Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

YANGILIKLAR XABARNOMASI №242

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
YANGILIKLAR XABARNOMASI №242

2018-yil 8-dekabr

8-DEKABR – KONSTITUTSIYA KUNI
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi

Vatanimiz taraqqiyot yoʻlining huquqiy kafolati

8-DEKABR – KONSTITUTSIYA KUNI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Sizlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan mana shu muhtasham saroyda koʻrishib turganimdan mamnunman.
Barchangizni, butun xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etib, ezgu tilaklarimni izhor qilishga ijozat bergaysiz.
Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi boʻlgan Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, Oʻzbekistonning xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz 26 yil davomida bosib oʻtgan gʻoyat murakkab va sharafli yoʻl Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos oʻrin egallamoqda.
Xalq bilan doimiy muloqotda boʻlish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
Boshlagan ulkan islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ushbu masalalarning ahamiyati kun sayin tobora ortib borayotganini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda.
Aynan shu sababli Bosh qonunimizni chuqur oʻrganish, anglash, hayotga joriy etish va unga soʻzsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimizdir.
Aziz yurtdoshlar!
Inson qadr-qimmatini eʼzozlash, buning uchun har qanday holatda ham adolatni qaror toptirishga qodir boʻlgan odil sudlov tizimini shakllantirish biz uchun oʻtgan ikki yil davomida eng ustuvor vazifaga aylandi.
Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli soʻzlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulugʻvor gʻoya inson qadr-qimmatini oliy darajaga koʻtarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi.
Shu yil noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumida dunyodagi taniqli siyosatchilar, koʻzga koʻringan olim va ekspertlar tomonidan bu borada oʻtgan qisqa davrda amalga oshirgan ishlarimizga munosib baho berildi. Taʼkidlash kerakki, ushbu anjuman Oʻzbekistonning jahondagi obroʻsi va nufuzini yanada oshirdi. Eng muhimi, Osiyo forumi inson huquqlari boʻyicha xalqaro amaliyotga “Samarqand ruhi” degan tushuncha va tamoyilni olib kirdi.
Bugungi kunda yurtimizda inson huquq va erkinliklarini qonuniy himoya qilish boʻyicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, shaxsni ayblashda qonunga zid usulda olingan maʼlumotlardan dalil sifatida foydalanganlik uchun qatʼiy javobgarlik belgilandi.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor takrorlayman: sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron boʻlishi kerak.
Bu borada Alisher Navoiy bobomiz “Zulm qilma, insofli boʻl, xalq uchun “adl qasri”, yaʼni “adolat qoʻrgʻonini” bunyod et”, deb aytgan soʻzlarida qanchalik chuqur maʼno bor.
Adolat qoʻrgʻoni qachon paydo boʻladi? Qachonki sud organlari, sudyalar qonunga, odillik tamoyillariga qatʼiy amal qilib, oʻz vazifasini halol va vijdonan ado etsa, bunga erishish mumkin.
Keyingi ikki yilda sudlar mustaqilligini taʼminlash boʻyicha ham muhim choralar koʻrildi. Jumladan, joriy yilning oʻzida 1 ming 881 ta jinoyat ishi dalillar yetarli boʻlmaganligi sababli tugatildi, sudlar tomonidan 590 nafar shaxs oqlandi. Vaholanki, bu raqam 2016 yilda – eʼtibor bering – bor-yoʻgʻi 28 tani, 2017-yilda esa 263 tani tashkil etgan edi.
Shuningdek, 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan tergovda asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi, 2 ming 449 nafar shaxs esa sud zalidan ozod qilindi.
Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta koʻrish amaliyotiga butunlay chek qoʻyildi.
Insonparvarlik tamoyili asosida mutlaqo yangi amaliyot joriy etilmoqda. Buning natijasida jinoyat yoʻliga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan 993 nafar fuqaro, jumladan, 456 nafar yigit-qiz hamda 113 nafar ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qoʻmitalarining kafilligi bilan jazodan ozod qilindi.
Shuningdek, jazoni oʻtayotgan 3 ming 333 nafar, jumladan, faoliyati man etilgan tashkilotlarga kirib qolgan 646 nafar mahkum afv etilib, oilasi bagʻriga qaytarildi.
Ulugʻ bayram – Konstitutsiya kuni munosabati bilan bugun maxsus Farmonni imzoladim. Unga koʻra, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan va ayni paytda ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan 136 nafar shaxs afv etildi.
Bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi.
Man etilgan tashkilotlarga adashib kirib qolgan, qilmishiga pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtgan fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Joylarda sudyalikka nomzodlarning shaxsiy va kasbiy sifatlarini oʻrganish uchun jamoatchilik komissiyalari tashkil etildi.
Adolat, ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash maqsadida sudda ishlarni elektron taqsimlash tizimi amaliyotga kiritildi. Endilikda inson aralashuvisiz ishni qaysi sudya koʻrishini elektron dastur belgilaydi.
Sud-tergov faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni taʼminlash, sarsonu ovora boʻlish va ortiqcha sarf-xarajatga yoʻl qoʻymaslik maqsadida “elektron jinoyat ishi” va “masofadan turib soʻroq qilish” tizimlari ham joriy etilmoqda.
Fuqarolarimiz huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida advokatlarning vakolatlari kengaytirildi.
