Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Ajdodlar merosiga ehtirom xalqlarimiz doʻstligi va hamkorligini mustahkamlaydi

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Ajdodlar merosiga ehtirom xalqlarimiz doʻstligi va hamkorligini mustahkamlaydi

Avval xabar qilinganidek, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Oliy darajadagi tashrif doirasida 20 aprel kuni Toshkent shahrida Koreys madaniyati va sanʼati uyining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rafiqalari bilan birgalikda ushbu doʻstlik va madaniyat saroyini ochdi.

– Poytaxtimiz koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turgan ushbu muhtasham inshoot qiyofasida zamonaviy arxitektura yutuqlari anʼanaviy koreys madaniyati bilan uygʻunlashgan. Bu maskan xalqlarimizning mustahkam doʻstligi va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga koʻtarilganining yorqin tasdigʻidir, – dedi davlatimiz rahbari.

– Bu markaz doʻstlik, ahillik va mushtaraklik maydonidir. Oʻylaymanki, u Oʻzbekistondagi koreys diasporasi, shu yerda ishlayotgan koreyaliklar va barcha oʻzbekistonliklar uchun umumiy uy boʻladi. Koʻp jihatdan oʻxshash xalqlarimiz va doʻstlik rishtalari mustahkamlanib borayotgani davlatlarimizni bogʻlab turadi, – dedi Mun Chje In.

Sahnada koreyslarning yurtimizga koʻchirib keltirilishi, xalqimiz bilan ahil yashashi haqida badiiy kompozitsiya namoyish etildi.

Maʼlumki, 1937 yilda Uzoq Sharqdan oʻn minglab koreyslar mamlakatimizga koʻchirilgan. Oʻsha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay, oʻzbek xalqi ularni ochiq qalb bilan qabul qilgan, boshpana berib, mehr koʻrsatgan. Oʻzining mehnatsevarligi va qatʼiy irodasi tufayli koreyslar yurtimizda ikkinchi Vatanini topdi. Bugun ular barchamiz uchun yagona Vatan boʻlgan Oʻzbekistonimiz taraqqiyoti yoʻlida sidqidildan mehnat qilmoqda.

Koreys diasporasi koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining ajralmas qismi boʻlib, anʼanaviy tarzda mamlakat miqyosida oʻtkaziladigan barcha ommaviy va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi.

Poytaxtimizdagi ”Doʻstlik bogʻi”da koreys diasporasi tomonidan saxovatli oʻzbek zaminidagi bagʻrikenglik, samimiylik va gʻamxoʻrlik, tinch va osoyishta hayot uchun minnatdorlik belgisi sifatida yodgorlik monumenti barpo etilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda koreys millatiga mansub 180 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz yashaydi. Ularning uch yuzga yaqini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.

Mamlakatimizda barcha millat va elat vakillari qatori koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz uchun ham oʻz milliy madaniyati, tili, urf-odat va anʼanalarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Oʻnlab koreys madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 12 ta oliy taʼlim muassasasida koreys filologiyasi, 48 ta maktab va litseyda koreys tili oʻqitilmoqda. Koreys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, koʻrgazmalar, konsert va festivallar oʻtkazilmoqda. Sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Davlat rahbarlari oʻzbekistonlik koreys rassomlari asarlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

Bugun poytaxtimizga oʻzgacha koʻrk bagʻishlab turgan Koreys madaniyati va sanʼati uyi qurilishi bundan uch yil muqaddam boshlangan. Shavkat Mirziyoyev ushbu inshootga ramziy tamal toshi qoʻyish marosimida qatnashgan edi.

Koreys madaniyati va sanʼati uyi 478 oʻrinli kinokonsert zali, konferensiyalar zali, kutubxona, badiiy galereya, restoran va xizmat xonalarini oʻz ichiga olgan. U jamoatchilik va yoshlar intiladigan, mushtarak madaniyatimizni boyitadigan yana bir maskanga aylanadi. Bu kun alohida strategik sherik davlatlar – Oʻzbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari tarixida yana bir yorqin sahifa boʻlib qoladi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahriga keldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje In rafiqalari hamrohligida Samarqanddagi tarixiy obidalarni tomosha qildi.

Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulugʻbek rasadxonasiga tashrif buyurdi. Amir Temurning suyukli nabirasi boʻlgan Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Oʻrta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq oʻrgangan. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari dunyo astronomiya fani rivojida muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan.

Mirzo Ulugʻbek haqida koreyaliklar ham maʼlumotga ega ekani, bu yerga kelgan kishi uning zehni, ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi beqiyosligiga yana bir bor ishonch hosil qilishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari “Afrosiyob” muzeyida boʻldi.

Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiluvchi mazkur muzey, bu yerdagi noyob eksponat va devoriy suratlar butun dunyo sayyohlarini, ayniqsa, koreyaliklarni oʻziga jalb etib keladi. Chunki VII asrga oid devoriy suratlardan birida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Koguryo elchisini qabul qilish marosimi ham aks etgan.

Janubiy Koreya Prezidenti ushbu tarixiy suratni hayrat va eʼtibor bilan tomosha qilar ekan, xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar uzoq oʻtmishga borib taqalishini, bu doʻstlik va hamkorlik bundan keyin ham bardavom boʻlishini taʼkidladi.

Shu yerda, davlat rahbarlari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Koreya Respublikasining Madaniy meros maʼmuriyati oʻrtasida imzolangan madaniy meros sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi oʻzaro almashildi.

Dunyoga mashhur Registon maydoni – ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini namoyon etuvchi yana bir maskan. Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalarining mahobati, oʻziga xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uygʻotadi.

Koreya Respublikasi Prezidenti ham Registondagi Tillakori madrasasi va masjidini, milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalarini tomosha qildi. Oliy martabali mehmonga madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida soʻzlab berildi.

Shu yerda majmua ziyoratiga kelgan sayyohlar va Samarqand shahri aholisi Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlarini qarsaklar bilan olqishladi.

Qayd etish lozimki, dunyo xalqlarining nufuzli sanʼat bayramiga aylanib ulgurgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini Registon maydonisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Har ikki yilda oʻtkaziladigan mazkur tadbirda Koreya Respublikasi jamoalari ham muntazam qatnashib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, 2017 yilda ushbu davlatning “Geosong” xalq qoʻshiqlarini saqlash fondi jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Joriy yilda Registonda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali oʻn ikkinchi marta oʻtkaziladi va unda Koreyadan ham jamoalar qatnashishi kutilmoqda.

Amir Temur maqbarasi ziyorati chogʻida mehmonlarga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida soʻzlab berildi. Amir Temur va temuriylar davlati oʻz davrining eng ulkan va rivojlangan mamlakati boʻlgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning Oʻzbekistonga davlat tashrifi davom etmoqda.

www.president.uz