Xorijiy yetakchilardan O‘zbekistonning Mustaqillik bayrami munosabati bilan tabriklar
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, parlamentlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi korporatsiya va kompaniyalar rahbarlaridan, taniqli siyosat, jamoat va din arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.
Xorijiy hamkorlar oʻz maktublarida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy oʻzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va davlatimizning xalqaro obroʻsini mustahkamlashga qaratilgan pragmatik va faol tashqi siyosatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashlarini taʼkidlamoqdalar. Iqtisodiyot, ijtimoiy soha, taʼlim, madaniyat, sport va boshqa koʻplab yoʻnalishlardagi yutuqlar alohida eʼtirof etilmoqda.
Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va baxt-saodat, yanada gullab-yashnash va taraqqiyot tilaklari bildirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Mustaqillik kuni munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni izhor etaman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu muhim kunni nishonlashda Oʻzbekiston Respublikasi xalqining xursandchiligiga qoʻshiladi.
Bu Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish, iqlim inqiroziga qarshi kurashish va barcha uchun imkoniyatlar va umidlarni kengaytirish muhimligini eslatadigan noyob fursatdir.
Tinchlik, barqaror taraqqiyot va barcha uchun inson huquqlarini taʼminlashga yordam beradigan birdamlik va umumiy qarorlar uchun ayni payt.
Ushbu qutlugʻ kunni nishonlar ekanmiz, Oʻzbekiston Respublikasi xalqi va butun dunyodagi barcha insonlar uchun yaxshi kelajak barpo etish borasidagi intilishimiz qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqlaymiz.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Antoniu GUTERRISH,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Mamlakatingiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yoʻlidan dadil bormoqda, mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalarni hal etishda faol ishtirok etmoqda, jahon maydonida oʻz mavqeini mustahkamlamoqda.
Rossiya – Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik xususiyatiga ega. Moskva va Toshkent turli yoʻnalishlarda faol hamkorlik, MDH, SHHT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida samarali muloqot qilmoqda.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan bundan buyon ham doʻst xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida konstruktiv ikki tomonlama aloqalarni izchil rivojlantiramiz, deb ishonaman.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sogʻliq va muvaffaqiyatlar, barcha yurtdoshlaringizga esa baxt-saodat va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir PUTIN,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan Sizga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Sizning rahbarligingizda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi faol amalga oshirilmoqda, davlat qurilishida samarali natijalarga erishilib, xalq farovonligi kun sayin yuksalib bormoqda. Yangi davrda har qanday har tomonlama strategik hamkor sifatida Xitoy tomoni bundan mamnun.
Joriy yilning yanvar oyida Pekinda va iyul oyida Ostona shahrida Siz bilan muzokaralar oʻtkazdik, ular davomida Xitoy – Oʻzbekiston hamkorligi boʻyicha koʻplab muhim kelishuvlarga erishildi va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlari belgilab olindi. Yagona taqdirga ega Xitoy – Oʻzbekiston hamjamiyatini qurishni yanada chuqurlashtirish maqsadida Siz bilan yaqin aloqalarni davom ettirishga va strategik aloqalarni mustahkamlashga tayyorman.
Oʻzbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Si SZINPIN,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Qoʻshma Shtatlar xalqi nomidan Sizga va Oʻzbekiston xalqiga mamlakatingiz Mustaqillik kuni munosabati bilan eng ezgu tilaklarimizni yoʻllamoqdaman.
1991-yilda mamlakatingiz mustaqilligi eʼlon qilinganidan buyon Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy taraqqiyot va mintaqaviy barqarorlik yoʻlida salmoqli yutuqlarga erishdi. Ushbu voqealar mamlakatlarimiz oʻrtasida tobora sermazmun va jadal strategik sheriklikka olib keldi. Chegara xavfsizligini mustahkamlash, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va Oʻzbekistonning boy madaniy merosini muhofaza qilish boʻyicha ish olib borish kabi umumiy maqsadlarimizga erishish yoʻlida amalga oshirgan ishlarimizdan faxrlanaman.
