Xalq o‘yinlari namoyishi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Samarqandda “Maydon tomoshalari san’ati” respublika festivali bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Toshkent va Samarqand viloyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan dorbozlar jamoalari, havaskor sirk san’ati guruhlari qatnashdi.
Prezidentimiz rahnamoligida nomoddiy madaniy meros durdonalarini asrab-avaylash, ularni yanada boyitish, qadimiy va bebaho qadriyatlarimiz sifatida o‘ziga xos jihatlari, butun jozibasi bilan kelajak avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Har ikki yilda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur festival ham xalq tomosha san’ati an’analarini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish, milliy o‘yinlar orasida ajralib turadigan dorbozlik san’atini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
– Bu yilgi festival hududlararo tashkil etilib, dastlab, Namangan shahrida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida faoliyat olib borayotgan dorbozlar va milliy sirk guruhlari qatnashdi, – deydi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari Qurbonmurod Omonqulov. – Samarqandda o‘tkazilgan tadbirda esa mamlakatimizning boshqa hududlari vakillari dor o‘yinlari, polvonlik, gimnastika, akrobatika, masxarabozlik, qiziqchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Festival ishtirokchilari ikki kun davomida o‘z dasturlarini namoyish etib, mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan dorboz va polvonlar bilan o‘zaro tajriba almashdi.
– O‘n yoshimdan buyon dor o‘yinlarini ijro etaman, – deydi Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi “Hilol” xalq dorbozlar guruhi rahbari Haydarvali Rustamov. – Bugungi kunda atrofimga farzandu nabiralarim jam bo‘lib, oilaviy guruh sifatida faoliyat olib boramiz. Dasturimizdan dorbozlik, akrobatika, polvonlik, masxarabozlik singari xalq o‘yinlari o‘rin olgan. Bu kabi festivallar san’atimizni keng ommaga namoyish etish hamda boshqa hamkasblarimiz bilan tajriba almashish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Festival yakunida jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.