YANGI ISTE’DODLARNI KASHF ETAYOTGAN FESTIVAL
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Mumtoz kuy-qo’shiqlar tili, millati, urf-odatidan qat’i nazar, yer yuzidagi barcha xalqlar ruhiyatiga sokinlik baxsh etuvchi, ularni birlashtiruvchi g’oyat ta’sirchan vositadir. Uni eshitish, his etish, tushunish uchun tarjimon shart emas. His-tuyg’u, tasavvur va kechinmalar dillardan dillarga, ellardan ellarga ko’chadi.
— Ushbu festival san’atni har tomonlama rivojlantirish, san’atkorlarni qo’llab-quvvatlash, xalqaro ijodiy aloqalarni yanada kengaytirish, madaniy-ma’naviy hamkorlikni mustahkamlash hamda milliy musiqa san’atimiz, yurtimiz taraqqiyoti va sayyohlik salohiyatini butun dunyoga namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali g’olibi, O’zbekiston xalq hofizi Abdunabi Ibrohimov. - Ayniqsa, musiqa va vokal yo’nalishida ijod qiladigan iste’dod egalarini rag’batlantirish, yangi nomlarni kashf etish, iste’dodini yuzaga chiqarishda ushbu anjumanning ahamiyati katta bo’layotir.
Festivalda ishtirok etish uchun madaniyat va san’at yo’nalishida tahsil olayotgan talabalar, litsey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari, badiiy jamoalar, maqomchilar ansambllaridan ijodkorlar tanlab olindi. Ularning ijro mahorati, sahna madaniyati, qobiliyati, iste’dodi baholanib, mumtoz ashulalarni ijro etadigan xonandalar saralandi.
Ular orasida bu yil ilk bor ushbu musiqa anjumanida ishtirok etayotgan iste’dodli xonanda Quvonchbek Do’stmurodov ham bor. U O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining musiqali drama aktyorligi yo’nalishini bitirib, O’zbekiston badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi qoshidagi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat ko’rsatmoqda.
— Festivalda turli xalqlarning milliy ijod mahsullari ijro etiladi, - deydi Quvonchbek. - Ular mumtoz, milliylikka uyg’un, ruhiyatni allalovchi asarlardir. Dunyo san’at ustalari ishtirok etadigan ushbu musiqa bayramida qo’shiq kuylash juda katta mas’uliyat, biz, yosh ijodkorlar uchun katta baxt.
Ushbu musiqa festivali san’at ixlosmandlarini xalqimizning barhayot navolari, bunyodkorligi, salohiyati bilan yanada keng tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu festival Sharq olamini va falsafasini, benazir go’zallik, nazokat va nafosatni aks ettiradigan, inson qalbining eng nozik nuqtalariga yetib boradigan kuy va qo’shiqlarni, qadimiy tasvirlarni ifoda etgani bilan insonning butun vujudini qamrab olishi va o’ziga maftun etishi muqarrardir.
O’zA