Xotira xiyoboni – ajdodlarga avlodlar ehtiromi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Jizzax viloyatining tuman va shaharlarida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan Sh.Rashidov tumani markazi Uchtepa shaharchasida o‘tkazilgan tadbirda urush va mehnat faxriylari, tuman jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan Xotira xiyoboni va Motamsaro ona haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning barcha tuman markazlari kabi Uchtepada ham qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tuman markazidagi 54 ta ijtimoiy, xizmat ko‘rsatish, infratizim inshootlarida qurilish, rekonstruksiya ishlari bajarilayotir. Ulardan 38 tasi yangidan qurilmoqda.
Tuman markazini bosh reja asosida qayta qurishda Xotira xiyoboni barpo etilishi alohida e’tibordagi inshoot bo‘ldi. Yodgorlik majmuasi qisqa muddatda – 43 kunda qurib bitkazildi. Xiyobonga Motamsaro ona haykali, urush qurbonlarining ism va familiyalari bitilgan yodgorlik lavhasi o‘rnatildi.
Tuman markazini qayta qurishda Xotira xiyoboni barpo etilishiga alohida e’tibor qaratilishi bejiz emas. Tumandan Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilgan 6 mingdan ziyod kishining 3 mingdan ko‘prog‘i Vatanga qaytmadi. Bugun tuman markazida barpo etilgan yodgorlik ana shu qurbonlar, urush jarohatlari bilan yashab o‘tganlar xotirasiga avlodlarning hurmat va ehtiromining ifodasi bo‘ldi.
Tadbirda Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘yildi.
– Urush haqidagi xotiralar, yodgorliklar bizni har doim sergaklikka, tinchlikning qadriga yetishga chaqiradi, – deydi mehnat faxriysi Imomqul Berdiev. – Bugun bu marosimda yodgorlik lavhasidagi yaqinlarining nomlariga boqib ko‘z yoshlarini to‘xtata olmayotgan odamlarga qarab mash’um urush insonlarga nechog‘li og‘ir jarohat yetkazganini his etdik. Xotiraning barhayotligi, tinchlikning barqarorligi uchun bunday yodgorliklar juda kerak.
Shuningdek, tumandagi taniqli kishilar hayoti haqida “Qalblarda yashayotganlar” kitobi nashr etilgani Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan amalga oshirilgan xayrli ishlardan biri bo‘ldi.
Bayram tadbiri harbiylarning saf yurishi, ko‘rgazmali chiqishlari bilan yakunlandi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi E.Soliev so‘zga chiqdi.
Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tayotir.