Qoʻshma Shtatlar mavjud aloqalar mustahkamlanishi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochilishini intiqlik bilan kutib qoladi. Sizga mamlakatingiz mustaqilligini shodlik va quvonch ila oʻtkazishingizni tilab qolamiz.
Hurmat bilan,
Jozef BAYDEN,
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qadrli qardoshim!
Sizni va qardosh Oʻzbekiston Respublikasining butun xalqini mamlakatingiz Mustaqilligi kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Mustaqillik yillarida qardosh Oʻzbekiston oʻz davlatchiligini mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirish va xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda salmoqli yutuqlarga erishdi. Mamlakatingizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tanlangan yoʻlning samarali ekanligining yaqqol tasdigʻidir.
Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Turkmaniston Oʻzbekiston Respublikasi bilan oʻzaro intilish tufayli yildan-yilga yangi mazmun bilan boyib borayotgan munosabatlarni chin dildan qadrlaydi. Muloqotimizga xos boʻlgan iliqlik va oʻzaro ishonch bundan buyon ham qardosh xalqlarimiz farovonligi yoʻlida strategik sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishiga qatʼiy ishonaman.
Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq va baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat ila,
Gurbanguli BERDIMUHAMEDOV,
Turkman xalqining milliy yetakchisi,
Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qozogʻiston xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va butun qardosh Oʻzbekistonni Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Suveren taraqqiyot yillarida Sizning ajoyib mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda, xalqaro nufuzni mustahkamlashda va fuqarolar farovonligini oshirishda haqiqatan ham ulkan yutuqlarga erishdi. Ushbu qutlugʻ kun oʻzbek xalqining milliy birdamligi va hamjihatligi, yuksak bunyodkorlik ruhi va vatanparvarligining ramzidir.
Sizlarning keng koʻlamli siyosiy islohotlarni tizimli amalga oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, xalqning turmush darajasini yuksaltirish va milliy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish borasidagi tinimsiz saʼy-harakatlaringiz yuksak hurmat va ehtiromga sazovordir. Ishonchim komilki, Sizning nufuzli va dono rahbarligingizda Oʻzbekiston barqaror oʻsish va taraqqiyot yoʻlidagi dadil harakatini davom ettiradi.
Biz koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash ruhidagi koʻp qirrali Qozogʻiston – Oʻzbekiston hamkorligini yanada chuqurlashtirishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qatʼiy intilishimni tasdiqlar ekanman, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Qosim-Jomart TOQAYEV,
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qirgʻiziston xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Sizning rahbarligingiz soʻnggi yillarda Oʻzbekiston taraqqiyotida, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va mamlakatning xalqaro mavqeini mustahkamlash sohasida sezilarli yutuqlarga olib keldi.
Sizning ichki va tashqi siyosatdagi keng koʻlamli islohotlaringiz muvaffaqiyatli amalga oshirildi, boshqa mamlakatlar bilan sheriklik mustahkamlanmoqda.
Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissangizni, shuningdek, xalqlarimiz uchun muhim boʻlgan turli sohalarda muvaffaqiyatli ikki tomonlama hamkorlikni yuksak qadrlayman.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Qirgʻiziston – Oʻzbekiston qardoshligi, abadiy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari bundan buyon ham rivojlanib, mustahkamlanib borishiga ishonaman.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻliq, uzoq umr, baxt-saodat, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Sadir JAPAROV,
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Qadrli Shavkat Miromonovich!
Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni, Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqini mamlakatingiz milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etishdan gʻoyat mamnunman.
Sizning tinimsiz saʼy-harakatlaringiz tufayli soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va xalq farovonligini oshirish, shuningdek, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida muhim natijalarga erishildi. Biz yaqin qoʻshni sifatida bu muvaffaqiyatlardan chin dildan xursandmiz.
