Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

BILIMLI AVLOD – BUYUK KELAJAKNING, TADBIRKOR XALQ – FAROVON HAYOTNING, DO‘STONA HAMKORLIK ESA TARAQQIYOTNING KAFOLATIDIR

2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili 2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari
hamma resurslarni ko'rsatish
BILIMLI AVLOD – BUYUK KELAJAKNING, TADBIRKOR XALQ – FAROVON HAYOTNING, DO‘STONA HAMKORLIK ESA TARAQQIYOTNING KAFOLATIDIR

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi.

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Sizlar bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan mana shu muhtasham saroyda ko‘rishib turganimdan mamnunman.

Barchangizni, butun xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etib, ezgu tilaklarimni izhor qilishga ijozat bergaysiz.

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimiz 26 yil davomida bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘l Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos o‘rin egallamoqda.

Xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Boshlagan ulkan islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ushbu masalalarning ahamiyati kun sayin tobora ortib borayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Aynan shu sababli Bosh qonunimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimizdir.

Aziz yurtdoshlar!

Inson qadr-qimmatini e’zozlash, buning uchun har qanday holatda ham adolatni qaror toptirishga qodir bo‘lgan odil sudlov tizimini shakllantirish biz uchun o‘tgan ikki yil davomida eng ustuvor vazifaga aylandi.

Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga“Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi.

Shu yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumida dunyodagi taniqli siyosatchilar, ko‘zga ko‘ringan olim va ekspertlar tomonidan bu borada o‘tgan qisqa davrda amalga oshirgan ishlarimizga munosib baho berildi. Ta’kidlash kerakki, ushbu anjuman O‘zbekistonning jahondagi obro‘si va nufuzini yanada oshirdi. Eng muhimi, Osiyo forumi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro amaliyotga “Samarqand ruhi” degan tushuncha va tamoyilni olib kirdi.

Bugungi kunda yurtimizda inson huquq va erkinliklarini qonuniy himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, shaxsni ayblashda qonunga zid usulda olingan ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanganlik uchun qat’iy javobgarlik belgilandi.

Fursatdan foydalanib, yana bir bor takrorlayman: sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron bo‘lishi kerak.

Bu borada Alisher Navoiy bobomiz “Zulm qilma, insofli bo‘l, xalq uchun “adl qasri”, ya’ni “adolat qo‘rg‘onini” bunyod et”, deb aytgan so‘zlarida qanchalik chuqur ma’no bor.

Adolat qo‘rg‘oni qachon paydo bo‘ladi? Qachonki sud organlari, sudyalar qonunga, odillik tamoyillariga qat’iy amal qilib, o‘z vazifasini halol va vijdonan ado etsa, bunga erishish mumkin.

Keyingi ikki yilda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ham muhim choralar ko‘rildi. Jumladan, joriy yilning o‘zida 1 ming 881 ta jinoyat ishi dalillar yetarli bo‘lmaganligi sababli tugatildi, sudlar tomonidan 590 nafar shaxs oqlandi. Vaholanki, bu raqam 2016 yilda – e’tibor bering – bor-yo‘g‘i 28 tani, 2017 yilda esa 263 tani tashkil etgan edi.

Shuningdek, 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan tergovda asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi, 2 ming 449 nafar shaxs esa sud zalidan ozod qilindi.

Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga butunlay chek qo‘yildi.

Insonparvarlik tamoyili asosida mutlaqo yangi amaliyot joriy etilmoqda. Buning natijasida jinoyat yo‘liga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 993 nafar fuqaro, jumladan, 456 nafar yigit-qiz hamda 113 nafar ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitalarining kafilligi bilan jazodan ozod qilindi.

Shuningdek, jazoni o‘tayotgan 3 ming 333 nafar, jumladan, faoliyati man etilgan tashkilotlarga kirib qolgan 646 nafar mahkum afv etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

Ulug‘ bayram – Konstitutsiya kuni munosabati bilan bugun maxsus Farmonni imzoladim. Unga ko‘ra, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan va ayni paytda ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 136 nafar shaxs afv etildi.

Bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi.

