XITOYDA O’ZBEKISTON MADANIYATI TAQDIMOTI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Xitoy Xalq Respublikasi oliy o’quv yurtlarida tahsil oladigan o’zbek yoshlari tomonidan xalqimiz tarixiy-madaniy merosi taqdim etiladigan turli tadbirlarning o’tkazilishi an’anaga aylanib qolgan.
Yaqinda o’zbek talabalari tomonidan mamlakatimizning Shanxaydagi Bosh konsulligi ko’magida tashkil qilingan O’zbekiston bo’lmasi Xuchjou universitetida bo’lib o’tgan II Madaniy qadriyatlar xalqaro yarmarkasida namoyish etildi. Xalqimiz amaliy san’ati namunalari, sopol buyumlar va to’qimachilik mahsulotlari, ko’hna shaharlarimiz bag’ridagi me’moriy durdonalar aks etgan suratlar, mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishiga oid rang-barang axborot materiallari uning peshtaxtalaridan joy oldi.
Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimiz bo’lmasi ushbu yarmarka ishtirokchilari va uning mehmonlarida juda katta qiziqish uyg’otdi.
Tadbir doirasida O’zbekiston sayyohlik salohiyatining taqdimoti o’tkazildi. Marosim ishtirokchilari mamlakatimizda sayyohlik jabhasini rivojlantirish, tarmoq infratuzilmasini takomillashtirish, xorijlik mehmonlarga xizmat ko’rsatish sifatini yanada yaxshilash yuzasidan ko’rilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar. Shanxay ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Qoraqalpog’iston, Buxoro va Xivadagi tarixiy qadamjolar haqidagi xabar-maqolalar, xitoy tilida tayyorlangan “O’zbekistonga xush kelibsiz” rukni ostidagi axborot materiallari marosim ishtirokchilari o’rtasida tarqatildi.
Ma’lumki, bunday tadbirlar talabalarni turli xalqlarning madaniy o’ziga xosliklari bilan yaqindan tanishtirish, ular o’rtasidagi do’stlik rishtalarini mustahkamlashga ko’maklashadi.
Xitoydagi bir necha oliy o’quv yurtlari rektoratlarining vakillari o’z ilm dargohlarida tahsil olayotgan o’nlab o’zbekistonlik talabalar mamlakatlarimiz o’rtasidagi ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik rivojiga o’zlarining munosib hissalarini qo’shishayotganini aytdilar.
“Jahon” AA, Shanxay