Oʻzbekiston bilan doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va bunyodkorona hamkorlik munosabatlari Tojikiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi va biz ularni bugungi darajasigacha qadrlaymiz.
Tojikiston – Oʻzbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining butun majmui izchil rivojlanib va kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Biz ushbu oʻzaro manfaatli jarayonni yanada ilgari surishdan manfaatdormiz.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi yoʻlida ikki mamlakat hamkorligini mustahkamlashga har tomonlama hissa qoʻshamiz, deb ishonaman.
Sizga, qadrli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Emomali RAHMON,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Mamlakatingiz Mustaqilligi kuni munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllayman.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda ulkan yutuqlarga erishdi, xalqaro maydonda munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻldi, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda konstruktiv rol oʻynamoqda.
Biz Turkmanistonda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik darajasini yuksak qadrlaymiz va uni mustahkamlash va yanada kengaytirishga katta ahamiyat beramiz. Oʻz navbatida, mamlakatlarimizning qardosh xalqlari farovonligi yoʻlida Turkmaniston – Oʻzbekiston strategik munosabatlarini yangi ufqlar tomon faol ilgari surish uchun Siz bilan birgalikdagi saʼy-harakatlarni bundan buyon ham davom ettirishga tayyorligimni bildiraman.
Fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi xalqi farovonligi yoʻlidagi barcha tashabbus va intilishlarda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Chuqur hurmat ila,
Serdar BERDIMUHAMEDOV,
Turkmaniston Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qadrli qardoshim!
Qardosh Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifim chogʻida menga, oilamga va butun delegatsiyamga koʻrsatgan yuksak eʼtibor va mehmondoʻstligingiz, chinakam birodarlik munosabatlari uchun Sizga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, rafiqam Mehribon xonim va qizim Layloga koʻrsatilgan samimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik hamda ularni oʻzbek xalqining boy tarixi, madaniyati va anʼanalari bilan yaqindan tanishtirganlari uchun Ziroatxon Mirziyoyeva xonim va qizingiz Saida Mirziyoyevaga minnatdorlik bildiraman.
Har safar qardosh mamlakatingizga tashrif buyurganimda Sizning rahbarligingizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, mamlakatdagi ulkan oʻzgarishlar va taraqqiyotni koʻrish menga katta mamnuniyat va sharaf bagʻishlaydi. Bularning barchasi Sizning serqirra faoliyatingiz, oqilona rahbarligingiz, Vatan va xalqqa xizmatingiz samarasidir. Mamlakatingizning har bir yutugʻi Ozarbayjon uchun faxr va iftixordir.
Goʻzal mamlakatingizga tashrifim natijalaridan juda mamnunman. Qisqa vaqt ichida birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlarining ittifoqchilik darajasiga koʻtarilgani va buning natijasida biz imzolagan ittifoqchilik toʻgʻrisidagi hujjat xalqimizning mustahkam irodasi va munosabatlarimizni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga boʻlgan qatʼiyatimizning yorqin namunasidir. Siz bilan doʻstona, samimiy va oʻzaro ishonch ruhidagi uchrashuvlarimizni, ikki tomonlama munosabatlarning keng doirasini va hamkorligimizni yanada rivojlantirish yoʻnalishida oʻtkazgan samarali muzokaralarimizni yuksak qadrlayman. Hech shubhasiz, Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi natijalari, erishilgan kelishuvlar, imzolangan koʻplab muhim hujjatlar, shu jumladan, oʻtkazilgan ishbilarmonlik forumi kelgusidagi faol hamkorligimiz nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega. Tashrif davomida ishlab chiqilgan loyihalar va oʻtkazilgan muhokamalar yaqin yillarda iqtisodiy, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorligimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ozarbayjonning ozod etilgan yerlarida Sizning tashabbusingiz bilan amalga oshirilayotgan tiklash va rekonstruksiya ishlarida mamlakatingizning bevosita ishtiroki va qoʻllab-quvvatlashi biz uchun juda qadrlidir.