Bularning barchasi inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha olib borayotgan islohotlarimiz natijasidir.
Ayni paytda sud-huquq islohotlari jarayonida sudyalikka nomzodlarni tanlash, shaxsiy va kasbiy sifatlarini oʻrganishning chinakam demokratik va oshkora tizimini joriy etish lozim. Xususan, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni sudyalik lavozimiga tavsiya etish tartibini qonun bilan mustahkamlab qoʻyishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Munosib topilgan nomzodlarni kamida bir yil oʻqitib, tayyor sudya sifatida lavozimga tayinlash tizimini joriy etish zarur. Buning uchun Sudyalar oliy kengashi qoshida Sudyalar oliy maktabini tashkil etishni taklif qilaman.
Afsuski, ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchiga putur yetkazmoqda.
Shu boisdan ham, kasbiy mahorat va madaniyatni oshirish, har qanday holatda ham qonun, adolat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib ish koʻrish – har bir sudyaning eng ustuvor vazifasi boʻlmogʻi lozim.
Sudlar tomonidan qabul qilingan har bir qaror, eng avvalo, adolatli, qonuniy va asosli boʻlishi shart. Shundagina odamlarimizda har qanday holatda ham adolat qaror topishiga boʻlgan ishonch yanada mustahkamlanadi.
Joriy yilda xavfsizlik xizmati idoralarining vazifa va vakolatlari toʻliq qayta koʻrib chiqilib, barcha darajadagi xodimlar faoliyatiga xolisona baho berildi.
Ilk bor “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, unga asosan davlat manfaatlarini ichki va tashqi tahdidlardan ishonchli himoya qilish yangi tuzilgan maxsus idoraning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Ekstremizm va terrorizm xavfi, mamlakatimiz konstitutsiyaviy tuzumi va iqtisodiyotiga tajovuzlar saqlanib qolayotgan bugungi tahlikali zamonda Davlat xavfsizlik xizmatining mard va jasur askar va ofitserlari har qanday buzgʻunchi kuchlarga qarshi murosasiz kurashishi va Vatanimiz himoyasida mustahkam qalqon boʻlishi zarur.
Xabaringiz bor, yaqinda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar tayyorgarligini tekshirish maqsadida Chirchiq shahrida boʻlib oʻtgan dala oʻquv mashqlari keyingi ikki yilda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilgan keng qamrovli ishlarning yaqqol namunasi, desam, toʻgʻri boʻladi. Biz bu boradagi ishlarimiz koʻlamini yanada kengaytirgan holda, tizimli ravishda davom ettiramiz.
Shu bilan birga, fuqarolarimiz tinchligi, jamoat xavfsizligini taʼminlash, Ichki ishlar va Milliy gvardiya qoʻshinlari boʻlinmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham qator ijobiy ishlar qilindi.
Jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish borasidagi saʼy-harakatlarimiz, avvalo, keng jamoatchilikning ishtiroki bilan umumiy jinoyatchilikni 36 foizga kamaytirishga erishildi. 3 ming 205 ta yoki 35 foizdan ziyod mahallada esa bironta ham jinoyat sodir etilmadi.
Bundan buyon ham jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha barcha yoʻnalishlar, jumladan, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz hudud” loyihalarida belgilangan vazifalarni samarali va toʻliq amalga oshirish Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya faoliyatida eng ustuvor yoʻnalish boʻlib qolmogʻi lozim.
Konstitutsiyamizda kafolatlangan fuqarolarning erkin harakatlanish huquqlarini taʼminlash maqsadida propiska va viza berishdagi qiyinchiliklar bartaraf etildi.
Dunyodagi 39 ta mamlakat fuqarolariga viza berish tartibining soddalashtirilgani, elektron viza tizimi joriy qilingani natijasida yurtimizga bu yil qariyb 4 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi.
Uzoq yillar mamlakatimizda istiqomat qilib, jamiyat ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan va biz bilan vatandosh boʻlishni orzu qilgan 2 ming 528 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga boʻlgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavf – korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi keskin kurashish borasida ham aniq choralar koʻrilganini alohida taʼkidlash lozim.
Mana shunday ogʻir jinoyatni sodir etgan 1 ming 177 nafar mansabdor shaxsning jinoiy javobgarlikka tortilgani buning yaqqol dalilidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz boʻlmas ekan, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz.
Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻz ichki dasturlari boʻlishi shart.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Gretsiya, Latviya, Estoniya kabi koʻplab mamlakatlarning parlamentlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiya va qoʻmitalar mavjud.
Ana shu ilgʻor xorijiy tajribalar va Konstitutsiyamiz talablari asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qoʻmitalar tashkil qilishni taklif etaman. Ushbu qoʻmitalar barcha boʻgʻindagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qoʻshishi lozim.
Yana bir muhim masala – xalqimizga xos boʻlgan insonparvarlik va bagʻrikenglik tamoyillari asosida jazoni oʻtayotgan shaxslarning haq-huquqlarini taʼminlash tizimini ham takomillashtirish vaqti keldi.
Maʼlumki, Konstitutsiyamizda barcha fuqarolarning taʼlim olish huquqi kafolatlangan. Shuni inobatga olgan holda, mahkum shaxslarning kelgusida ijtimoiy hayotga moslashuvi uchun koʻmak berish maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida masofadan turib taʼlim olish tizimini joriy etish lozim. Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning saylash huquqini cheklovchi normalarni kelgusida xalqaro meʼyorlar asosida qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.
