Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida

2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили 2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni Qonunchilik saylovi 2019 yil Qonunchilik saylovi 2019 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori Uchrashuvlar Uchrashuvlar Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Sayyohlik Sayyohlik O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasining

q o n u n i

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 6-noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 30-noyabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida volontyorlik faoliyati toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

volontyor – volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;

volontyorlar guruhi – ushbu Qonunda belgilangan normalar tatbiq etiladigan, volontyorlik faoliyatini birgalikda amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan, oʻn nafargacha kishidan iborat boʻlgan shaxslarning ixtiyoriy guruhi;

volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi – volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi, volontyorlik tashkiloti tomonidan tayinlangan yoki volontyorlar ishini tashkil etish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun javobgar boʻlgan volontyorlar guruhi tarkibiga kiruvchi volontyorlar tomonidan saylangan jismoniy shaxs;

volontyorlik – fuqarolar, ularning guruhlari yoki volontyorlik tashkilotlari tomonidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab ixtiyoriy faoliyatni amalga oshirish;

volontyorlik aksiyasi – volontyorlik tashkiloti, volontyorlar yoki volontyorlar guruhi tomonidan bajariladigan, ijtimoiy jihatdan aniq yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali vazifalarni hal etishga qaratilgan bir martalik tadbir;

volontyorlik tashkiloti – qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkiloti;

volontyorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga koʻra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali boʻlgan ixtiyoriy faoliyat;

volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi – davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek volontyorlarni mustaqil ravishda yoki volontyorlik tashkilotlari orqali jalb qiluvchi jismoniy shaxslar.

4-modda. Volontyorlik faoliyatining maqsad va vazifalari

Volontyorlik faoliyatining maqsadlari jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam koʻrsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtayi nazarini, oʻzini oʻzi tashkil etishni, ijtimoiy masʼuliyat, birdamlik, oʻzaro yordam berish va rahm-shafqat tuygʻularini shakllantirishdan iboratdir.

Volontyorlik faoliyatining vazifalari quyidagilardan iborat:

fuqarolarni aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan turli xil jamoat faoliyatiga jalb etish mexanizmlarini shakllantirish;

ijtimoiy vazifalarni hal etishda jamiyatga yordam koʻrsatish;

volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash;

aholida sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish, vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash;

fuqarolar tomonidan ijtimoiy vazifalarni hal etish uchun oʻzini oʻzi namoyon etish va oʻzini oʻzi tashkil etish koʻnikmalarini olish.

5-modda. Volontyorlik faoliyatining asosiy prinsiplari

Volontyorlik faoliyati qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik, begʻarazlik prinsiplariga asoslanadi.

6-modda. Volontyorlik faoliyatining shakllari va asosiy yoʻnalishlari

Volontyorlik faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:

yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati;

volontyorlar guruhi tarkibidagi volontyorlik faoliyati;

volontyorlik tashkiloti orqali volontyorlik faoliyati.

Volontyorlik faoliyati quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:

kam taʼminlanganlarni, ishsizlarni, koʻp bolalilarni, boshpanasizlarni, qarovsiz qolganlarni, shuningdek ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida volontyorlik yordami koʻrsatish;

bemorlarni, nogironligi boʻlgan shaxslarni, yolgʻizlarni, qariyalarni hamda oʻzining jismoniy, moddiy yoki boshqa oʻziga xos xususiyatlari sababli qoʻllab-quvvatlashga va yordamga muhtoj boʻlgan shaxslarni parvarishlash;

tabiiy yoki texnogen tusdagi favqulodda vaziyat oqibatida, alohida rejim, favqulodda holat joriy etilganda, ijtimoiy mojarolar, baxtsiz hodisalar natijasida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek jinoyatlardan jabrlanganlarga, qochqinlarga yordam koʻrsatish;

oʻzining jismoniy yoki boshqa oʻziga xos xususiyatlari sababli oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishi cheklangan shaxslarga yordam koʻrsatish;

atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy merosni, tarixiy-madaniy muhitni, dafn etish joylarini saqlab qolish bilan bogʻliq tadbirlar oʻtkazish;

ommaviy sport, madaniy tadbirlarni va boshqa jamoat tadbirlarini tashkil etish bilan bogʻliq milliy hamda xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarni oʻtkazishga koʻmaklashish;

alohida davr va favqulodda holat huquqiy rejimlarining amal qilishi vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, boshqa harbiy idoralarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik yordami koʻrsatish.