Ozarbayjon va Oʻzbekiston sanʼatkorlarining qoʻshma gala-konsertdagi ajoyib chiqishlari qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlikning tasdigʻi, mushtarak anʼana va qadriyatlarning yorqin ifodasi boʻldi. Aynan mushtarak maʼnaviy qadriyatlar, diniy va madaniy ildizlar, xalqlarimizning mustahkam doʻstligi va bir-biriga boʻlgan mehr-muhabbati Ozarbayjon bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni belgilovchi asosiy omillardir. Siyosiy muloqotimizning jadalligi, oʻzaro tashriflarimiz, uchrashuvlarimiz, yaqin hamkorligimiz davlatlararo aloqalarimizni tezlashtirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hurmatli Prezident janoblari,
Davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda oliy darajadagi tashriflarning ahamiyatini hisobga olib, Sizni Ozarbayjonga davlat tashrifini amalga oshirishga taklif etaman. Ishonchim komilki, Sizning ushbu tashrifingiz Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi vaqt sinovidan oʻtgan doʻstlik va qardoshlikni mustahkamlashga, ittifoqimizni chuqurlashtirishga, mamlakatlarimiz va butun mintaqamizning barqaror rivojlanishi va gullab-yashnashiga beqiyos hissa qoʻshadi.
Sizni tez orada Bokuda koʻrishga umid qilamiz. Sizga va oilangizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, masʼuliyatli va olijanob faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom ALIYEV,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Oʻzbekiston davlatining suveren rivojlanish yillari barqaror iqtisodiy oʻsish, keng koʻlamli ijtimoiy oʻzgarishlar va mamlakatning jahon miqyosida munosib eʼtirof etilishini taʼminlagan yorqin yutuqlarga boy boʻldi.
Bugun Toshkent konstruktiv tashabbuslar bilan Markaziy Osiyoda global xavfsizlik va barqarorlikni saqlash tizimiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.
Xalqlarimizning koʻp yillik doʻstligiga asoslangan Belarus – Oʻzbekiston munosabatlari ham ikki tomonlama formatda, ham xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy birlashmalar doirasida bundan buyon ham mustahkamlanib borishiga ishonaman.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, barcha rejalaringiz amalga oshishini, Oʻzbekiston xalqiga esa baxt-saodat va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Aleksandr LUKASHENKO,
Belarus Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari, qadrli birodarim!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini va birodar oʻzbek xalqini eng samimiy tilaklarim bilan muborakbod etaman.
Mustaqil boʻlganidan buyon har kuni tobora taraqqiy etayotgan doʻst va qardosh Oʻzbekistonda oqilona rahnamoligingiz orqali erishilayotgan muvaffaqiyatlar va xalqaro maydonda egallangan nufuzli oʻrin Turkiya uchun ham gʻurur manbaidir.
Munosabatlarimizning mushtarak saʼy-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama darajada va koʻp tomonlama platformalarda, jumladan, Turkiy davlatlar tashkilotida ildiz otib borayotganini koʻrish benihoya mamnuniyat baxsh etadi.
2024-yil 6-iyun kuni Anqara shahrida oʻtkazilgan Turkiya – Oʻzbekiston Oliy darajali strategik hamkorlik kengashining uchinchi yigʻilishida kelishib olingan masalalar birodarlikka tayanuvchi yaqin aloqalarimizni kelgusida barqaror tarzda mustahkamlashiga ishonchim komil.
Doʻst Oʻzbekistonni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bora qutlab, fursatdan foydalangan holda, chin qalbimdan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh oʻzbek xalqiga omonlik, farovonlik tilab qolaman.
Rejep Tayyip ERDOGʻAN,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Mening qadrli doʻstim!
