“ADOLAT” SOTSIAL-DEMOKRATIK PARTIYASINING QURULTOYI BO‘LIB O‘TDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
2016-yil 15-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining VIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Qurultoyda O‘zbekiston “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodi va uning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan joriy yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi e’lon qilindi.
“Adolat” SDP ham mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimizga yanada to‘kis, farovon turmush sharoitlarini yaratish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ma’naviy sohalardagi islohotlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan siyosiy kuch sifatida ushbu saylovda munosib ishtirok etishga kirishdi.
Qurultoyda joriy yil 17-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan “Adolat” SDP Siyosiy kengashining VI plenumi qaroriga muvofiq partiya Siyosiy kengashi raisi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Narimon Majitovich Umarovning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi muhokama qilindi.
Qurultoy ishtirokchilari “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodi N.Umarov yetarli hayotiy tajribaga ega ekani, safdoshlari orasida obro‘-e’tibor qozonganini inobatga olgan holda bo‘lajak saylovda ishtirok etish uchun munosib nomzod ekanini qayd etdi.
Delegatlar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 24 va 242-moddalariga muvofiq, “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Narimon Majitovich Umarovni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Shundan so‘ng qurultoy ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” SDP nomzodining saylovoldi dasturi bilan tanishdi.
Ushbu masala yuzasidan so‘zga chiqqanlar partiya nomzodining saylovoldi dasturi partiya dasturiy vazifalariga to‘la mos ekani, uning mazmun-mohiyatida mamlakatimizni har sohada rivojlantirish, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, xalqimiz uchun tinch va farovon turmush sharoitini yaratishdek ustuvor g‘oya va maqsadlar mujassamligini ta’kidladi.
Qurultoyda nomzodning saylovoldi dasturi ma’qullandi va saylovoldi tashviqotini olib borishda foydalanish uchun partiyaning markaziy va quyi tashkilotlariga tavsiya etildi.
Qurultoy yakunida delegatlar “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni ro‘yxatga olishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Qurultoy yakunlari bo‘yicha jurnalistlar uchun brifing tashkil etildi.
O’zA