Volontyorlik faoliyati qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham amalga oshirilishi mumkin.

7-modda. Volontyorlik dasturi

Volontyorlik dasturi volontyorlik tashkiloti, volontyorlar yoki volontyorlar guruhi tomonidan tadbirlarni va kutilayotgan natijalarni koʻrsatgan holda bajariladigan, ijtimoiy yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali boʻlgan vazifalarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.

Dastur:

volontyorlik faoliyatini rivojlantirishga;

fuqarolarning va volontyorlik tashkilotlarining volontyorlik faolligini ragʻbatlantirish tizimini rivojlantirishga;

volontyorlarni va volontyorlarni muvofiqlashtiruvchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirishga;

turli volontyorlik tashkilotlari hamda volontyorlik mehnatidan foydalanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklik tizimini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni oʻz ichiga olishi kerak.

8-modda. Volontyorlik faoliyatini hisobga olish

Volontyorlik faoliyatini hisobga olishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

Volontyorlik faoliyatini hisobga olish ixtiyoriy xabardor qilish xususiyatiga ega boʻladi.

2-bob. Volontyorlik faoliyati sohasini davlat tomonidan tartibga solish

9-modda.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

volontyorlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;

volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqadi;

volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining ishini yoʻnaltiradi va muvofiqlashtiradi;

volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqadi;

volontyorlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga va tajriba almashishga koʻmaklashadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

joylarda volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;

jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan volontyorlik faoliyati sohasida hamkorlik qiladi;

volontyorlik faoliyatining monitoringini amalga oshiradi;

volontyorlik faoliyati amaliyotini tahlil qilish, yigʻish va umumlashtirishni amalga oshiradi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

11-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning volontyorlik faoliyati sohasida ishtirok etishi

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar volontyorlik faoliyati sohasida ishtirok etishga haqlidir hamda ommaviy volontyorlik aksiyalarini qoʻllab-quvvatlashni amalga oshiradi.

3-bob. Volontyorlik faoliyati subyektlari. Volontyorlik sohasidagi munosabatlar

12-modda. Volontyorning faoliyati

Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ularning sogʻligʻiga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va oʻquv jarayonini buzmasa, amalga oshirishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar oqibatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishga doir ishlarni amalga oshirish uchun faqat oʻn sakkiz yoshdan katta boʻlgan volontyorlarga ijozat beriladi.

Volontyor quyidagi huquqlarga ega:

oʻzining volontyorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishini ushbu Qonunda belgilangan talablarni hisobga olgan holda erkin tanlash;

agar volontyor hamda volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi oʻrtasida tuzilgan volontyorlik shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, har qanday vaqtda volontyorlik faoliyatini erkin ravishda tugatish;

volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi va volontyorlik tashkiloti toʻgʻrisida ishonchli axborot olish;

volontyorlik dasturlarini bajarish, volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan yoki tavsiya qilinadigan volontyorlik aksiyalarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazish;

volontyorlik faoliyati tashkilotchisidan va volontyorlik tashkilotidan maxsus kiyim-bosh olish hamda yoʻl haqiga, yashashga, ovqatlanishga, zarur yakka tartibda himoyalanish vositalarini, asbob-uskunalarni olishga sarflangan xarajatlarning va boshqa xarajatlarning oʻrni qoplanishi;

volontyorlik faoliyati tashkilotchisidan va volontyorlik tashkilotidan tavsiyanoma tusidagi xatlarni olish;

taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport tashkilotlariga va tabiatni muhofaza qiluvchi hamda oʻrmon muassasalarining hududiga mazkur tashkilotlar va muassasalar rahbariyati bilan kelishuvga koʻra volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun kirish;

volontyorlik tashkilotining, volontyorlik faoliyati tashkilotchisining mablagʻlari hisobidan hayoti va sogʻligʻini sugʻurta qildirish.