Man etilgan tashkilotlarga adashib kirib qolgan, qilmishiga pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.

Joylarda sudyalikka nomzodlarning shaxsiy va kasbiy sifatlarini o‘rganish uchun jamoatchilik komissiyalari tashkil etildi.

Adolat, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida sudda ishlarni elektron taqsimlash tizimi amaliyotga kiritildi. Endilikda inson aralashuvisiz ishni qaysi sudya ko‘rishini elektron dastur belgilaydi.

Sud-tergov faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni ta’minlash, sarsonu ovora bo‘lish va ortiqcha sarf-xarajatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “elektron jinoyat ishi” va “masofadan turib so‘roq qilish” tizimlari ham joriy etilmoqda.

Fuqarolarimiz huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida advokatlarning vakolatlari kengaytirildi.

Bularning barchasi inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borayotgan islohotlarimiz natijasidir.

Ayni paytda sud-huquq islohotlari jarayonida sudyalikka nomzodlarni tanlash, shaxsiy va kasbiy sifatlarini o‘rganishning chinakam demokratik va oshkora tizimini joriy etish lozim. Xususan, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni sudyalik lavozimiga tavsiya etish tartibini qonun bilan mustahkamlab qo‘yishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Munosib topilgan nomzodlarni kamida bir yil o‘qitib, tayyor sudya sifatida lavozimga tayinlash tizimini joriy etish zarur. Buning uchun Sudyalar oliy kengashi qoshida Sudyalar oliy maktabini tashkil etishni taklif qilaman.

Afsuski, ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda.

Shu boisdan ham, kasbiy mahorat va madaniyatni oshirish, har qanday holatda ham qonun, adolat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib ish ko‘rish – har bir sudyaning eng ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i lozim.

Sudlar tomonidan qabul qilingan har bir qaror, eng avvalo, adolatli, qonuniy va asosli bo‘lishi shart. Shundagina odamlarimizda har qanday holatda ham adolat qaror topishiga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanadi.

Joriy yilda xavfsizlik xizmati idoralarining vazifa va vakolatlari to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, barcha darajadagi xodimlar faoliyatiga xolisona baho berildi.

Ilk bor “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga asosan davlat manfaatlarini ichki va tashqi tahdidlardan ishonchli himoya qilish yangi tuzilgan maxsus idoraning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Ekstremizm va terrorizm xavfi, mamlakatimiz konstitutsiyaviy tuzumi va iqtisodiyotiga tajovuzlar saqlanib qolayotgan bugungi tahlikali zamonda Davlat xavfsizlik xizmatining mard va jasur askar va ofitserlari har qanday buzg‘unchi kuchlarga qarshi murosasiz kurashishi va Vatanimiz himoyasida mustahkam qalqon bo‘lishi zarur.

Xabaringiz bor, yaqinda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini tekshirish maqsadida Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan dala o‘quv mashqlari keyingi ikki yilda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan keng qamrovli ishlarning yaqqol namunasi, desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Biz bu boradagi ishlarimiz ko‘lamini yanada kengaytirgan holda, tizimli ravishda davom ettiramiz.

Shu bilan birga, fuqarolarimiz tinchligi, jamoat xavfsizligini ta’minlash, Ichki ishlar va Milliy gvardiya qo‘shinlari bo‘linmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham qator ijobiy ishlar qilindi.

Jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish borasidagi sa’y-harakatlarimiz, avvalo, keng jamoatchilikning ishtiroki bilan umumiy jinoyatchilikni 36 foizga kamaytirishga erishildi. 3 ming 205 ta yoki 35 foizdan ziyod mahallada esa bironta ham jinoyat sodir etilmadi.

Bundan buyon ham jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha yo‘nalishlar, jumladan, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz hudud” loyihalarida belgilangan vazifalarni samarali va to‘liq amalga oshirish Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya faoliyatida eng ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmog‘i lozim.

Konstitutsiyamizda kafolatlangan fuqarolarning erkin harakatlanish huquqlarini ta’minlash maqsadida propiska va viza berishdagi qiyinchiliklar bartaraf etildi.