Oʻzbekiston milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va oʻzbek xalqiga shaxsan oʻz nomimdan va Fransiya xalqi nomidan eng samimiy tabriklarimni hamda baxt va farovonlik tilaklarimni yoʻllashdan benihoya mamnunman.
2024-yil yozgi Parij Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari oʻtkazilayotgan davrda, oʻz faolligi, sport mahorati va ajoyib oʻyinlari bilan ajralib turgan oʻzbekistonlik sportchilar va muxlislarni katta quvonch bilan qabul qilganimizdan behad xursandmiz.
Oʻtgan yilning noyabr oyida Samarqandda meni ajoyib kutib olganingiz davomi sifatida shu yil kuzda Sizning Parij shahriga tashrifingizni intiqlik bilan kutaman. Men mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni oʻrnatishga katta ahamiyat beraman. Ushbu ulkan marra davlatlarimiz oʻrtasida yirik mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha yaqinlashuvni mustahkamlash, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomini hurmat qilish boʻyicha umumiy munosabatimizni mustahkamlash, biz belgilab olgan yirik ikki tomonlama loyihalarni ilgari surish hamda taʼlim, madaniyat, global muammolar va xavfsizlik kabi muhim sohalarda hamkorligimizni chuqurlashtirish imkonini beradi.
Mamlakatlarimizni birlashtirgan aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi qatʼiyatimga ishonishingizni soʻrayman.
Sizni Parijda kutib olish sharafidan mamnun boʻlishimni taʼkidlab, Siz, Prezident Janobi Oliylariga, chuqur hurmat-ehtiromimni yana bir bor yoʻllayman.
Doʻstona hurmat bilan,
Emmanuel MAKRON,
Fransiya Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janobi Oliylari!
Sizni va butun oʻzbek xalqini Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar uzviy rishtalarga ega va oʻzaro hamkorlikka asoslanadi. Bu avvalambor, ikki tomonlama tashriflarning faollashganida ham namoyon boʻlmoqda. Qariyb bir yil muqaddam Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻrnatilgan strategik mintaqaviy sheriklik aloqalari orqali mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarimiz yanada chuqurlashib bormoqda.
Hukumatingizning islohotlar yoʻlini davom ettirish istagingizdan mamnunman va bu borada Sizga ulkan muvaffaqqiyatlar tilayman. Germaniya kelgusida ham Oʻzbekistonning olib borayotgan islohotlarda ishonchli hamkori boʻlib qoladi. Barqaror, farovon va demokratik Oʻzbekiston butun mintaqa uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Sizga eng ezgu tilaklarimni, oʻzbek xalqiga erkinlik, xavfsizlik va farovonlikdagi osoyishta kelajak tilayman.
Frank-Valter SHTAYNMAYER,
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Milliy bayramning ushbu yilligi Sizga, Janob Prezident, va doʻst oʻzbek xalqiga Italiya Respublikasi nomidan va shaxsan oʻzimning nomimdan eng yaxshi tabriklarimni yetkazish imkoniyatini bermoqda.
Yaqinda Oʻzbekistonga tashrifim davomida xalqlarimizni birlashtirgan samimiy doʻstlik rishtalari mustahkamlanib borayotganiga guvoh boʻlganman va menga koʻrsatilgan mehmondoʻstlikning yorqin xotiralarini saqlab kelmoqdaman.
Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi faol hamkorlik mintaqadagi istiqbolli aloqalarimizni ham kengaytirish uchun asos boʻldi. Buni joriy yil may oyida Rimda boʻlib oʻtgan “Italiya – Markaziy Osiyo” formatida uchinchi vazirlar konferensiyasi tasdiqladi.
Jiddiy mojarolar va geosiyosiy keskinliklar bilan ajralib turuvchi hozirgi sharoitda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ijobiy hamkorlik tinchlik va barqarorlik istiqbollarini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkinligiga aminman.