Volontyor:

volontyorlarni muvofiqlashtiruvchidan, volontyorlik tashkilotidan hamda volontyorlik faoliyatining tashkilotchisidan olingan topshiriqlarni vijdonan bajarishi;

fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi, oʻz faoliyati bilan uchinchi shaxslarga va atrof-muhitga zarar yetkazmasligi;

volontyorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maxfiy xususiyatga ega maʼlumotlarni oshkor etmasligi;

volontyorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida oʻziga berilgan moddiy resurslar hamda asbob-uskunalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishi va ish tugaganidan keyin ularni qaytarishi;

davlat organlarining mansabdor shaxslariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishida toʻsqinlik qilmasligi shart.

Volontyor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

13-modda. Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchining faoliyati

Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi volontyorlik faoliyati tashkilotchisi tomonidan yoxud volontyorlik dasturini yoki volontyorlik aksiyasini amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan volontyorlik tashkiloti tomonidan tayinlanadi yoxud volontyorlar guruhi tarkibiga kiruvchi volontyorlar tomonidan ular orasidan saylanadi.

Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi volontyorlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi, ular oʻrtasida ishni taqsimlaydi, har bir volontyorning ish joyi va ish hajmini belgilaydi, ishning ular tomonidan bajarilishini nazorat qiladi.

Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek volontyorlar guruhlari bilan hamkorlik qiladi.

14-modda. Volontyorlik tashkilotining faoliyati

Volontyorlik tashkiloti volontyorlik dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi hamda volontyorlik faoliyati tashkilotchisi bilan birgalikda yoki volontyorlarni jalb qilgan holda mustaqil ravishda volontyorlik aksiyalarini oʻtkazadi.

Volontyorlik tashkiloti volontyorlarni muvofiqlashtiruvchini tayinlaydi, u oʻz faoliyatini ushbu Qonunning 13-moddasiga muvofiq amalga oshiradi.

Volontyorlik tashkiloti volontyorlarni oʻqitish uchun taʼlim faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarni jalb etish, maxsus seminarlar, ishchi uchrashuvlar va volontyorlarning uchrashuvlarini oʻtkazish huquqiga ega.

Volontyorlik tashkiloti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda volontyorlarni ragʻbatlantirishni amalga oshiradi, shuningdek eng koʻp oʻzini koʻrsatgan volontyorlarni ragʻbatlantirish va (yoki) mukofotlash uchun nomzodlarni volontyorlik faoliyatining tashkilotchisiga, shu jumladan volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi boʻlmagan davlat organlariga belgilangan tartibda taqdim etadi.

Volontyorlik tashkiloti nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi shart.

15-modda. Volontyorlik faoliyati tashkilotchisining vakolatlari

Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi:

volontyorlik dasturlari amalga oshirilishini va volontyorlik aksiyalari oʻtkazilishini tashkil etadi;

volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga va ragʻbatlantirishga oid davlat dasturlarining amalga oshirilishida ishtirok etadi;

volontyorlik tashkilotiga va volontyorga rejalashtirilayotgan hamda amalga oshirilayotgan volontyorlik dasturlari va volontyorlik aksiyalari, ular ishtirokchilarining soni, aksiyalar oʻtkaziladigan joy hamda vaqt, ularni oʻtkazishga doir talablar toʻgʻrisida axborot taqdim etadi, shu jumladan oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali axborot taqdim etadi;

volontyorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida volontyorning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsiz shart-sharoitlar yaratadi;

volontyorlik tashkilotiga va volontyorga tavsiya tusidagi xatlar taqdim etadi;

volontyorga maxsus kiyim-bosh beradi hamda uning haqiqiy yashash joyidan volontyorlik aksiyasi oʻtkazilayotgan joyga kelishi va u joydan qaytishi uchun yoʻl haqi, yashash, ovqatlanish, zarur yakka tartibda himoyalanish vositalarini, uskunalarni sotib olish xarajatlarining va boshqa xarajatlarining oʻrnini qoplaydi;

xavfli, zararli hamda noqulay omillar bilan bogʻliq ishlarni bajarishga jalb qilingan volontyorlarning hayoti va sogʻligʻini majburiy tartibda sugʻurta qilishni amalga oshiradi.

