Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

AHOLIGA DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISHNING MILLIY TIZIMINI TUBDAN ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili 2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
hamma resurslarni ko'rsatish
AHOLIGA DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISHNING MILLIY TIZIMINI TUBDAN ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda, bu aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini beradi.

2003-yildan buyon tadbirkorlik subyektlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari (keyingi o‘rinlarda Inspeksiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirib kelingan.

2016-yil 1-yanvardan boshlab Inspeksiyalar negizida Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari (keyingi o‘rinlarda Yagona markazlar deb yuritiladi) tashkil etildi.

2017-yil 1-fevraldan Yagona markazlarning tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadam bo‘lib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi. Natijada Yagona markazlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 33 tagacha oshdi.

2017-yil 1-apreldan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilganligi “Doing Business 2018” global reytingidagi “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24-o‘rindan 11-o‘ringa yaxshilashga xizmat qildi.

Shu bilan birga, davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining aholi va tadbirkorlik subyektlari ehtiyojlarini to‘liq qanoatlantiradigan sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishiga ayrim tizimli muammolar to‘sqinlik qilmoqda. Xususan:

birinchidan, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoniyatidan faqat tadbirkorlik subyektlari foydalanishi mumkin. Bunda fuqarolar hanuzgacha turli davlat organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha murakkab tartib-taomillardan o‘zlari o‘tishga majbur bo‘lmoqda;

ikkinchidan, qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarining mavjud emasligi, ular idoralararo integratsiya qilinishining past darajada ekanligi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha davlat xizmatlari majmuasidan qulay va o‘z vaqtida foydalanishni ta’minlamayapti;

uchinchidan, ko‘pchilik davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tartib-taomillari murakkab va foydalanish uchun qiyin bo‘lib qolmoqda, narxni shakllantirish mexanizmlari shaffof emas, alohida hollarda tor idoraviy manfaatlarda “monopol” xizmatlar ko‘rsatishga talablar belgilanmoqda;

to‘rtinchidan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajada ekanligi, qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgan andozalari asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolar ko‘p vaqt kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishiga hamda oqibatda, ayrim hollarda korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda;

beshinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatishni, shu jumladan real vaqt rejimida masofadan monitoring qilish va jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali nazorat qilish va sifatini baholashning ta’sirchan tizimi mavjud emas.

Yuqorida qayd etilgan omillar aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini ta’minlash, ularni ko‘rsatish bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, aholining davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirish imkonini bermaydi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:

birinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ularning sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirish orqali “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyani so‘zsiz amalga oshirish;

ikkinchidan, Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarini ham yuridik, ham jismoniy shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha xizmatlarni taqdim qiluvchi Davlat xizmatlari markazlariga o‘zgartirish;

uchinchidan, davlat xizmatlarining har bir turi bo‘yicha “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga ko‘ra davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmini, eng avvalo, ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtirishni nazarda tutuvchi ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash;

to‘rtinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasiga innovatsion yechimlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlar bazalarini idoralararo elektron hamkorlik yagona tizimiga integratsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish;

beshinchidan, davlat xizmatlarini, shu jumladan olis joylarga chiqish orqali (“mobil davlat xizmatlari”) ko‘rsatishning maqbul, qulay va shaffof uslublaridan, mazkur sohada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishini bartaraf etishga qaratilgan navbatni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi va ishlarning uzaytirilgan grafigidan foydalanish;

oltinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va tezkorligini monitoring qilish va baholashning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish, aholi bilan qayta aloqaning samarali tizimini, shu jumladan tezkor aloqalarni, rasmiy saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalarda on-layn so‘rovlarni tashkil qilish;

yettinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida malakali kadrlarni tizimli tayyorlash va qayta tayyorlashni, ularning malakasini, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning yetakchi ixtisoslashgan muassasalarida stajirovka o‘tash orqali tizimli ravishda oshirishni tashkil etish.

2. Quyidagilar negizida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) tashkil etilsin:

38 ta shtat birligi soniga ega O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;

Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari.