Dunyodagi 39 ta mamlakat fuqarolariga viza berish tartibining soddalashtirilgani, elektron viza tizimi joriy qilingani natijasida yurtimizga bu yil qariyb 4 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi.

Uzoq yillar mamlakatimizda istiqomat qilib, jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan va biz bilan vatandosh bo‘lishni orzu qilgan 2 ming 528 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

Davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavf – korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi keskin kurashish borasida ham aniq choralar ko‘rilganini alohida ta’kidlash lozim.

Mana shunday og‘ir jinoyatni sodir etgan 1 ming 177 nafar mansabdor shaxsning jinoiy javobgarlikka tortilgani buning yaqqol dalilidir.

Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz.

Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z ichki dasturlari bo‘lishi shart.

Jahon tajribasiga nazar tashlasak, AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Gretsiya, Latviya, Estoniya kabi ko‘plab mamlakatlarning parlamentlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komissiya va qo‘mitalar mavjud.

Ana shu ilg‘or xorijiy tajribalar va Konstitutsiyamiz talablari asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilishni taklif etaman. Ushbu qo‘mitalar barcha bo‘g‘indagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qo‘shishi lozim.

Yana bir muhim masala – xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida jazoni o‘tayotgan shaxslarning haq-huquqlarini ta’minlash tizimini ham takomillashtirish vaqti keldi.

Ma’lumki, Konstitutsiyamizda barcha fuqarolarning ta’lim olish huquqi kafolatlangan. Shuni inobatga olgan holda, mahkum shaxslarning kelgusida ijtimoiy hayotga moslashuvi uchun ko‘mak berish maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida masofadan turib ta’lim olish tizimini joriy etish lozim. Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning saylash huquqini cheklovchi normalarni kelgusida xalqaro me’yorlar asosida qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Hurmatli vatandoshlar!

Xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish – Konstitutsiyamizning bosh maqsadidir.

Islohotlar natijasida aholining turmush darajasi va real daromadlari albatta oshib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, bu borada hali Hukumat, markaziy iqtisodiy idoralar hamda barcha darajadagi hokimliklar oldida ko‘plab vazifalar turibdi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashning eng samarali yo‘li bu – tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Konstitutsiyamizda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi, barcha mulk shakllarining tengligi va davlat tomonidan birdek muhofaza etilishi kafolatlangan. Lekin, iqtisodiyotda davlat aralashuvining yuqoriligi va byurokratiya, soliq, bojxona hamda bank tizimidagi mavjud muammolar ichki investitsiyalarni ko‘paytirishga va xorijiy sarmoyadorlarni yanada kengroq jalb etishga hali ham to‘siq bo‘lib kelmoqda.

Mashhur xitoy faylasufi Sun Szining hikmatli bir gapi bor:“Soliqlarni haddan ziyod kuchaytirish turli talon-tarojlikni keltirib chiqaradi, dushmanlarning boyishiga xizmat qiladi, oqibatda, davlat inqirozga uchraydi”.

Ko‘p yillar davomida soliq yukining yuqori bo‘lgani mamlakatda “xufiyona” iqtisodiyot ulushining ortib ketishiga sharoit yaratdi.

Mavjud vaziyatni hisobga olib, biz avvalambor iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini qabul qildik. Bu konsepsiya ustida biz uzoq ishladik. Mazkur hujjat loyihasi mamlakatimiz jamoatchiligi, biznes hamjamiyati, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, nufuzli ekspertlar tomonidan keng va atroflicha muhokama qilindi.

Konsepsiya asosida soliq siyosatida muhim o‘zgarishlar joriy qilinmoqda. Jumladan, jismoniy shaxslar uchun hozirgacha amal qilib kelgan eng yuqori 22,5 foizlik daromad solig‘i stavkasi o‘rniga 12 foizlik stavka belgilandi, 8 foizlik sug‘urta badali esa bekor qilindi.

Biznes hamjamiyati uchun eng og‘ir hisoblangan yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi ilgarigi 25 foiz o‘rniga 12 foiz etib belgilandi.

