Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Shu kunlarda Shveysariyaning Jeneva shahrida Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyodagi 190dan ortiq mamlakati vakillari, jumladan, 150 ga yaqin sog‘liqni saqlash vazirlari, shuningdek, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, nufuzli xalqaro jamg‘armalar va akademiyalar vakillaridan iborat uch mingga yaqin delegat ishtirok etyapti. Jumladan, unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda.
E’tiborli jihati, sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov JSSAning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi.
Qayd etish joizki, Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning oliy organi bo‘lib, unda barcha a’zo davlatlarning delegatsiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy vazifalari JSST faoliyatining muhim yo‘nalishlarini aniqlash, tashkilotning bosh direktorini tanlash, budjetni tasdiqlash va nazorat qilishdan iborat.
Sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov so‘zga chiqib, yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, fuqarolarni sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, so‘nggi uch yil davomida tibbiyot sohasida 150 dan ortiq huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu ham bo‘lsa soha rivoji O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning shaxsan e’tiborida ekanidan dalolat beradi. Jumladan, aholiga birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri, shuningdek, transplantologiya, kardiojarrohlik, immunoprofilaktika, xususiy tibbiyot sektorini rivojlantirish, psixiatriya, ftiziatriya va endokrinologik yordamni takomillashtirish, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollikni qo‘llab-quvvatlash borasida erishilgan natijalar haqida ham ma’lumot berdi. Mamlakatimiz tibbiyot tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi yig‘ilish ishtirokchilarida, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus JSSA sessiyasi ochilish marosimidagi chiqishida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida erishgan yutuqlarni e’tirof etib, dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida O‘zbekiston o‘z hududida bezgakni to‘liq yo‘q qilishga erishganini alohida ta’kidlagan edi.
Sessiya 28 maygacha davom etadi.
O‘zA