YOSH O’ZBEK TENNISCHILARI G’ALABASI

Farg’onada tennis bo’yicha o’smirlar va qizlar o’rtasidagi Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) musobaqalar taqvimidan joy olgan “Fergana Cup - 2015” turnirida tennischilarimiz g’alaba qozondi, deb xabar beradi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.

Turnirning o’g’il bolalar o’rtasidagi yakkalik bahslarida uchinchi raqamda saralangan Humoyun Sultonov hal qiluvchi musobaqada yana bir hamyurtimiz Saida’lo Saidkarimovni 6:2, 6:4 hisobida mag’lubiyatga uchratib, bosh sovrinni qo’lga kiritdi.

Juftliklar o’rtasidagi final bahsi ham tennischilarimiz ishtirokida bo’ldi. Amal Sultonbekov va Azizjon Turg’unov Sharobiddin Abzalov va Humoyun Sultonov juftligini 6:3, 7:5 hisobida yengib, turnir g’olibiga aylandi.

Qizlar o’rtasidagi juftlik bahslarida tennischimiz Kamola Umarova va rossiyalik Kamila Rahimova finalda qozog’istonlik raketka ustalari Go’zal Aynitdinova va Jibek Qulambayevani 2:6, 6:2, 11:9 hisobida mag’lubiyatga uchratdi.

O’zA