Ushbu his-tuygʻular bilan men Sizning farovonligingiz uchun eng iliq tilaklarimni bildirmoqchiman hamda ularni Sizning mehribon turmush oʻrtogʻingiz va barcha vatandoshlaringizga yuborishdan ham mamnunman.
Serjo MATTARELLA,
Italiya Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Mustaqillik bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yoʻllashdan behad mamnunmiz.
Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Salmon bin Abdulaziz Ol SAUD,
Ikki Muqaddas masjid xodimi,
Saudiya Arabistoni Podshohi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Siz, Janobi Oliylariga Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami –Mustaqillik kuni munosabati bilan xolis tabrik va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan bagʻoyat baxtiyorman.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻliq va ulkan zafarlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga yuksalish va farovonlik tilab qolaman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol SAUD,
Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi,
Vazirlar Mahkamasi raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga oʻzimning eng samimiy tabrik va qizgin tilaklarimni yoʻllash sharafiga muyassarligim meni cheksiz quvontiradi.
Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va xalqiga doimiy ravnaq va taraqqiyot tilab qolaman.
Kamoli ehtirom va ezgu tilaklar ila,
Muhammad bin Zoid Ol NAHAYON,
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Mamlakatingiz Mustaqillik kuni bayrami munosabati bilan Siz va Oʻzbekiston xalqiga Qatar Davlati xalqi va shaxsan oʻz nomimdan eng samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan mamnunman.
Siz, Janobi Oliylariga, sihat-salomatlik va baxt-saodat hamda Oʻzbekiston xalqiga farovonlik va doimiy taraqqiyot, shuningdek, kelgusida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar yanada mustahkamlanib borishini tilab qolaman.
Yuksak ehtirom ila,
Shayx Tamim bin Hamad Ol SONIY,
Qatar Davlati Amiri
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Mamlakatingiz Mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan Hindiston hukumati, xalqi va oʻz nomimdan Siz, Janobi Oliylariga, Oʻzbekiston hukumati va xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yoʻllayman.
Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi tarixiy, madaniy va maʼnaviy yaqinlik strategik sherikligimiz uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Tarixiy aloqaga ega boʻlgan ikkita qadimiy sivilizatsiya sifatida biz tinch, barqaror va farovon dunyo haqida mushtarak tasavvurga egamiz. Izchil hamkorligimiz umumiy muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ishonchimiz komilki, bizning hamkorligimiz oʻsishda va rivojlanishda davom etadi va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga, sihat-salomatlik va farovonlik hamda Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, taraqqiyot va totuvlik tilab qolaman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromlarimni qabul qilgaysiz.
Draupadi MURMU,
Hindiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Aziz birodarim!
Hindiston xalqi va hukumati nomidan Sizga va Oʻzbekiston xalqiga Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.
Ushbu qutlugʻ ayyomda xalqlarimiz oʻrtasidagi chuqur va yaqin doʻstlik rishtalarini yodga olamiz. Hindiston va Oʻzbekistonni boy tarix va rang-barang madaniyatga ega boʻlgan ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalariga asoslangan mustahkam sheriklik uzoq yillardan buyon bogʻlab kelmoqda.
Keyingi yillarda hamkorligimiz barcha sohalarda sezilarli darajada kengaydi. Biz “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammiti va Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi koʻp tomonlama platformalar doirasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
Biz ikki tomonlama sheriklikni yanada yuqori bosqichga koʻtarish uchun hamkorligimizni davom ettirish va mustahkamlashga qatʼiy qaror qildik.
Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga mustahkam sogʻliq va farovonlik, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa bundan-da ziyoda taraqqiyot va ravnaq tilayman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Narendra MODI,
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va doʻst oʻzbek xalqiga samimiy tabriklarimni, yurtingizga esa yanada taraqqiyot va farovonlik tilash menga katta mamnuniyat baxsh etadi.