Hurmatli vatandoshlar!
Xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish – Konstitutsiyamizning bosh maqsadidir.
Islohotlar natijasida aholining turmush darajasi va real daromadlari albatta oshib bormoqda. Shunday boʻlsa-da, bu borada hali Hukumat, markaziy iqtisodiy idoralar hamda barcha darajadagi hokimliklar oldida koʻplab vazifalar turibdi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashning eng samarali yoʻli bu – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash ekanini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda.
Konstitutsiyamizda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi, barcha mulk shakllarining tengligi va davlat tomonidan birdek muhofaza etilishi kafolatlangan. Lekin, iqtisodiyotda davlat aralashuvining yuqoriligi va byurokratiya, soliq, bojxona hamda bank tizimidagi mavjud muammolar ichki investitsiyalarni koʻpaytirishga va xorijiy sarmoyadorlarni yanada kengroq jalb etishga hali ham toʻsiq boʻlib kelmoqda.
Mashhur xitoy faylasufi Sun Szining hikmatli bir gapi bor: “Soliqlarni haddan ziyod kuchaytirish turli talon-tarojlikni keltirib chiqaradi, dushmanlarning boyishiga xizmat qiladi, oqibatda, davlat inqirozga uchraydi”.
Koʻp yillar davomida soliq yukining yuqori boʻlgani mamlakatda “xufiyona” iqtisodiyot ulushining ortib ketishiga sharoit yaratdi.
Mavjud vaziyatni hisobga olib, biz avvalambor iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini qabul qildik. Bu konsepsiya ustida biz uzoq ishladik. Mazkur hujjat loyihasi mamlakatimiz jamoatchiligi, biznes hamjamiyati, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, nufuzli ekspertlar tomonidan keng va atroflicha muhokama qilindi.
Konsepsiya asosida soliq siyosatida muhim oʻzgarishlar joriy qilinmoqda. Jumladan, jismoniy shaxslar uchun hozirgacha amal qilib kelgan eng yuqori 22,5 foizlik daromad soligʻi stavkasi oʻrniga 12 foizlik stavka belgilandi, 8 foizlik sugʻurta badali esa bekor qilindi.
Biznes hamjamiyati uchun eng ogʻir hisoblangan yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi ilgarigi 25 foiz oʻrniga 12 foiz etib belgilandi.
Byudjetdan tashqari pensiya, yoʻl va taʼlim boʻyicha maqsadli jamgʻarmalarga 3,2 foiz miqdoridagi majburiy toʻlov bekor qilindi.
Bojxona toʻlov stavkalari qayta koʻrib chiqilib, 3,5 mingga yaqin tovarlar boʻyicha boj miqdori va 800 ga yaqin tovarlar boʻyicha aksiz soligʻi stavkalari kamaytirildi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlar uchun xomashyolarga, shuningdek, asbob-uskuna va texnikalarga nisbatan davlat boji olinmaydigan boʻldi.
Tadbirkorlik subyektlari moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirish bekor qilindi. 138 ta litsenziya va ruxsat berish bilan bogʻliq talablar soddalashtirildi, ularning 42 tasi butunlay tugatildi.
Tadbirkorlik faoliyati uchun yer maydonlarini ajratishdagi toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish, tizimdagi korrupsiya holatlariga barham berish maqsadida yer maydonlarini elektron auksion orqali ajratish tartibi joriy etildi.
Mulk egasiga zararning oʻrni toʻliq qoplanmaguncha davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish va koʻchmas mulkni buzish tartibi bekor qilindi.
Investor va tadbirkorlarga yetkazilgan mulkiy zararni toʻliq qoplab berish tartibi kafolatlandi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab tadbirkorlarimizni mahsulotlar, ish va xizmatlarni eksport qilishda foyda soligʻi va yagona soliq toʻlovidan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Turizmni jadal rivojlantirish, turistlarga munosib infratuzilma yaratish, xizmatlar sifatini yanada oshirish, hududlarning turistik salohiyatidan unumli foydalanish va yangi ish oʻrinlari tashkil etish, milliy turizm mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar davom ettirilmoqda.
Mehmonxonalarning infratuzilmasi, dam olish maskanlari va boshqa sohalarni rivojlantirish uchun 2 trillion 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Buning natijasida minglab yangi ish oʻrinlari yaratish moʻljallanmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarda mashhur brend mehmonxonalarni tashkil etish choralarini koʻrmoqdamiz.
Kelgusi yilda ham faol tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, investorlar uchun keng sharoitlar yaratib berish, ayniqsa, inflyatsiya darajasini pasaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettiramiz.
Jumladan, inflyatsiya darajasini prognoz koʻrsatkichlari doirasida saqlab turish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Birinchidan, biz samaradorligi past boʻlgan va yetarlicha yangi ish oʻrinlari yarata olmayotgan yirik davlat korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratishni qayta koʻrib chiqishimiz lozim. 2019-yilda kreditlar berishda byudjet hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi xarajatlari koʻpaymasligi kerak.
Ikkinchidan, milliy valyutamiz hamda iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash uchun pul-kredit siyosatini tartibga solishning zamonaviy vositalarini joriy etishimiz zarur.