Budjetdan tashqari pensiya, yo‘l va ta’lim bo‘yicha maqsadli jamg‘armalarga 3,2 foiz miqdoridagi majburiy to‘lov bekor qilindi.

Bojxona to‘lov stavkalari qayta ko‘rib chiqilib, 3,5 mingga yaqin tovarlar bo‘yicha boj miqdori va 800 ga yaqin tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari kamaytirildi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlar uchun xomashyolarga, shuningdek, asbob-uskuna va texnikalarga nisbatan davlat boji olinmaydigan bo‘ldi.

Tadbirkorlik sub’ektlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirish bekor qilindi. 138 ta litsenziya va ruxsat berish bilan bog‘liq talablar soddalashtirildi, ularning 42 tasi butunlay tugatildi.

Tadbirkorlik faoliyati uchun yer maydonlarini ajratishdagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, tizimdagi korrupsiya holatlariga barham berish maqsadida yer maydonlarini elektron auksion orqali ajratish tartibi joriy etildi.

Mulk egasiga zararning o‘rni to‘liq qoplanmaguncha davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish va ko‘chmas mulkni buzish tartibi bekor qilindi.

Investor va tadbirkorlarga yetkazilgan mulkiy zararni to‘liq qoplab berish tartibi kafolatlandi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab tadbirkorlarimizni mahsulotlar, ish va xizmatlarni eksport qilishda foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovidan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Turizmni jadal rivojlantirish, turistlarga munosib infratuzilma yaratish, xizmatlar sifatini yanada oshirish, hududlarning turistik salohiyatidan unumli foydalanish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish, milliy turizm mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar davom ettirilmoqda.

Mehmonxonalarning infratuzilmasi, dam olish maskanlari va boshqa sohalarni rivojlantirish uchun 2 trillion 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Buning natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarda mashhur brend mehmonxonalarni tashkil etish choralarini ko‘rmoqdamiz.

Kelgusi yilda ham faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun keng sharoitlar yaratib berish, ayniqsa, inflyatsiya darajasini pasaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettiramiz.

Jumladan, inflyatsiya darajasini prognoz ko‘rsatkichlari doirasida saqlab turish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Birinchidan, biz samaradorligi past bo‘lgan va yetarlicha yangi ish o‘rinlari yarata olmayotgan yirik davlat korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratishni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim. 2019 yilda kreditlar berishda budjet hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari ko‘paymasligi kerak.

Ikkinchidan, milliy valyutamiz hamda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash uchun pul-kredit siyosatini tartibga solishning zamonaviy vositalarini joriy etishimiz zarur.

Uchinchidan, asosiy turdagi oziq-ovqat va boshqa iste’mol tovarlarini ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz va bu orqali narxlar barqarorligini ta’minlashimiz kerak. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

To‘rtinchidan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar bo‘yicha narxlarning shakllanish mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda ularni faqat birja savdolari orqali sotish, shu asosda erkin raқ́obat muhitini yaratish talab etiladi.

Beshinchidan, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning bir qismini davlat tomonidan kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Oltinchidan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan iste’mol tovarlari importi bo‘yicha tariflarni tartibga solishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy qilish kerak.

Yettinchidan, respublikamizning iqtisodiy ahvoli og‘ir hisoblangan 27 ta shahar va tumanini kompleks rivojlantirish maqsadida, avvalo, yirik investitsiya loyihalarini ushbu hududlarda amalga oshirish zarur.

Ochiq aytish kerak: agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi bo‘lsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi bo‘lsak, chala-chulpa, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart.

Yagona yo‘limiz shu. Bu – Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yo‘l yo‘q. Biz boshlagan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz va ular albatta o‘zining ijobiy natijasini beradi.

Oldimizda juda mashaqqatli yo‘l turibdi, lekin aholining og‘irini yengil qilish uchun davlat tomonidan barcha choralar ko‘riladi.

Ishonchim komil, mehnatsevar, tadbirkor va uddaburon xalqimiz erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida samarali mehnat qilishga va munosib hayot kechirishga albatta qodir.