Misr va Oʻzbekiston yillar davomida rivojlanib kelayotgan ajoyib doʻstona va hamjihatlik rishtalari bilan ajralib turadi. Ikki doʻst xalqlarimiz farovonligi yoʻlida mavjud imkoniyatlardan foydalanish va oʻzaro hamkorligimizni davom ettirishga umid qilaman.
Eng yuksak hurmat-ehtiromimni bildirgan holda, janob Prezident, mening salomlarimni hamda doʻst Oʻzbekiston xalqiga samimiy tilaklarimni qabul qilgaysiz.
Abdulfattoh as-SISI,
Misr Arab Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni kirib kelishi munosabati bilan Siz Janobi Oliylari hamda doʻst va birodar Oʻzbekiston xalqini samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.
Ikki mamlakatning oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlari yanada mustahkamlanishiga ishonaman. Qoʻshni va mintaqa davlatlari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish Eron Islom Respublikasi yangi Hukumati tashqi siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Alloh taolodan Siz Janobi Oliylariga salomatlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik soʻrab qolaman.
Masʼud PEZESHKIYON,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Sizga va Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Umid qilamanki, iyun oyida goʻzal mamlakatingizga amalga oshirgan davlat tashrifim mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻtgan yillar davomida barpo etilgan alohida strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, xalqlarimiz oʻrtasidagi almashinuv va doʻstlikni mustahkamlashga turtki beradi.
Sizga chin qalbimdan mustahkam sogʻliq va baxt-saodat, Oʻzbekiston Respublikasiga esa uzluksiz ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Yun Sok YOL,
Koreya Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Oʻzbekistonning milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga eng samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Vengriya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi azaliy doʻstlik soʻnggi yillarda har tomonlama va muvaffaqiyatli strategik sheriklikka aylanib borayotganidan mamnunman. Ishonchim komilki, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga olib keladi.
Sizni ishontirib aytamanki, mening hukumatim yuqori darajadagi strategik muloqotni davom ettirish hamda hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada rivojlantirishga sodiqdir.
Masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar va sihat-salomatlik tilayman!
Samimiyat bilan,
Viktor ORBAN,
Vengriya Bosh vaziri
***
Quyidagilar ham oʻz tabriklarini yoʻllagan:
Yaponiya Imperatori Naruxito,
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Charlz III,
Iordaniya Podshohi Abdulla II,
Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said,
Marokash Podshohi Muhammad VI,
Belgiyaliklar Qiroli Filipp,
Ispaniya Qiroli Filipp VI,
Shvetsiya Qiroli Karl XVI Gustav,
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili,
Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev,
Latviya Respublikasi Prezidenti Edgars Rinkevichs,
Malta Respublikasi Prezidenti Miriam Spiteri Debono,
Polsha Respublikasi Prezidenti Anjey Duda,
Ruminiya Prezidenti Klaus Verner Yoxannis,
Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich,
Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini,
Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb,
Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel,
Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Viola Amxerd,
Estoniya Respublikasi Prezidenti Alar Karis,
Tailand Podshohi Maxa Vachiralongkorn,
Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti To Lam,
Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo,
Nepal Federativ Demokratik Respublikasi Prezidenti Ramchandra Paudel,
Singapur Respublikasi Prezidenti Tarman Shanmugaratnam;
Filippin Respublikasi Prezidenti Ferdinand Markos,
Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Ranil Vikremesingxe,
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun,
Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Bashar al-Asad,
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident Devoni raisi Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,
Qatar Davlat Amiri oʻrinbosari Shayx Abdulla bin Hamad Ol Soniy,
Kanada General-gubernatori Meri Mey Saymon,
San-Marino Respublikasi Kapitan-regentlari Alessandro Rossi va Milena Gasperoni,
Rim-katolik cherkovi rahbari Fransisk,
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi bosh kotibi Sergey Lebedev,
Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibroxim Toha,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad M. Xon,
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dunyuy.
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.