BANK TIZIMINING NUFUZI ORTMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida bank tizimining 2016 yilning I yarim yilligidagi faoliyati yakunlari hamda Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 15 yanvarida Vazirlar Mahkamasi majlisida belgilab berilgan 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari izchil ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan kengaytirilgan Boshqaruv majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Markaziy bank raisi F. Mullajonov boshqardi.
Ta’kidlanganidek, Markaziy bankning pul-kredit siyosati 2016 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi, bank tizimining kapitallashuv darajasini oshirish, uning likvidligini yanada mustahkamlashga qaratildi. Natijada 2016 yil
1 iyul holatiga ko‘ra, tijorat banklarining umumiy kapitali 8,6 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 23,3 foiz oshdi. Bank aktivlari esa 25,1 foiz o‘sib, 73,4 trln. so‘mga yetkazildi.
Tizimda erishilgan ko‘rsatkichlar nafaqat xalqaro umumqabul qilingan me’yorlarga mos keladi, balki ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha undan ham yuqori ekanligi diqqatga sazovor. Xususan, kapitalning yetarlilik darajasi belgilangan xalqaro me’yorlardan qariyb 3 barobar, joriy likvidligi esa jahon amaliyotida qabul qilingan minimal darajadan 2 barobar ortiqdir. Bu esa respublikamiz barcha tijorat banki “katta uchlik”ka kiruvchi xalqaro reyting agentliklarining “Barqaror” reyting baholarini qo‘lga kiritishida muhim omil bo‘ldi.
Sanoatda yuqori texnologiyali va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirish, ishlab chiqarishni texnik hamda texnologik jihatdan yangilashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish banklar faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, ko‘rilgan izchil chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, joriy yilning olti oyida iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi 48 trln. so‘mdan oshdi. Bundan tashqari, investitsiya maqsadlariga ajratilgan kreditlar hajmi 5,8 trln. so‘mni, kichik biznes sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan kreditlar 8,3 trln. so‘mni tashkil qilib, bu borada ham jadal o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Banklar tomonidan yoshlarni, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2016 yilning birinchi yarmida ushbu maqsadlarga 176,5 mlrd. so‘m sarflangani buning yaqqol dalilidir.
Mamlakatimizda bank tizimini isloh qilish hamda erkinlashtirish borasida erishilgan yutuqlar Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznesni yuritish — 2016” navbatdagi yillik hisobоtida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Gap shundaki, unda kreditlash shartlari bo‘yicha keyingi uch yilda O‘zbekiston reytingi 112 pog‘ona, ya’ni 154-o‘rindan 42-o‘ringa ko‘tarildi. Shuningdek, “Kredit axboroti almashinuvi indeksi” bo‘yicha bank tizimimiz mavjud 8 balli tizimda 7 ballga baholandi. Bu Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OYESD)ga a’zo davlatlardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ekanligi tahsinga loyiq.
Majlisda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar bilan birga, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, ya’ni ayrim tijorat banklari mijozlarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish va aholining banklarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash borasidagi mavjud ichki imkoniyatlardan to‘liq foydalanmagani uchun qattiq tanqid qilindi.
Tadbirda 2016 yilning II yarim yilligida bank tizimi oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, banklar rahbarlari e’tibori “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi hamda 2016 yil bandlik dasturida belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida bajarishga qaratildi.