Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2018-yil 28-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi ish boshladi. Unda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan keyin senatorlar ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishga kirishdilar.

Senatorlar ishni “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Saylov kodeksi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan. Hujjatda fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini ta’minlash, Prezident, Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasi faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonun hujjatlari normalarini birxillashtirish nazarda tutiladi.

Mazkur hujjatni ishlab chiqish jarayonida saylovga doir qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish milliy amaliyotini umumlashtirish yuzasidan muayayn ishlar olib borildi. Bundan tashqari, 20 dan ortiq mamlakatning, shu jumladan Frantsiya, Gollandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belorussiya, Ozarbayjonning tajribasi, shuningdek xalqaro saylov standartlari, shu jumladan YeXHTning DIIHB tavsiyalari, Venetsiya komissiyasi takliflari o‘rganildi.

So‘zga chiqqan senatorlar qayd etganidek, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilinishi saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini birxillashtirishga ko‘maklashibgina qolmay, balki saylovga doir qonun hujjatlarini va saylov amaliyotini takomillashtirishga xizmat qiladi. Masalan, Saylov kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan normalarga ko‘ra, Ekologik harakat vakillari uchun Qonunchilik palatasida deputatlar o‘rinlarini kvotalash instituti chiqarib tashlanadi, bunda Qonunchilik palatasidagi deputatlar o‘rinlarining umumiy soni (150 ta o‘rin) saqlab qolinadi.

Shuningdek, Saylov kodeksida katta ijtimoiy xavfi bo‘lmagan jinoyatlar va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishi bo‘yicha cheklovlar olib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzodlar ko‘rsatish tartibi bekor qilinmoqda. Shu tariqa siyosiy partiyalar xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga nomzodlar ko‘rsatishda mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.

Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash tartibi qonunchilik yo‘li bilan belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxati amal qilishi tartibi qonunchilik darajasida tartibga solinmoqda, bu saylovchini “bitta saylovchi - bitta ovoz” printsipi bo‘yicha faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi tatbiq etilishini ta’minlaydi.

Ham muddatidan oldin ovoz berish, ham saylov kuni ovoz berish uchun yagona hujjat - saylov byulleteni joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi qonun hujjatlaridan chiqarib tashlanmoqda. Saylovchilarga o‘zi yoqlab ovoz beradigan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga belgilardan birini (+, √, x) qo‘yish imkoni berilmoqda.

Saylov kodeksida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish tartibi belgilanmoqda. Nomzodlar tuman, shahar Kengashlari majlislarida muhokama etiladi va okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Ta’kidlanganidek, Saylov kodeksida saylov komissiyasi a’zolariga qo‘yiladigan talablar mustahkamlanmoqda. Jumladan, yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar saylov komissiyalarining a’zolari bo‘lishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda. Bunda saylov komissiyasi a’zolari boshqa saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar a’zolari bo‘lishi mumkin emas. Hokimlar, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, nomzodlarga bevosita bo‘ysunadigan shaxslar saylov komissiyalari tarkibida bo‘lishi mumkin emas.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, Saylov kodeksining qabul qilinishi umumiy qoidalarni yagona hujjatda birlashtirish va saylov jarayonining tartib-taomillariga oid masalalariga, shu jumladan uchastka saylov komissiyalari ishlariga aniqlik kiritish, saylov kampaniyasining oshkoraligi va ochiqligi printsiplarini mustahkamlash imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng parlament a’zolari “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 7 dekabrda qabul qilingan Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.

So‘zga chiqqan senatorlar reproduktiv salomatlik masalalari, umuman fuqarolar sog‘lig‘ini, onalik va bolalikni saqlash, har tomonlama va uyg‘un barkamol avlodni shakllantirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ekanini ta’kidladilar. Shundan kelib chiqqan holda, Qonunning maqsadi - aholining reproduktiv salomatligini saqlash, bepushtlikning oldini olish va uni davolash sohasidagi jamoat munosabatlarini tartibga solishdir. Qonunning huquqiy tartibga solinishi mamlakat fuqarolari salomatligini, ularning sog‘lom va baxtli oila yaratish imkoniyatlarini ta’minlashga qaratilgan.