Uchinchidan, asosiy turdagi oziq-ovqat va boshqa isteʼmol tovarlarini ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz va bu orqali narxlar barqarorligini taʼminlashimiz kerak. Qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Toʻrtinchidan, strategik ahamiyatga ega boʻlgan tovarlar boʻyicha narxlarning shakllanish mexanizmlarini tubdan qayta koʻrib chiqish hamda ularni faqat birja savdolari orqali sotish, shu asosda erkin raq́obat muhitini yaratish talab etiladi.
Beshinchidan, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarning bir qismini davlat tomonidan kompensatsiya qilish choralarini koʻrishimiz lozim.
Oltinchidan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan isteʼmol tovarlari importi boʻyicha tariflarni tartibga solishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy qilish kerak.
Yettinchidan, respublikamizning iqtisodiy ahvoli ogʻir hisoblangan 27 ta shahar va tumanini kompleks rivojlantirish maqsadida, avvalo, yirik investitsiya loyihalarini ushbu hududlarda amalga oshirish zarur.
Ochiq aytish kerak: agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi boʻlsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi boʻlsak, chala-chulpa, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab boʻlmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga oʻtishimiz shart.
Yagona yoʻlimiz shu. Bu – Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yoʻl yoʻq. Biz boshlagan islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz va ular albatta oʻzining ijobiy natijasini beradi.
Oldimizda juda mashaqqatli yoʻl turibdi, lekin aholining ogʻirini yengil qilish uchun davlat tomonidan barcha choralar koʻriladi.
Ishonchim komil, mehnatsevar, tadbirkor va uddaburon xalqimiz erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida samarali mehnat qilishga va munosib hayot kechirishga albatta qodir.
Aziz doʻstlar!
Xabaringiz bor, bu yil mamlakatimiz aholisi 33 million kishidan oshdi. Bu, albatta, kichkina raqam emas.
Shuning uchun ham, fuqarolarimizning ijtimoiy huquqlarini roʻyobga chiqarish, jumladan, ular uchun munosib sharoit yaratish, yoshlarni oʻqitish va kasbga tayyorlash, ish va uy-joylar bilan taʼminlash kabi hayotiy masalalarni hal etishimiz lozim.
Konstitutsiyamizda har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekani mustahkamlab qoʻyilgan. Bu muhim hayotiy qoidaning ijrosini taʼminlash – xalqimiz genofondini asrash yoki oddiy qilib aytganda, davlat va jamiyat taraqqiyotining kafolatidir, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Yurtimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida fuqarolarimizning oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1990 yildagi 67 yoshdan 2017-yilda 74 yoshni tashkil etdi. Bolalar oʻlimi 3 barobar kamayishiga erishildi. Biz bu boradagi natijalarimizni yanada mustahkamlashimiz zarur.
Mamlakatimizda aholi salomatligini yanada yaxshilash boʻyicha muhim amaliy dasturlar qabul qilinmoqda.
Mana, kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Sogʻliqni saqlash tizimini 2019-2025 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Bugungi kunning talabi boʻlgan xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish boʻyicha ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Koʻrilgan choralar tufayli 2018-yilning oʻzida 400 dan ortiq xususiy tibbiyot maskanlari tashkil etildi.
Biz “Tarbiya goʻdaklikdan boshlanadi”, degan hikmatli soʻzga amal qilib, taʼlim-tarbiya sohasidagi oʻzgarishlarni uning eng quyi bosqichi – maktabgacha taʼlim tizimidan boshladik.
Qiyoslash uchun faqat bitta misol keltirmoqchiman. Soʻnggi ikki yilda yurtimizda bolalar bogʻchalari soni 1 ming 400 taga ortib, 6 ming 367 taga yetdi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilayotgan xususiy maktabgacha taʼlim maskanlari soʻnggi bir yilda ikki barobar koʻpaydi va 568 tani tashkil etmoqda. Yana mingta shunday bogʻcha ochish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan.
Joriy yilda xalq taʼlimi tizimini isloh qilish, pedagog-oʻqituvchilar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish boʻyicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Oʻqituvchilarning ish haqi bosqichma-bosqich koʻpaytirilib, ularni ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlari joriy qilinmoqda.
Taʼlim tizimining keyingi bosqichi – oliy taʼlim sohasida ham salmoqli islohotlar olib borilmoqda.
Soʻnggi ikki yilda mamlakatimizda 5 ta yangi oliy taʼlim muassasasi hamda 12 ta nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtining filiallari tashkil etildi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti uchun isteʼdodli kadrlarni yetakchi xorijiy taʼlim markazlarida tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida “El-yurt umidi”jamgʻarmasi tashkil etilganidan xabaringiz bor.
Qanday ogʻir boʻlmasin, tan olishimiz kerak, yurtimiz ravnaqi uchun eng zarur yoʻnalishlar boʻyicha izlanuvchan, isteʼdodli yosh kadrlarni chetda, rivojlangan davlatlarda oʻqitishga majburmiz. Shuning uchun ham Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oliy oʻquv yurtlari, mamlakatimizdagi ilmiy markazlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan yaqin hamkorlikda samarali ish olib borishi kerak.
Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish hamda xalq bilan muloqotlarda bildirilayotgan takliflar asosida kelgusida ijtimoiy sohada quyidagi vazifalarni amalga oshirishimiz lozim boʻladi.
Birinchidan, Oʻzbekistondagi ijtimoiy himoya modelini real talablar asosida umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish zarur.
Bu borada nogironligi boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan shaxslarni, ehtiyojmand va nochor oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularni arzon uylar bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelayotganimiz barchangizga maʼlum. Joriy yilning oʻzida 21 ming 500 dan ziyod ana shunday oila arzon uy-joylar bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, 30 ming 500 ga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslarga umumiy qiymati 3,6 milliard soʻmlik protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari ajratildi. Ularning 16 ming nafari reabilitatsiya markazlarida davolandi va bu maqsadlar uchun qariyb 17 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
Ana shunday xayrli ishlarimizni kelgusida ham tizimli ravishda davom ettiramiz, albatta.
Konstitutsiyamizda aholining muhim ijtimoiy huquqi sifatida kafolatlangan pensiya taʼminoti kelgusi yillarda ham eng dolzarb masalalardan biri boʻlib qoladi. Jumladan, 2019-yildan boshlab pensiya toʻlovining yuqori chegarasi eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobariga oshiriladi va ishlayotgan pensionerlarga pensiyalar toʻla miqdorda toʻlanadi.
Ikkinchidan, tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratish hamda ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish zarur.
Shifokorlik kasbini egallash oson ish emasligini, bu insondan mashaqqatli mehnat, mustahkam iroda va matonat talab etishini ortiqcha tushuntirishga hojat yoʻq, deb oʻylayman. Lekin, shu oʻrinda savol tugʻiladi: biz tibbiyot xodimlariga yetarli sharoit yaratib berdikmi? Ularning maoshlari, mehnat sharoitlari qilayotgan xizmatlariga munosibmi? Afsuski, yoʻq.
Joriy yil 1 dekabrdan tibbiyot xodimlari oyligini oshirdik, bu – birinchi qadam. Kelgusi yilda bu borada boshlagan ishlarimizni davom ettiramiz.
Aholiga kafolatlangan tibbiy yordam koʻrsatishni taʼminlash maqsadida kelgusida majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy etishimiz kerak.
Uchinchidan, xalq taʼlimi sohasidagi taʼlim standartlari va oʻqitish uslublarini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida, oʻquvchining individual qobiliyatini roʻyobga chiqarish nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqish lozim.
Farzandlarimizning qobiliyatini roʻyobga chiqarishga bolalikdan eʼtibor berib, ularning kamoloti uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etsak, yurtimizdan yana koʻplab Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar yetishib chiqadi. Men bunga ishonaman.
Toʻrtinchidan, kasb-hunar kollejlari, afsuski, aksariyat hollarda real talab boʻlmagan kasblar boʻyicha quruq diplom beradigan dargohga aylanib qoldi.
Men hududlarga tashrif buyurganimda odamlar bilan koʻproq muloqot qilishga harakat qilaman. Hayron qolasiz, joylarda oddiy quruvchi, traktorchi yoki mexanizator yoʻq. Ishning koʻzini biladigan yer tuzuvchi yoki suvchi topish amrimahol. Koʻp joylarda kollejlarni bitirgan bolalarni kerakli kasbga qayta oʻqitishga toʻgʻri kelmoqda.
Qani, kasb tarbiyasi? Qani, mehnat bozorini oʻrganish? Afsuski, hech kim bu masala bilan jiddiy shugʻullanmayapti.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga iqtisodiyotning real sektoridagi talabni kamida 10-15 yil oldin prognoz qilib, shunga qarab mutaxassis tayyorlash choralarini koʻrishi zarur.
Beshinchidan, aholi bandligini taʼminlash va ishsizlikni kamaytirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan zarur choralar koʻrishimiz lozim.
Savol tugʻiladi: mamlakatimizda haqiqiy ishsizlar soni qancha? Iqtisodiyotning norasmiy sektorida necha foiz aholi band? Xorijga ish qidirib ketganlarning soni-chi?
Biz bir narsani toʻgʻri tushunishimiz kerak: bitta ishsiz odam – oʻnta muammo degani. Bu muammolar ishsiz odamning oʻziga, oilasi va mahallasiga, jamiyatga keltiradigan zararini hisoblasak, masalaning naqadar jiddiy ekani yanada oydinlashadi.
Biz bu yil qabul qilgan “Har bir oila – tadbirkor” hamda “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularga oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi uchun katta imtiyozlar berildi. Kelgusi yilda ham biz ushbu dasturlar ijrosini qatʼiy nazoratga olib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz.
Biz yoshlarimizda tadbirkorlik tashabbusini rivojlantira olsak, ularga mablagʻlardan toʻgʻri foydalanishni oʻrgatsak, nafaqat iqtisodiy, balki koʻplab ijtimoiy muammolarni ham hal etgan boʻlamiz.
Oltinchidan, qishloq joylarda yangi namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va shaharlarda koʻp qavatli uylar qurish boʻyicha ishlarimizni takomillashtirish kerak.