Quyidagi mablag‘lar hisobiga moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlagan holda:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatining 24 ta shtat birligi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, mahalliy byudjetlar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalarining 157 ta mutaxassis lavozimi shtat birligi Agentlikka o‘tkazilsin.

3. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish;

Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish, mazkur sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat xizmatlari ko‘rsatishda foydalaniladigan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini loyihalashtirish, tayyorlash, joriy etish va integratsiya qilishga yagona yondashuvlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan tegishli axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish va samaradorligini baholash;

davlat xizmatlari ko‘rsatishning innovatsion shakllari va uslublarini joriy etishni tashkil qilish, mazkur sohada qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

4. 2018-yil 1-yanvardan Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirilsin, quyidagilar ularning asosiy vazifalari sifatida belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha, shu jumladan olis joylarga chiqqan holda davlat xizmatlari ko‘rsatish;

davlat xizmatlari servisining yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va foydalanish imkoniyatini ta’minlash, mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik;

idoralararo hamkorlikni, eng avvalo, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjat va axborotlarni tezkorlik bilan olishni ta’minlovchi elektron hamkorlikni amalga oshirish;

davlat xizmatlari ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarga malakali axborot va maslahat yordamlarini taqdim etish;

vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun hujjatlari va ma’muriy reglamentlar talablariga rioya etilishini ta’minlash.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan;

Agentlikning hududiy boshqarmalari faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari tomonidan;

Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlik va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Agentlik faoliyati ustidan umumiy rahbarlik va nazoratni amalga oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish yuklatilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–2750-son qarori bilan tashkil etilgan Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tugatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tuzilmasida umumiy shtat soni doirasida 4 ta shtat birligi bilan Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish shu’basi tashkil etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ilg‘or xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari binolarining ularda Davlat xizmatlari markazlarini joylashtirishni ham nazarda tutgan holda namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari zamonaviy binolarini tasdiqlangan loyihalarga muvofiq, eng avvalo, davlat-xususiy sheriklik shartlarida qurish choralarini ko‘rsin;

yangi binolar foydalanishga topshirilgunga qadar Davlat xizmatlari markazlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari binolarida, zarur hollarda esa – jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni yaratgan holda boshqa binolarda joylashtirishni ta’minlasin.

9. Quyidagilar:

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq;

2018-2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda Ro‘yxat deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar va Ro‘yxatning amalga oshirilib borilishini har oyda ko‘rib chiqsin.

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2412-son va 2017-yil 1 fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–2750-son qarorlariga muvofiq Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

10. Ro‘yxatda ko‘rsatilgan mas’ul davlat organlari va boshqa tashkilotlar belgilangan muddatlarda:

Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjat va boshqa aktlarning namunaviy shakllari, blankalarini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarining tegishli turlarini ko‘rsatish bo‘yicha, shu jumladan boshqa davlat organlari va o‘zga tashkilotlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadigan hujjatlar va ma’lumotlarni fuqarolardan talab etish bekor qilinishini nazarda tutgan holda ma’muriy reglamentlar loyihalarini ishlab chiqsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirishni ta’minlasin.

Belgilansinki, 2018-yil 1-fevraldan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar ularning Davlat xizmatlari yagona reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlaydi, 2018-yil 1-iyundan boshlab esa mazkur reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

12. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Adliya vazirligiga xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish uchun texnik ko‘maklashish mablag‘lari va grantlarni jalb qilish masalalarini ishlab chiqishda, shuningdek, mazkur Farmonda nazarda tutilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashsin.