Qonunda asosiy printsiplar belgilangan bo‘lib, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlashni tashkil etishning barcha bosqichlarida tibbiy xizmatlar qulayligi va sifatliligi, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash va oilani rejalashtirish bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlar hajmini ta’minlash, shaxsiy hayotga aralashuvdan himoyalanish, shaxsiy va oilaviy sirni saqlash, insonparvarlik, insonga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, reproduktiv muammolarni hal qilishda axborotning maxfiyligi, reproduktiv salomatlikni saqlash masalalarida erkaklar va ayollarning tengligi shular jumlasidandir. Bundan tashqari, hujjatda mazkur sohadagi davlat siyosatining quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilangan: fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish; fuqarolarning salomatligini saqlash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish; ota-onalarda sog‘lom bolalar tug‘ish uchun javobgarlik hissini paydo qilish orqali ularda buning uchun ongli munosabatni shakllantirish va hokazo.

Mazkur Qonun aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash tizimini qonunchilik darajasida mustahkamlab qo‘yishga ko‘maklashishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Hujjat 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilganiga urg‘u berildi.

Qonunda ma’muriy nazoratning quyidagi asosiy printsiplari mustahkamlanmoqda: qonuniylik, insonparvarlik, belgilanadigan cheklovlarning tabaqalashtirilganligi va individuallashtirilganligi. Shuningdek, ma’muriy nazorat, ma’muriy cheklov, nazorat ostidagi shaxs, nazorat ostidagi shaxsning yashash joyi kabi tayanch tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda. Sud tomonidan voyaga yetgan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan shaxslarga; og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxslarga; O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga binoan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanadigan qilmishlarni sodir etganlik uchun boshqa davlat hududida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tagan shaxslarga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatilishi mumkinligi belgilanmoqda. Bunda ma’muriy nazorat sudlanganligi olib tashlangan yoki sudlanganlik holati tugatilgan shaxslarga nisbatan o‘rnatilishi mumkin emas. Bundan tashqari, nazorat ostidagi shaxslarga nisbatan sudning sodir etilgan qilmishning xususiyati hisobga olingan holdagi qarori asosida ma’muriy cheklovlarga aniqlik kiritilmoqda va ular to‘ldirilmoqda (alkogolli ichimliklarni iste’mol qilishni taqiqlash va hokazolar).

Shu bilan birga, Qonunda belgilanishicha, qo‘llaniladigan ma’muriy cheklovlar sud tomonidan ichki ishlar organlarining taqdimnomasiga yoki nazorat ostidagi shaxsning yoxud uning vakilining arizasiga, shuningdek mehnat jamoasining, jamoat birlashmasining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining iltimosnomasiga binoan, nazorat ostidagi shaxsning turmush tarzi va xulq-atvori haqidagi ma’lumotlar inobatga olingan holda qisman bekor qilinishi mumkin.

Muhokama chog‘ida qayd etilganidek, Qonun avval sudlangan shaxslar tomonidan jinoyatlar takroran sodir etilishining oldini olishga, ularda jamiyatda o‘zini ijobiy tutishga moyillikni yaratishga, shuningdek qayta tarbiyalashda va huquqbuzarliklarning oldini olishda jamoatchilikning rolini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2-bandiga muvofiq ishlab chiqildi.

Jumladan, tuzatishlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari nomzodlarini ko‘rib chiqish va ma’qullash tartibi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, Qonunda mustahkamlanayotgan normaga ko‘ra Bosh vazir O‘zbekiston Respublikasi hukumati a’zolari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosining borishi to‘g‘risidagi hisobоtni har chorakda Oliy Majlis palatalariga taqdim etishi kerak.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, mazkur Qonun qabul qilinishi hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga ko‘maklashadi va Vazirlar Mahkamasini shakllantirishning demokratik tartib-taomillarini ta’minlaydi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

“Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan muhokama etildi. Qonunda O‘zbekiston Respublikasining bir qancha qonunlariga Qonunchilik palatasi deputatlari va Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash mexanizmini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga aniqlik kiritishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qonunlarni sharhlash va (yoki) muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risidagi taqdimnomani Oliy sud raisi tomonidan Oliy sud Plenumi ko‘rib chiqishi uchun kiritish haqidagi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, bir qator qonunlarga Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalaridagi vakolatli vakilining Qonunchilik palatasi qo‘mitalari majlislarida qonun loyihalari muhokamasida ishtirok etish huquqini nazarda tutadigan hamda Vazirlar Mahkamasining a’zolariga, davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan parlament so‘roviga, shuningdek senatorning, Qonunchilik palatasi deputatining so‘roviga o‘z vaqtida javob yuborilishini ta’minlashda ko‘maklashish, shuningdek qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati sohasida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlash funktsiyalarini ko‘zda tutadigan o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Jinoyat, Jinoyat protsessual kodekslariga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirganlik, o‘tkazganlik, olganlik, saqlaganlik yoki ulardan foydalanganlik, shu bilan birga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash, ulardan foydalanish yoki boshqa shaxslarga berish tartibini buzganlik, shuningdek ulardan boshqa maqsadlarda foydalanganlik jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bunda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirishda, o‘tkazishda, olishda, saqlashda yoki ulardan foydalanishda ularni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi haqida qo‘shimcha kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Qurilish faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturining 2-bandiga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima miqdorlari oshirilishini, qurilish sohasida nazorat qilish va yo‘l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat qilish inspektsiyalarining ko‘rsatmalarini bajarmaganlik (yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ob’yektlaridan tashqari), ob’yektlarni qurilish sohasidagi va yo‘l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat qilish inspektsiyalarining ruxsatisiz qurganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bunda arxitektura va qurilish organlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomalarni tuzishga oid vakolatlari Qurilish sohasida nazorat qilish va yo‘l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat qilish inspektsiyalariga berilmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik, mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni, ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun normalari parlament quyi palatasining nazorat-tahlil faoliyatidan kelib chiqib ishlab chiqilgan hamda fuqarolar, keng jamoatchilik vakillariga atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish va jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazishda ishtirok etish huquqini berishga qaratilgan. Qonunda bir qator davlat organlarining, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilangan. Qonunda atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan ekologik nazorat bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organlari - Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligining vazifalari ham belgilab berilmoqda.

So‘zga chiqqan senatorlar ta’kidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi atmosferaga tashlanayotgan zararli chiqindilar hajmlarini kamaytirishga va havo musaffoligini ta’minlashga, bu orqali atrof- muhit, inson hayoti, salomatligi va genofondi xavfsizligini ta’minlashga, ekologik barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Mansabdor shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Ombudsman tomonidan doimiy ravishda qamoqda saqlash joylariga kirish, qamoqda saqlanayotgan shaxslar soni haqida ma’lumot olish, ularni saqlash sharoitini o‘rganish, qamoqda saqlash joylaridagi shaxslar bilan xoli uchrashish, shuningdek ushbu joylar ma’muriyati xodimlari bilan uchrashish va ushbu uchrashuv hamda suhbatlarni texnik vositalardan foydalangan holda bayonini yozish yo‘li bilan qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olishga qaratilgan.

Ombudsmanga bunday joylarda shaxsni saqlashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishib chiqish va ma’muriyatdan ularning ko‘chirma nusxalarini olish, ma’muriyatdan qamoqda saqlanayotgan shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, unga tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko‘rsatishni talab qilish va bu tadbirlar o‘tkazilishida ishtirok etish huquqi taqdim etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili endi qamoqda saqlash joylari ma’muriyati rahbariyatidan qamoqda saqlanayotgan shaxslar huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar olish, qamoqda saqlash joylari ma’muriyati rahbariyatining qonunga zid harakatiga (harakatsizligiga) chek qo‘yish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rish, shaxslarni qamoqda saqlash sharoiti haqida xulosa tayyorlash va uni tegishli tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish, shuningdek tegishli davlat organlariga qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunda 24 ta qonun va 8 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi, “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunlarga, Havo kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Fuqarolik kodeksiga “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunidan kelib chiqib, turli xil talqin etish imkoniyatini istisno etadigan tushunchalar va terminlar ma’nolariga muvofiq ularni bir xilda qo‘llashni ta’minlashga qaratilgan tahririy tuzatishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, bir qator qonunlarga surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan tahririy tuzatishlar kiritilmoqda. Protsessual harakatlarni videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazish tartibi, shartlari va asoslarini aniqlash maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksi yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda. “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan tuzatishga ko‘ra, ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari surishtiruvchilariga, tergovchilariga va rahbarlariga nisbatan jinoyat ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, Toshkent shahar, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining tergovchilariga, bo‘linma rahbarlariga va boshlig‘iga nisbatan esa Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan qo‘zg‘atiladi.