Ayrim hududlarda uylarning sifati boʻyicha Virtual qabulxonaga odamlar shikoyat bilan murojaat qilmoqda. Aynan fuqarolarimizning talab va istaklarini inobatga olib, ehtiyojmand aholi qatlamlari uchun bunyod etilayotgan arzon uylar sonini oshirish va sifatini yaxshilash boʻyicha yaqinda alohida dastur qabul qildik. Ushbu dastur ijrosiga masʼul boʻlgan mutasaddi idoralar oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishlari va xalqimizni rozi qilishlari shart va zarur.
Hurmatli yurtdoshlar!
Keyingi ikki yilda fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, turmush sharoitlarini yaxshilash, yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni hal etishga qaratilgan 90 ta qonun hamda 2 mingdan ziyod farmon va qarorlar qabul qildik.
Qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan 13 mingdan ortiq topshiriqlarning 20 foizi muddatida ijro qilinmagan. Bu Vazirlar Mahkamasi, qator davlat va xoʻjalik boshqaruvi idoralari rahbarlari va mahalliy hokimliklarning ishga masʼuliyatsiz yondashayotganidan dalolat bermoqda.
Biz markazda va joylarda ortiqcha majlislarni keskin kamaytirib, koʻproq amaliy ishlar va aniq natija bilan shugʻullanishimiz kerak. Nega deganda, odamlar quruq majlisbozlikdan charchadi.
Olib borayotgan islohotlarimiz va davr talabidan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni chinakam ijro hokimiyatining oliy organiga aylantirish vaqti keldi, deb oʻylayman.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, chuqur ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hech qaysi mamlakatda osonlikcha amalga oshirilgan emas.
Islohotlar albatta eskicha yashash, eskicha ishlashga oʻrganib qolgan ayrim mansabdorlarga yoqmaydi. Buniyam ochiq aytishimiz kerak. Chunki oʻzgarish, yangilanish ularning tinchi va oromini, huzur-halovatini buzadi. Lekin hayot davom etar ekan, hayot talabi boʻlgan islohotlar ham izchil davom etishi muqarrar. Bu haqiqatni va talabni barcha darajadagi rahbarlar chuqur anglab olishlari zarur.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Sizlarga yaxshi maʼlumki, qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini tashkil etish Senat Raisi va Qonunchilik palatasi Spikerining konstitutsiyaviy vakolati hisoblanadi. Lekin, afsuski, parlamentning bu sohadagi faoliyatida tub oʻzgarish sezilmayapti. Jumladan, joriy yilda davlat organlari va mansabdor shaxslarga Senat bor-yoʻgʻi 2 ta, Qonunchilik palatasi esa 3 ta parlament soʻrovi yuborgan, xolos.
“Parlament majlislarida markaziy organlar va hududlar rahbarlari hisobotlarini eshitdik”, deb maqtanamiz. Lekin savol tugʻiladi: bunday hisobotlar boʻlayotgan boʻlsa, ularning natijalari boʻyicha qanday hujjatlar qabul qilindi va ijroga yoʻnaltirildi? Faoliyati qoniqarli boʻlmagan qaysi vazir yoki hokimga nisbatan munosabat bildirildi?
Xalq vakillarining qatʼiy pozitsiyasi qayerda qoldi?
Misol uchun, qaysi senator yoki deputat Soliq siyosati konsepsiyasi ijrosi bilan qiziqib, Moliya vazirligi yoki Davlat soliq qoʻmitasi rahbarlariga soʻrov yubordi?
Eng asosiy kamchilik shuki, Oliy Majlis hali-hanuz haqiqiy bahs-munozaralar maydoniga aylangani yoʻq.
Shu munosabat bilan Oliy Majlis palatalarida qonunlar ijrosini koʻrib chiqish, rahbarlar hisobotini eshitish bilan cheklanmasdan, bevosita joylardagi ahvolni tizimli ravishda oʻrganish va tegishli takliflar ishlab chiqish amaliyotini yoʻlga qoʻyish zarur, deb hisoblayman.
Yana bir inkor etib boʻlmaydigan haqiqat borki, fuqarolarda ham islohotlarga nisbatan daxldorlik hissi shakllanishi kerak. Ana shundagina koʻzlagan maqsadlarga erishib, oldimizga qoʻyilgan vazifalarning toʻliq uddasidan chiqamiz.
Bu jarayonda kuchli va taʼsirchan jamoatchilik nazoratining oʻrni beqiyosdir. Shu maqsadda kelgusi yildan boshlab “Jamoat fikri” portalini ishga tushirishga qaror qildik.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari gʻoyat muhim oʻrin tutadi.
Men ommaviy axborot vositalari faoliyatini muntazam kuzatib boraman. Lekin, afsuski, islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi bilan bogʻliq muammolar, aholi murojaatlari yuzasidan gazeta, tele va radiokanallarda tanqidiy maqola, koʻrsatuv va eshittirishlar juda kam.
Vaholanki, islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari xalq manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanishi lozim. Buning uchun ulardan shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi.
Jamiyatimizdagi keng koʻlamli islohotlar samarasini taʼminlash uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirishimiz zarur, deb hisoblayman.
Birinchidan, Oliy Majlis palatalarining parlament soʻrovlari va parlament eshituvlari qonun va qarorlar ijrosini hamda islohotlarimiz samaradorligini taʼminlovchi taʼsirchan vositaga aylanishi kerak.