16-modda. Volontyorlik shartnomasi

Volontyorlik volontyor va volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi oʻrtasida ushbu Qonunning qoidalariga rioya etgan holda yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi, agar u volontyorlik faoliyati bilan oyiga 20 soatdan koʻproq band boʻlsa, volontyor bilan volontyorlik shartnomasini tuzishi shart.

Volontyorlik shartnomasi ikki nusxada rasmiylashtiriladi, ulardan biri volontyorlik faoliyatining tashkilotchisida, ikkinchisi esa volontyorda saqlanadi.

17-modda. Volontyorlik shartnomasining mazmuni

Volontyorlik shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:

volontyor volontyorlik dasturi, aksiyasi vaqtida amalga oshiradigan faoliyatning tavsifi;

volontyorlik faoliyatini amalga oshirish davri;

ish soatlari va kunlari;

ishonib topshirilgan moddiy qimmatliklarning qiymati koʻrsatilgan holdagi tavsifi;

shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari;

volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi tomonidan beriladigan imtiyozlar;

belgilab qoʻyiladigan kasbiy talablar, ijtimoiy koʻnikmalar, rivojlanish manfaatlari, zarur boʻlganda, sogʻligʻining holatiga doir talablar;

taraflarning yetkazilgan zarar uchun javobgarligi;

shartnomani bekor qilish va uni haqiqiy emas deb topish shartlari.

Agar volontyorlik shartnomasini bajarish jarayonida volontyorning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni amalga oshirishni qiyinlashtiradigan holatlar taraflarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yuzaga kelsa, shartnoma qayta koʻrib chiqiladi.

Agar volontyorlik shartnomasini bajarish jarayonida taraflarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra shartnomani bundan buyon bajarish mumkin boʻlmay qoladigan holatlar yuzaga kelsa, shartnoma taraflardan birining tashabbusiga koʻra bekor qilinadi.

Volontyorlik shartnomasini bir tomonlama tartibda bekor qilish, agar volontyorlik shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, volontyor tomonidan yoki jalb etilgan tashkilot tomonidan bu haqda yetti kun oldin dastlabki tarzda xabardor qilish sharti bilan va sabablarni koʻrsatish majburiyatlarisiz amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi mehnat shartnomasini yoki xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi fuqarolik-huquqiy shartnomasini yoxud shu kabi har qanday boshqa shartnomani tuzishdan bosh tortish maqsadida volontyorlik shartnomasini tuzish taqiqlanadi.

4-bob. Volontyorlik faoliyatini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash

18-modda. Volontyorlik faoliyatini ragʻbatlantirish choralari

Volontyorlik faoliyatini ilgari surish hamda amalga oshirish borasidagi xizmatlarini eʼtirof etish va baholash belgisi sifatida jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq mukofotlanishi mumkin.

Davlat organlari volontyorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda volontyorlik faoliyati sohasidagi xizmatlarni eʼtirof etish boʻyicha turli festivallar oʻtkazishi mumkin.

19-modda. Volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va moliyaviy taʼminlash

Volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari xayriya yordami tarzida quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:

moddiy-texnika taʼminoti;

mulkiy taʼminot;

qoʻllab-quvvatlashning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllari.

Volontyorlik faoliyatining moliyaviy taʼminoti jismoniy va yuridik shaxslarning oʻz mablagʻlari yoki jalb etilgan mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

20-modda. Volontyorlik faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish

Volontyorlik faoliyati ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmogʻida yoritilishi mumkin.

21-modda. Nizolarni hal etish

Volontyorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

22-modda. Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

23-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

24-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

25-modda.Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining

Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 2-dekabr