13. Agentlik, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator, “O‘zinjiniring” Respublika loyiha instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar muddatda Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun zarur axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilish va apparat-dasturiy komplekslarni o‘rnatishning konsepsiyasi, texnik-iqtisodiy hisob-kitobi va texnik topshirig‘i tayyorlanishini hamda tasdiqlash uchun o‘rnatilgan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda:

tasdiqlangan konsepsiya, texnik-iqtisodiy hisob-kitob va texnik topshiriq asosida Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilishini, shuningdek, apparat-dasturiy komplekslar o‘rnatilishini ta’minlasin;

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ularning axborot va telekommunikatsiya tizimlari, ma’lumotlar bazalari, serverlari va boshqa uskunalarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, keyinchalik ularni Agentlikning axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin va idoralararo elektron hamkorlikni joriy etsin;

Agentlik bilan birgalikda uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlarini zarur video, audio va boshqa uskunalar bilan jihozlashni ta’minlasin hamda real vaqt rejimida davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonini masofadan kuzatishni tashkil qilsin.

14. Vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari davlat xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi haqida qat’iy ogohlantirilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralarni ko‘rgan holda tizimli nazorat o‘rnatsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 12-dekabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini
tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga

SHARH

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini izchillik bilan takomillashtirish aholi hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatda davlat organlarining mazkur sohadagi faoliyati sifatini oshirish, tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda maqbul shart-sharoitlar va qulayliklar yaratishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, 2017-yil 1-fevraldan Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarining tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha muhim qadam bo‘lib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi. Natijada ushbu markazlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 33 tagacha oshdi.

2017-yil 1-apreldan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilganligi “Doing Business 2018” global reytingidagi “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24-o‘rindan 11-o‘ringa yaxshilashga xizmat qildi.

Shu bilan birga, xalq bilan ochiq muloqot natijalari hamda huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining aholi va tadbirkorlik subyektlari ehtiyojlarini to‘liq qanoatlantiradigan sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishida ayrim tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.

Avvalambor, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimidan faqat tadbirkorlik subyektlari foydalanishi mumkin. Bunda fuqarolar hanuzgacha turli davlat organlari va tashkilotlarida hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha murakkab tartib-taomillardan o‘zlari o‘tishga majbur bo‘lmoqdalar.

Qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalari mavjud emasligi, shuningdek, ular idoralararo integratsiya qilinishining past darajada ekanligi vaziyatni murakkablashtirib, barcha davlat xizmatlari majmuasidan qulay va o‘z vaqtida foydalanishni ta’minlash imkonini bermayapti.

Bundan tashqari, ko‘pchilik davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tartib-taomillari fuqarolar uchun murakkab va foydalanish uchun qiyin bo‘lib qolmoqda, ularning narxini shakllantirish mexanizmlari esa shaffof emas. Natijada alohida hollarda tor idoraviy manfaatlarning yuzaga kelishiga olib kelgan.

Ayrim hollarda fuqarolar davlat organlariga murojaat qilishda asoslantirilmagan moliyaviy xarajatlarga duch kelmoqdalar, eng avvalo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajadaligi, qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolingan andozalari navbatlar yuzaga kelishiga olib kelmoqda.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishni, shu jumladan real vaqt rejimida masofadan monitoring qilish va jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali nazorat qilish va sifatini baholashning ta’sirchan tizimi mavjud emasligi ushbu xizmatlar sohasida qonuniylikni ta’minlashning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ko‘rsatib o‘tilgan muammolar aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini ta’minlash, ularni ko‘rsatish bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, aholining davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirish imkonini bermaydi.

Aynan shu munosabat bilan Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkonini tubdan oshirish bo‘yicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyani so‘zsiz amalga oshiruvchi asosiy g‘oyalarni belgilab berdi.

Xususan, mazkur sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishga mas’uliyat yuklangan alohida davlat organi – Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalari bilan tashkil etildi. Bu amalga oshirilayotgan islohotlarning uyg‘unligi va izchilligini ta’minlaydi, davlat xizmatlarini sifatli bajarish uchun vakolatli organlar va tashkilotlarning javobgarligini oshiradi. Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida boshqaruvni amalga oshirishning aniq tashkiliy-institutsional asoslarini shakllantirish ta’minlanmoqda.