Aziz do‘stlar!

Xabaringiz bor, bu yil mamlakatimiz aholisi 33 million kishidan oshdi. Bu, albatta, kichkina raqam emas.

Shuning uchun ham, fuqarolarimizning ijtimoiy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, jumladan, ular uchun munosib sharoit yaratish, yoshlarni o‘qitish va kasbga tayyorlash, ish va uy-joylar bilan ta’minlash kabi hayotiy masalalarni hal etishimiz lozim.

Konstitutsiyamizda har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Bu muhim hayotiy qoidaning ijrosini ta’minlash – xalqimiz genofondini asrash yoki oddiy qilib aytganda, davlat va jamiyat taraqqiyotining kafolatidir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida fuqarolarimizning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1990 yildagi 67 yoshdan 2017 yilda 74 yoshni tashkil etdi. Bolalar o‘limi 3 barobar kamayishiga erishildi. Biz bu boradagi natijalarimizni yanada mustahkamlashimiz zarur.

Mamlakatimizda aholi salomatligini yanada yaxshilash bo‘yicha muhim amaliy dasturlar qabul qilinmoqda.

Mana, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Sog‘liqni saqlash tizimini 2019-2025yillarda rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.

Bugungi kunning talabi bo‘lgan xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rilgan choralar tufayli 2018 yilning o‘zida 400 dan ortiq xususiy tibbiyot maskanlari tashkil etildi.

Biz “Tarbiya go‘daklikdan boshlanadi”, degan hikmatli so‘zga amal qilib, ta’lim-tarbiya sohasidagi o‘zgarishlarni uning eng quyi bosqichi – maktabgacha ta’lim tizimidan boshladik.

Qiyoslash uchun faqat bitta misol keltirmoqchiman. So‘nggi ikki yilda yurtimizda bolalar bog‘chalari soni 1 ming 400 taga ortib, 6 ming 367 taga yetdi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilayotgan xususiy maktabgacha ta’lim maskanlari so‘nggi bir yilda ikki barobar ko‘paydi va 568 tani tashkil etmoqda. Yana mingta shunday bog‘cha ochish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.

Joriy yilda xalq ta’limi tizimini isloh qilish, pedagog-o‘qituvchilar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. O‘qituvchilarning ish haqi bosqichma-bosqich ko‘paytirilib, ularni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Ta’lim tizimining keyingi bosqichi – oliy ta’lim sohasida ham salmoqli islohotlar olib borilmoqda.

So‘nggi ikki yilda mamlakatimizda 5 ta yangi oliy ta’lim muassasasi hamda 12 ta nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtining filiallari tashkil etildi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti uchun iste’dodli kadrlarni yetakchi xorijiy ta’lim markazlarida tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilganidan xabaringiz bor.

Qanday og‘ir bo‘lmasin, tan olishimiz kerak, yurtimiz ravnaqi uchun eng zarur yo‘nalishlar bo‘yicha izlanuvchan, iste’dodli yosh kadrlarni chetda, rivojlangan davlatlarda o‘qitishga majburmiz. Shuning uchun ham Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, oliy o‘quv yurtlari, mamlakatimizdagi ilmiy markazlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan yaqin hamkorlikda samarali ish olib borishi kerak.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish hamda xalq bilan muloqotlarda bildirilayotgan takliflar asosida kelgusida ijtimoiy sohada quyidagi vazifalarni amalga oshirishimiz lozim bo‘ladi.

Birinchidan, O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya modelini real talablar asosida umume’tirof etilgan xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish zarur.

Bu borada nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan shaxslarni, ehtiyojmand va nochor oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularni arzon uylar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelayotganimiz barchangizga ma’lum. Joriy yilning o‘zida 21 ming 500 dan ziyod ana shunday oila arzon uy-joylar bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, 30 ming 500 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarga umumiy qiymati 3,6 milliard so‘mlik protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari ajratildi. Ularning 16 ming nafari reabilitatsiya markazlarida davolandi va bu maqsadlar uchun qariyb 17 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Ana shunday xayrli ishlarimizni kelgusida ham tizimli ravishda davom ettiramiz, albatta.

