“AFROSIYOB” POYEZDI QARSHIGA HAM QATNAY BOSHLADI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Mamlakatimiz mustaqilligining 24-yilligi arafasida – 22-avgust kuni yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi Toshkent – Qarshi yo‘nalishida ilk qatnovni amalga oshirdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida temir yo‘l transportini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tizimda keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, yo‘lovchi va yuk tashish hajmi tobora oshmoqda.
Bundan to‘rt yil avval mamlakatimiz poytaxti bilan Samarqand shahri o‘rtasida Ispaniyaning “PATENTES TALGO S.L.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilgani bu sohada amalga oshirilgan ulkan ishlarning amaldagi ifodasi bo‘ldi.
Ikki lokomotiv, sakkiz yo‘lovchi vagoni va vagon-restorandan iborat ushbu zamonaviy poyezd o‘tgan davrda xalqimiz va yurtimiz mehmonlarining eng qulay hamda ishonchli transport vositasiga aylandi. Buni qatnov yo‘lga qo‘yilgandan beri mazkur poyezdda 600 mingdan ziyod yo‘lovchi manziliga yetkazilganida ham ko‘rish mumkin.
“Afrosiyob” elektropoyezdining Toshkent-Samarqand-Qarshi yo‘nalishida doimiy harakatlanishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 21-dekabrdagi “2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi hamda 2012-yil 5-yanvardagi “Maroqand-Qarshi temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan 140,8 kilometrlik Maroqand-Qarshi uchastkasi to‘liq elektrlashtirildi. 11 stansiyada 9 kilometr po‘lat izlar reabilitatsiya qilindi, 2100 kub/metrdan ortiq tuproq ishlari bajarildi.
Poyezdlarning ishonchli harakatlanishi, aloqa tizimlarining nuqsonsiz ishlashini ta’minlash maqsadida zamonaviy avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi, elektr energiya sarfini avtomatik hisob-kitob qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Uchastkaning barcha kesishmalari radioaloqa va telefon aloqasi bilan jihozlandi, yo‘llarning ikki tomoniga temir panjaralar o‘rnatildi.
Shu kungacha yo‘lovchi poyezdlari Toshkentdan Qarshigacha bo‘lgan 511 kilometr masofaga qariyb olti soatda yetib borgan bo‘lsa, “Afrosiyob” elektropoyezdi ushbu yo‘lni uch soatda bosib o‘tadi.
– “Afrosiyob”ni bir necha marta televizorda ko‘rib, «qaniydi, shunday poyezdlar qatnovi biz tomonlarga ham yo‘lga qo‘yilsa, rohatlanib sayohatlarga chiqardik», deb orzu qilgandim, – deydi qarshilik Shodiyor ota Xo‘janazarov. – Mana qarang, bugun ana shu ezgu niyat amalga oshib, zamonaviy, qulay va yumshoq o‘rindiqlarda go‘zal yurtimizning uchqur tulporida Toshkentdan Qarshiga qaytib kelayapman. Xalqimizning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishda shunday katta imkoniyatlarni yaratib berayotgan Yurtboshimizdan minnatdormiz.
Qarshi temir yo‘l vokzalida “Afrosiyob” poyezdi yetib kelgani munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.Ramatov va boshqalar ushbu yangi yo‘nalish mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining o‘ziga xos namoyishi bo‘lishi bilan birga, odamlarimizning ma’naviy-madaniy hayotida, ularning turli xizmatlarga, jumladan, transport xizmatiga bo‘lgan munosabati, talabida katta o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Zokirov ishtirok etdi.