“ARXEOLOGIYA VA SAYYOHLIK: O’ZBEKISTON VA ITALIYA O’RTASIDAGI HAMKORLIK”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Dunyoning eng ko’hna ilm dargohlaridan biri bo’lgan Boloniya universitetida (1088 yili asos solingan) mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi ko’magida tashkil etilgan seminar ana shu mavzuga bag’ishlandi.
Ushbu ilmiy-amaliy tadbir chog’ida Samarqand viloyatining Zarafshon vohasida O’zbekiston - Italiya qo’shma ekspeditsiyasi tadqiqotlari va arxeologik topilmalari hamda sayyohlikni rivojlantirish borasidagi o’zaro hamkorlikning istiqbollari taqdim etildi.
Seminar chog’ida uning ishtirokchilari O’zbekiston o’zining milliy sayyohlik mahsulotini jahon sayyohlik markazlaridan biri sifatida xalqaro bozorda ilgari surish borasida hayotga tadbiq etayotgan chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilindi. Shu o’rinda mamlakatimizda 2016 yil 2 dekabrda qabul qilingan sayyohlik sohasining jadal rivojlantirilishini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar to’g’risidagi Prezident farmonining ahamiyati alohida qayd etildi.
Italiya - O’zbekiston ekspeditsiyasining rahbari - Boloniya universiteti Tarix va madaniyat boshqarmasi bosh direktori, professor M.Tozi (birinchi ekspeditsiya) hamda Neapol Sharqshunoslik universitetining Eron va Markaziy Osiyo san’ati va arxeologiyasi tarixi bo’yicha professori B.Jenito (ikkinchi ekspeditsiya) mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologiya ishlari to’g’risida atroflicha to’xtaldilar. Ular mazkur tadqiqotlar mahalliy madaniyat, din va san’at rivojlanishi bilan bog’liq muayyan ma’lumotlarni qo’lga kiritish, asosiy arxeologiya shahodatlari xaritasini tayyorlash imkonini berganini ma’lum qildilar. O’rta asrlarning ilk davrlaridagi (eramizning V-VIII asrlari) ko’hna irrigatsiya tizimlarini o’rganish nima sababdan Samarqand Buyuk Ipak yo’li bo’yidagi asosiy madaniyat va savdo markazlaridan biri bo’lganini yana bir bor tasavvur qilish imkonini berdi. Ta’kidlanganidek, yangi kashfiyotlar, tadqiqotchilik faoliyati va sayohatchilik loyihalari O’zbekistonda an’anaviy, ilmiy, madaniy-tarixiy sayyohlikni kengaytirishga rag’bat bag’ishlaydi.
Boloniya universitetining Tarix, madaniyat va sivilizatsiyalar kafedrasi mudirasi, professor F.Sofiya arxeologiya tadqiqotlari va ilmiy hujjatlarni tayyorlash borasida O’zbekiston institutlari bilan hamkorlikni davom ettirishga alohida qiziqish bildirdi. U qo’shma innovatsiya loyihalarini ilgari surish alohida istiqbolga ega ekanligini ta’kidladi.
Ravenna shahar merining o’rinbosari J.Mingotssi o’z shahri va Samarqand o’rtasidagi hamkorlik 2007 yili boshlanganini ma’lum qilar ekan, ikki shaharning boy tarixiy o’tmishida o’xshashliklar mavjud ekanligini aytdi. Shahar ma’muriyati rahbarining o’rinbosari O’zbekiston - Italiya qo’shma madaniy tadbirlarini, shu jumladan, musiqa festivallarini yana davom ettirishni taklif qildi.
Men Markaziy Osiyo arxeologiyasi mutaxassisiman, - dedi Neapol Sharqshunoslik universitetining professori B.Jenito “Jahon” axborot agentligi uchun bergan intervyusi chog’ida. - O’n yil davomida O’zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti bilan birgalikda Samarqandda “Samarqand va uning hududi” loyihasi ustida ish olib borayapmiz. Shahardan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan Qo’ytepa degan joyda qazilma ishlarini o’tkazmoqdamiz. Markaziy qo’rg’onga ega bo’lgan bu qishloq alohida qiziqish uyg’otadi. Hozirgi paytga qadar eramizning I-II asrlariga aloqador ko’chmanchilik madaniyatiga xos topilmalarni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldik. Bundan ham oldingi, ya’ni eramizning IV-V asrlariga aloqador osori-atiqalarni kashf etish maqsadida tadqiqotlarimizni davom ettirayapmiz.
Bu loyiha Italiya - O’zbekiston hamkorligi doirasida yuzaga kelgan. Mamlakatingiz juda mashhur va tarixiy-madaniy merosga, shu jumladan, arxeologiya materiallariga ham nihoyatda boy. Biz bu yo’nalishdagi samarali hamkorligimiz davom etishiga umid qilamiz.
“Jahon” AA, Rim