Ikkinchidan, deputat va senatorlarimiz bevosita joylarga chiqib, aholini tashvishga solayotgan muammolarni tizimli ravishda chuqur oʻrganib borishlari zarur. Ularni hal etish boʻyicha Hukumat va hokimliklar oldiga vazifa qoʻyishi va talab qilishi, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha aniq choralarni koʻrishlari ayni muddao boʻlur edi.
Uchinchidan, oʻylaymanki, qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish va toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanadigan qonunlar qabul qilish vaqti keldi.
Misol uchun, hozirgi vaqtda xorijiy investitsiyalar sohasida 8 ta qonun, 14 ta farmon va 100 dan ortiq qonunosti hujjatlari mavjud. Lekin mahalliy va chet ellik investorlarga bizda nechta farmon yoki qaror borligi emas, balki ularning aniq va samarali ishlashi uchun yaxlit tizim mavjudligi muhim.
Men hurmatli deputatlarimizdan qonun loyihalarini ishlab chiqishda shunchaki kuzatuvchi yoki ekspert emas, balki tashabbusni oʻz qoʻllariga olib, bevosita loyiha tashabbuskori va ijodkori boʻlishlarini iltimos qilaman. Ulardan saylovchilar, xalqimiz ham shuni kutmoqda.
Bu borada zudlik bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunlar roʻyxatini shakllantirishimiz, amaldagi mavjud muammolarni chuqur va tanqidiy ravishda oʻrganib, eng ilgʻor xalqaro tajribalar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotga qoʻllanadigan qonunlar qabul qilishimiz lozim.
Toʻrtinchidan, har bir qonun yoki qarorning yaratilishi sohadagi mavjud muammolarni chuqur tahlil etishni, xorijiy ilgʻor tajribalarni oʻrganishni, bir soʻz bilan aytganda, mashaqqatli mehnatni talab etadi.
Har qanday qonun hujjatini qabul qilishdan pirovard maqsad – xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash ekanini unutmasligimiz zarur.
Bu jarayondagi eng asosiy masala – qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga oʻz muddatida yetkazib berish, ularni amalga oshirishni qatʼiy taʼminlashdan iborat. Bu borada adliya idoralarining rolini yanada kuchaytirish vaqti-soati keldi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Har qanday qonun maʼlum huquq berish bilan birga, zimmamizga majburiyat ham yuklaydi.
Asosiy qonunimiz bilan barcha fuqarolar zimmasiga Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyati yuklatilgan.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning shakllanishi, avvalambor, tarbiya va muhit bilan bevosita bogʻliqdir.
Birgina misol. Kanadaning 1 milliondan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan Kalgari shahrida joriy yilning 10 oyida avtohalokatlar tufayli 10 nafar shaxs nobud boʻlgan.
Oʻzingiz solishtirib koʻring: jami 2 yarim milliondan ziyod avtotransport mavjud boʻlgan bizning yurtimizda esa, shu davrda 1 ming 600 dan ortiq kishi avtohalokat qurboni boʻlgan. Bu – ogʻir kulfat, katta yoʻqotish emasmi?!
Biz yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirdik. Lekin shuning oʻzi bilan muammoni toʻliq yechish mumkinmi? Menimcha, yoʻq!
Buning sababi jamiyatda huquqiy madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani bilan bevosita bogʻliq.
Biz jamiyatimizda huquqiy madaniyatni lozim darajada shakllantirmas ekanmiz, huquqbuzarlikka chek qoʻymas ekanmiz, qonunni buzish holatlari davom etaveradi.
Qonunlarga hurmat odamlarimizning huquqiy ongi va madaniyati asosida shakllanadi. Yaʼni, ayrim kishilar jazodan qoʻrqib qonunga itoat etsa, boshqalar bolalikda olgan tarbiyasiga koʻra qonunni hurmat qiladi.
Shu bois birinchi navbatda aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida huquqiy tarbiyani keng yoʻlga qoʻyishimiz lozim.
Oddiy qilib aytganda, farzandlarimizga bolalik paytidan “yaxshi” va “yomon”, “mumkin” va “mumkin emas” degan tushunchalar oʻrtasidagi farqni oʻrgatishimiz, oʻzimiz esa ularga doim shaxsiy namuna boʻlishimiz kerak.
Albatta, maktablarda “huquq” darslari oʻtiladi, lekin ularning mazmuni yuzaki oʻqitishdan iborat boʻlib, huquqning tarbiyaviy ahamiyati ikkinchi oʻringa tushib qolgani ham sir emas.
Mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan qonunchilik targʻiboti ham tizimli yoʻlga qoʻyilmagan. Shuning uchun huquqiy bilimlarni, qonunlarning mazmun-mohiyatini taʼlim maskanlari, ommaviy axborot vositalari, Internet resurslaridan, adabiyot, sanʼat, diniy muassasalar imkoniyatlaridan foydalangan holda, samarali usullar bilan targʻib qilishimiz zarur.
Afsuski, biz Asosiy qonunimiz haqida Konstitutsiya bayramiga oʻn-oʻn besh kun qolganda gapira boshlaymiz. Holbuki, Konstitutsiyani, uning gʻoyalarini oʻrganish va oʻrgatish barchamizning doimiy vazifamiz boʻlmogʻi zarur.