Endilikda “yagona darcha” tamoyili nafaqat tadbirkorlik subyektlariga, balki bevosita fuqarolarga ham xizmat ko‘rsatishda amal qiladi. Davlat xizmatchilari bilan bevosita muloqot qilmasdan hamkorlikni ta’minlash aholi uchun davlat xizmatlarini korrupsiya xavfisiz tezkorlik bilan ko‘rsatish imkonini beradi, fuqarolarning kundalik hayotini jiddiy ravishda yengillashtiradi, byurokratiya va sansalorlik holatlarini bartaraf etadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda yaqinda tashkil etilgan o‘ziga xos institut – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining faol ishtiroki o‘xshashi bo‘lmagan eng muhim yangiliklardan biri hisoblanadi. Davlat hokimiyatining aholi bilan samarali muloqotini tashkil etish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning sifat jihatidan yangi tizimini yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynagan mazkur institutlar faoliyatining ijobiy yakunini hisobga olgan holda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasi ularning bevosita muvofiqlashtiruvida bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

O‘z navbatida Xalq qabulxonalari va Davlat xizmatlari markazlari tuman (shahar) miqyosida yagona yaxlit faoliyat olib borib, davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarali tizimini shakllantirish imkonini beradi.

Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini samarali tashkil etishdan tashqari, axborot almashinuvi bo‘yicha idoralararo, eng avvalo, elektron hamkorlikning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish mazkur sohada muvaffaqiyatga erishish uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Farmonda Davlat xizmatlari yagona reyestrini tashkil etish, davlat xizmatlarining har bir turi bo‘yicha yagona ma’muriy reglamentlar ishlab chiqish, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarida axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari hamda dasturiy mahsulotlarni, shuningdek, apparat-dasturiy majmualarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Bu davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan muhim tamoyilni joriy etish imkonini beradi.

Internet va mobil texnologiyalarning faol joriy etilishi xizmatdan foydalanuvchilar davlat organlariga zarur hollarda borishlari, odatiy hollarda esa xizmatlar masofadan elektron tartibda ko‘rsatilishi bilan bog‘liq g‘oyalarning istiqbolda amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, Farmon bilan Davlat xizmatlari markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, davlat xizmatlarining sonini, ayniqsa, fuqarolar uchun bosqichma-bosqich jiddiy ravishda oshirishni hisobga olgan holda xizmatdan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatiladigan bino va inshootlarni to‘liq yangilashga zarurat mavjud.

Shu munosabat bilan mas’ul idoralarga Davlat xizmatlari markazlarining yangi qiyofasini ishlab chiqish topshirilgan, mahalliy hokimiyat organlari esa Farmon talablarini hisobga olgan holda binolarni bosqichma-bosqich yangilashni ta’minlaydi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan sog‘liqni saqlash, litsenziyalash, soliq, bojxona va boshqa sohalarda jadal sifat jihatidan yaxshilashning muhim mexanizmlari, shuningdek, davlat xizmatlari bo‘yicha mobil ilovalarni ishlab chiqish, xizmatlarni olis joylarga chiqqan holda ko‘rsatish, aholi bilan tezkor aloqalar, rasmiy veb-saytlardagi internet-bоtlar, ijtimoiy tarmoqlar yordamida qayta aloqaning samarali tizimini tashkil etishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Shuningdek, 2018-2020-yillarda joriy etilishiga qarab Davlat xizmatlari markazlarida “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatiladigan 58 ta davlat xizmatining ro‘yxati tasdiqlandi.

Ularning qatorida uy-joylarning suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirishga ruxsatnoma, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish (propiska), ro‘yxatdan chiqarish va hisobga qo‘yish, turli arxiv ma’lumotnomalari, patentlar, guvohnomalar va rasmiy hujjatlar dublikatlarini olish kabi aholining talabi yuqori bo‘lgan xizmatlar mavjud.

Farmon bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishning mutlaqo yangi tashkiliy asoslari joriy etilmoqda, davlat va aholi o‘zaro hamkorligining zamonaviy konsepsiyasiga poydevor qo‘yilmoqda.

Aholi bilan o‘zaro bog‘laydigan yagona joy sifatida Davlat xizmatlari markazlari va Xalq qabulxonalari davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish, fuqarolarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, ularning davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

www.uza.uz