningdek, fitosanitar qoidalarni uyg‘unlashtirish hamda birxillashtirish jarayonlarini tezlashtirishga ko‘mak berish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz. ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida multimodal transport-logistika markazlarini rivojlantirish sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish ham maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Borgan sari dunyo mamlakatlari turizm sohasidagi ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga o‘z raqobatdoshligini oshirishning strategik imkoniyati sifatida qaramoqda. Bizning fikrimizcha, ShHT mamlakatlari turistik imkoniyatlarini ommalashtirishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega.

ShHT Kotibiyati tashkilotga a’zo davlatlar qo‘llab-quvvatlashi ostida “ShHTning sakkiz mo‘‘jizasi” loyihasi bo‘yicha tadbirlarni taqdim eta boshladi. Undan ShHTning har bir mamlakatidan bittadan sayyohlik ob’ekti joy olgan. Loyiha taqdimoti Pekin, Sian, Dushanbe va Xelsinkida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shu sababdan ShHT maydonida “aqlli” turizmni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish ham birinchi darajali vazifa hisoblanadi.

Ruslan KENJAYEV, Omonulla FAYZIYEV

(“Xalq so’zi”) suhbatlashdi.

Pekin