Qonun qabul qilinishi jinoyat protsessini yanada takomillashtirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqdilar.

Mazkur hujjat to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun talablariga javob bermasligini inobatga olib, Oliy Majlis Senati qonunni rad etish va uni ma’qullash jarayonida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni hal etish uchun parlament palatalarining kelishuv komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

So‘ngra senatorlar “Er to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini muhokama qildilar.

Qonun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik, Yer va Soliq kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Qonun qabul qilinishi yer resurslaridan, ayniqsa sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati samaradorligini mustahkamlashni va oshirishni ta’minlashga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqdilar.

Hujjatda “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunga, Uy-joy, Yer, Shaharsozlik kodekslariga va bir qator boshqa qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Masalan, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunga “xalqaro obligatsiya” (emitent tomonidan chiqariladigan va moliyaviy tashkilotlarning guruhi tomonidan joylashtiriladigan, emitentning mamlakatidan tashqari bir yoki undan ko‘proq davlatda taklif etiladigan, birlamchi ravishda (shu jumladan obuna bo‘yicha) faqat ushbu guruh orqali sotib olinadigan emissiyaviy qimmatli qog‘oz) tushunchasini kiritishni, amaldagi tartib doirasidan tashqarida “xalqaro obligatsiyalar” tushunchasini kiritishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bunga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga kiritish kvotalari va tartibini belgilaydi.

So‘zga chiqqan senatorlar keyingi yillarda respublikada ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingida O‘zbekiston ko‘rsatkichi ikki baravar yaxshilanib, jahonning 190 ta davlati orasida mamlakatimiz 146-o‘rindan 76-o‘ringa ko‘tarilganini qayd etdilar. Biroq sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish vazifasi hali ham dolzarbligicha qolmoqda.

Tugatishlar aynan shunga qaratilgan bo‘lib, bu biznes yuritish sohasida mamlakatimiz nufuzini yanada yaxshilashga ko‘maklashadi. Qonunda qulay biznes-muhit shakllantirishga qaratilgan “Biznes yuritish” hisobоti metodologiyasi talablarini qonun hujjatlariga kiritish nazarda tutilmoqda.

Masalan, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi to‘g‘risidagi shartnomani notarial tartibda albatta tasdiqlatishni bekor qilish, aktsiyadorlik jamiyatlari va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar ustav jamg‘armasining eng kam miqdoriga qo‘yilgan talabni bekor qilish, litsenziya talablaridagi ustav kapitalining eng kam miqdoriga qo‘yilgan talablarni belgilash to‘g‘risidagi normalar kiritilmoqda. Shuningdek aktsiyadorlik jamiyati ustav kapitalida kamida 15 foizlik ulushga ega investorning bo‘lishi haqidagi talabni bekor qilish nazarda tutilmoqda. Amaldagi aktsiyadorlar qo‘shimcha chiqariladigan aktsiyalarni xarid qilishda, aktsiyadorlar umumiy yig‘ilishiga majburiy auditor tekshiruvini o‘tkazish uchun auditor tashkilotini belgilash vakolatini berishda ustuvor huquqqa ega ekani haqidagi tartib belgilanmoqda.

Senatorlar Qonun tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning huquqiy asosini mustahkamlash imkonini berishini qayd etdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi bir qator qonunlarni ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n sakkizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

www.mfa.uz