Konstitutsiyamizda aholining muhim ijtimoiy huquqi sifatida kafolatlangan pensiya ta’minoti kelgusi yillarda ham eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qoladi. Jumladan, 2019 yildan boshlab pensiya to‘lovining yuqori chegarasi eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobariga oshiriladi va ishlayotgan pensionerlarga pensiyalar to‘la miqdorda to‘lanadi.

Ikkinchidan, tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratish hamda rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish zarur.

Shifokorlik kasbini egallash oson ish emasligini, bu insondan mashaqqatli mehnat, mustahkam iroda va matonat talab etishini ortiqcha tushuntirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Lekin, shu o‘rinda savol tug‘iladi: biz tibbiyot xodimlariga yetarli sharoit yaratib berdikmi? Ularning maoshlari, mehnat sharoitlari qilayotgan xizmatlariga munosibmi? Afsuski, yo‘q.

Joriy yil 1 dekabrdan tibbiyot xodimlari oyligini oshirdik, bu – birinchi qadam. Kelgusi yilda bu borada boshlagan ishlarimizni davom ettiramiz.

Aholiga kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida kelgusida majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etishimiz kerak.

Uchinchidan, xalq ta’limi sohasidagi ta’lim standartlari va o‘qitish uslublarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida, o‘quvchining individual qobiliyatini ro‘yobga chiqarish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish lozim.

Farzandlarimizning qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga bolalikdan e’tibor berib, ularning kamoloti uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etsak, yurtimizdan yana ko‘plab Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar yetishib chiqadi. Men bunga ishonaman.

To‘rtinchidan, kasb-hunar kollejlari, afsuski, aksariyat hollarda real talab bo‘lmagan kasblar bo‘yicha quruq diplom beradigan dargohga aylanib qoldi.

Men hududlarga tashrif buyurganimda odamlar bilan ko‘proq muloqot qilishga harakat qilaman. Hayron qolasiz, joylarda oddiy quruvchi, traktorchi yoki mexanizator yo‘q. Ishning ko‘zini biladigan yer tuzuvchi yoki suvchi topish amrimahol. Ko‘p joylarda kollejlarni bitirgan bolalarni kerakli kasbga qayta o‘qitishga to‘g‘ri kelmoqda.

Qani, kasb tarbiyasi? Qani, mehnat bozorini o‘rganish? Afsuski, hech kim bu masala bilan jiddiy shug‘ullanmayapti.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga iqtisodiyotning real sektoridagi talabni kamida 10-15 yil oldin prognoz qilib, shunga qarab mutaxassis tayyorlash choralarini ko‘rishi zarur.

Beshinchidan, aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan zarur choralar ko‘rishimiz lozim.

Savol tug‘iladi: mamlakatimizda haqiqiy ishsizlar soni qancha? Iqtisodiyotning norasmiy sektorida necha foiz aholi band? Xorijga ish qidirib ketganlarning soni-chi?

Biz bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak: bitta ishsiz odam – o‘nta muammo degani. Bu muammolar ishsiz odamning o‘ziga, oilasi va mahallasiga, jamiyatga keltiradigan zararini hisoblasak, masalaning naqadar jiddiy ekani yanada oydinlashadi.

Biz bu yil qabul qilgan “Har bir oila – tadbirkor” hamda“Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun katta imtiyozlar berildi. Kelgusi yilda ham biz ushbu dasturlar ijrosini qat’iy nazoratga olib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz yoshlarimizda tadbirkorlik tashabbusini rivojlantira olsak, ularga mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatsak, nafaqat iqtisodiy, balki ko‘plab ijtimoiy muammolarni ham hal etgan bo‘lamiz.

Oltinchidan, qishloq joylarda yangi namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha ishlarimizni takomillashtirish kerak.