Esingizda boʻlsa, bu masala boʻyicha bundan ancha yillar oldin Oliy Majlis qarori ham qabul qilingan edi. Lekin oʻtgan davrda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy hayotimizda koʻp narsa oʻzgardi. Binobarin, endi bu qarorni yangilash, unga zamon ruhini singdirish zarurati paydo boʻlmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Bosh qomusimizning har bir moddasi biz uchun dasturilamalga, hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur. Buning uchun Asosiy qonunimizni umumtaʼlim maktablarida, oliy oʻquv yurtlarida, mahalla va mehnat jamoalarida tizimli ravishda oʻrganish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishimiz kerak.
Biz jamiyatimizda shunday huquqiy madaniyatni shakllantirishimiz kerakki, unga muvofiq Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyat emas, balki kundalik qoida va odatga aylanishi shart.
Muxtasar qilib aytganda, fuqarolarimiz qonunlarni buzishdan koʻra, ularga amal qilishdan manfaatdor boʻlishlari lozim.
Yana bir fikrga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Afsuski, jamiyatimizda hanuzgacha boqimandalik kayfiyati butunlay barham topgani yoʻq.
Barchamiz bir narsani tushunib olishimiz kerak: yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga, javobgarlik va masʼuliyatni ham chuqur his etishimiz zarur. Bunga erishish esa, faqat va faqat oʻzimizga bogʻliq.
Koʻzlagan marralarimiz qanchalik yuksak va mashaqqatli boʻlmasin, ularga yetish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Ajdodlarimiz merosi, xalqimizning ilmiy va bunyodkorlik salohiyati hamda tadbirkorlik fazilati bizga bu yoʻlda beqiyos kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qiladi.
Biz xalqimizning farovon hayotini, farzandlarimizning yorugʻ kelajagini taʼminlash uchun bundan buyon ham bir tanu bir jon boʻlib, bor salohiyat, bilim va tajribamizni safarbar etishimiz lozim.
Yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini taʼminlash, oʻgʻil-qizlarimizning ilmga, hunarga boʻlgan intilishlarini har tomonlama kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash kelgusida ham islohotlarimiz markazida boʻladi.
Biz tashqi siyosatimizda uzoq va yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik aloqalarini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab, barcha sohalarda oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantiramiz.
Chunki:
Bilimli avlod – buyuk kelajakning,
tadbirkor xalq – farovon hayotning,
doʻstona hamkorlik esa – taraqqiyotning kafolatidir!
Fursatdan foydalanib, bugungi marosimda ishtirok etayotgan, bizga xayrixoh boʻlgan, mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini bugungi bayram bilan samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.
Qadrli doʻstlar!
Aziz vatandoshlarim!
Sizlarni bugungi Konstitutsiya bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Barchamizga kelgusi yilda ham sogʻ-salomat va xush kayfiyatda uchrashish nasib etishini Yaratgandan soʻrab qolaman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.
(Manba: O‘zA)

Vatanimiz taraqqiyot yoʻlining huquqiy kafolati
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan 7-dekabr kuni “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda davlat va jamoat arboblari, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport namoyandalari, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etib, mamlakatimiz hayotining bir yilida roʻy bergan oʻzgarish va yangilanishlar haqida maʼruza qildi.
Mustaqillik yillarida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar, xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanayotgani, iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligi mustahkamlanib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalib borayotgani zamirida Asosiy qonunimizda belgilangan huquqiy kafolatlar mujassam. Konstitutsiyamizda xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan milliy istiqlolimiz, jonajon Vatanimizning taraqqiyot yoʻli, inson huquq va erkinliklari kafolatlari belgilab qoʻyilgan.
Prezidentimiz maʼruzasida taʼkidlanganidek, mamlakatimiz mustaqillik yillarida bosib oʻtgan gʻoyat murakkab va sharafli yoʻl Bosh qomusimizning hayot́baxsh kuchi, ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishda, innovatsion rivojlanish sari odimlashda beqiyos oʻrin tutmoqda.
Joriy yil xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, tadbirkorlarda tashabbuskorlikni kuchaytirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash borasida tizimli amaliy harakatlar davri boʻldi. “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi asosida bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilinib, aholi hayotini tubdan yaxshilashga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlandi. Bu xalqimiz ertaga, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak, degan olijanob gʻoyani roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. “Har bir oila – tadbirkor” hamda “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha sezilarli ishlar qilinmoqda. Bularning barchasi odamlarda Vatanimiz taqdiriga daxldorlik, ertangi kunga ishonch tuygʻusini yanada mustahkamlamoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida erishilayotgan bunday oʻzgarishlar nafaqat yurtimiz, balki butun mintaqa hayotiga yangi ruh olib kirdi. Qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlar yanada mustahkamlandi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik koʻpriklari tiklandi.
Konstitutsiyamiz boshlangan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, xalqimiz uchun hech kimdan kam boʻlmagan turmush sharoiti yaratish, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, eng muhimi, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olishdek olijanob maqsadlarimizning kafolati va huquqiy poydevori sifatida barchamizni yuksak marralarga ruhlantiradigan beqiyos qudrat manbai boʻlib xizmat qilaveradi.
Tantanali marosimda yurtimiz sanʼat ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida ilk bor jonli konsert dasturi namoyish etildi.
(Manba: O‘zA)

Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart