AHILLIGIMIZ, BIRDAMLIGIMIZ NAMOYISHI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlangan umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqimiz azaldan pokizalik, orastalik, saranjom-sarishtalikni yuksak qadrlaydi. Hovli-joylar, ko‘cha-ko‘y, yon-atrofni ozoda, orasta saqlashdek qadriyatlarimiz inson qalbidagi poklik va obodlikdek ezgu tushunchalar bilan chambarchas bog‘liq.
Istiqlol yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda milliy an’ana va qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, ularning bardavomligini ta’minlash, ulg‘ayib kelayotgan avlodni ibratli an’analarimizga sodiqlik, vatanparvarlik, halollik, mehnatsevarlik, fidoyilik ruhida kamol toptirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratila boshlandi. Ko‘plashib shaharu qishloqlarni obod etish, mahallalarni yanada ko‘rkam qilish, gul-ko‘chatlar o‘tqazish, yam-yashil maysazorlar, bog‘lar, so‘lim xiyobonlar yaratish, atrofni chinnidek sarishta holatga keltirish boshqalar namuna olsa arzigulik qadriyatlarimizdan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar jarayonida odamlar ko‘ngliga yo‘l topa bilish, ularni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar mohiyatining ildiziga yetib borish, kamchiliklarni o‘z vaqtida, tezkorlik bilan bartaraf etishga oid ilg‘or tashabbuslar hamyurtlarimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy sohalarni jadal isloh etish, xalqimiz uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, yangidan-yangi ijtimoiy obyektlar barpo etish, yurtimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, mahallalarning imtiyoz va imkoniyatlarini tobora kengaytirish kabi keng qamrovli ishlar xalqimiz hayotining yanada obod va to‘kin bo‘lishidek maqsadlarga xizmat qilmoqda. Yurtimizda uy-joy kommunal sohalari, energiya, suv va issiqlik ta’minoti, transport qatnovini yanada yaxshilash, arzon uy-joylar qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, namunaviy mahalla va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 27-iyundagi "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq eng ulug‘ va eng aziz ayyom – Vatanimiz istiqlolining 26-yilligini yuksak saviyada nishonlash uchun zarur barcha choralar ko‘rilmoqda. "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan bu yilgi qutlug‘ sana arafasida barcha yurtdoshlarimiz mamlakatimizdagi tinch va osuda hayotni, musaffo osmonimizni, ko‘p millatli xalqimizning o‘zaro totuv va ahilligi, jamiyatimizdagi o‘zaro mehr va oqibat, e’zoz va hurmat, saxovat muhiti eng katta boylik ekanini yana bir karra teran his etmoqda.
Xalqimizning birdamligi, yakdilligi, hamjihatligi umumxalq xayriya hashari misolida yorqin namoyon bo‘lmoqda. Ulug‘ ayyom –Mustaqillik bayramini munosib nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘rish, o‘zaro mehr-oqibatni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat, saxovat kabi tushunchalarning mohiyatini yoshlarga teranroq tushuntirish, mahallalar, turar joylarni yanada obod etish, joylardagi sanitariya holatini yanada yaxshilash alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida joriy yilning avgust oyi obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda 19-20-avgust kunlari umumxalq xayriya hashari sifatida e’lon qilindi.
O‘zbekona mehnatsevarlik, ahillik, hamjihatlik ramziga aylangan ushbu hashar yurtimizning barcha hududlarida, eng chekka qishloq va ovullarda, mahallalarda ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvida umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha Ishchi guruhi tuzildi.
Umumxalq xayriya hashari joylardagi barcha tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari hududida uyushqoqlik bilan tashkil etilib, yurtdoshlarimiz faol qatnashmoqda. Hasharchilarning g‘ayrat-shijoati bilan obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, ariq-zovurlarni tozalash, daraxtlarga shakl berish va oqlash, ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘plab mahallalarda aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalari, sport inshootlari, "Go‘zallik salonlari", mahalla guzarlari barpo etish ishlari ayni hashar kunlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Shuningdek, yangi mahalla idoralari, bolalar sport maydonchalari foydalanishga topshirilmoqda.
– Hashar viloyatimizdagi 497 ta mahalla fuqarolar yig‘inida ham ko‘tarinki ruhda boshlandi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Xorazm viloyati kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Masharipov. – Bunday savobli tadbirga uyushmagan yoshlar ham keng jalb etilgani ularni yurt taqdiri uchun daxldorlik, ertangi kun uchun mas’uliyatni his etish, istiqlol ne’matlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi..
– Bunday ezgu tadbirlar odamlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, – deydi Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi "Vatanparvar" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mamlakatxon Hamidova. – Mahallamiz hududida 27 ta ko‘p qavatli uy bor. Ko‘chalar, uylar atrofi, bolalar maydonchalarining hududlari tozalanmoqda. Hasharda ko‘p millatli mahalladoshlarimizning bari faol qatnashayotgani ularning shu Vatanga, uning taqdiriga befarq emasligidan darak beradi.
Hashar kunlari kam ta’minlangan, alohida ehtiyojli oilalar, nuroniylar, boquvchisini yo‘qotganlarga ko‘mak ko‘rsatish, bemorlarning holidan xabar olish, ularning uylarini ta’mirlash, moddiy va ma’naviy yordam berish bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajariladi. O‘z ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan har bir korxona, muassasa, tashkilot xodimlari ham umumxalq xayriya hashariga o‘z ulushini qo‘shmoqda.
O’zA