Ayrim hududlarda uylarning sifati bo‘yicha Virtual qabulxonaga odamlar shikoyat bilan murojaat qilmoqda. Aynan fuqarolarimizning talab va istaklarini inobatga olib, ehtiyojmand aholi qatlamlari uchun bunyod etilayotgan arzon uylar sonini oshirish va sifatini yaxshilash bo‘yicha yaqinda alohida dastur qabul qildik. Ushbu dastur ijrosiga mas’ul bo‘lgan mutasaddi idoralar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishlari va xalqimizni rozi qilishlari shart va zarur.

Hurmatli yurtdoshlar!

Keyingi ikki yilda fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, turmush sharoitlarini yaxshilash, yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal etishga qaratilgan 90 ta qonun hamda 2 mingdan ziyod farmon va qarorlar qabul qildik.

Qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan 13 mingdan ortiq topshiriqlarning 20 foizi muddatida ijro qilinmagan. Bu Vazirlar Mahkamasi, qator davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari rahbarlari va mahalliy hokimliklarning ishga mas’uliyatsiz yondashayotganidan dalolat bermoqda.

Biz markazda va joylarda ortiqcha majlislarni keskin kamaytirib, ko‘proq amaliy ishlar va aniq natija bilan shug‘ullanishimiz kerak. Nega deganda, odamlar quruq majlisbozlikdan charchadi.

Olib borayotgan islohotlarimiz va davr talabidan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni chinakam ijro hokimiyatining oliy organiga aylantirish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, chuqur ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hech qaysi mamlakatda osonlikcha amalga oshirilgan emas.

Islohotlar albatta eskicha yashash, eskicha ishlashga o‘rganib qolgan ayrim mansabdorlarga yoqmaydi. Buniyam ochiq aytishimiz kerak. Chunki o‘zgarish, yangilanish ularning tinchi va oromini, huzur-halovatini buzadi. Lekin hayot davom etar ekan, hayot talabi bo‘lgan islohotlar ham izchil davom etishi muqarrar. Bu haqiqatni va talabni barcha darajadagi rahbarlar chuqur anglab olishlari zarur.

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Sizlarga yaxshi ma’lumki, qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini tashkil etish Senat Raisi va Qonunchilik palatasi Spikerining konstitutsiyaviy vakolati hisoblanadi. Lekin, afsuski, parlamentning bu sohadagi faoliyatida tub o‘zgarish sezilmayapti. Jumladan, joriy yilda davlat organlari va mansabdor shaxslarga Senat bor-yo‘g‘i 2 ta, Qonunchilik palatasi esa 3 ta parlament so‘rovi yuborgan, xolos.

“Parlament majlislarida markaziy organlar va hududlar rahbarlari hisobоtlarini eshitdik”, deb maqtanamiz. Lekin savol tug‘iladi: bunday hisobоtlar bo‘layotgan bo‘lsa, ularning natijalari bo‘yicha qanday hujjatlar qabul qilindi va ijroga yo‘naltirildi? Faoliyati qoniqarli bo‘lmagan qaysi vazir yoki hokimga nisbatan munosabat bildirildi?

Xalq vakillarining qat’iy pozitsiyasi qayerda qoldi?

Misol uchun, qaysi senator yoki deputat Soliq siyosati konsepsiyasi ijrosi bilan qiziqib, Moliya vazirligi yoki Davlat soliq qo‘mitasi rahbarlariga so‘rov yubordi?

Eng asosiy kamchilik shuki, Oliy Majlis hali-hanuz haqiqiy bahs-munozaralar maydoniga aylangani yo‘q.

Shu munosabat bilan Oliy Majlis palatalarida qonunlar ijrosini ko‘rib chiqish, rahbarlar hisobоtini eshitish bilan cheklanmasdan, bevosita joylardagi ahvolni tizimli ravishda o‘rganish va tegishli takliflar ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur, deb hisoblayman.

Yana bir inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat borki, fuqarolarda ham islohotlarga nisbatan daxldorlik hissi shakllanishi kerak. Ana shundagina ko‘zlagan maqsadlarga erishib, oldimizga qo‘yilgan vazifalarning to‘liq uddasidan chiqamiz.

Bu jarayonda kuchli va ta’sirchan jamoatchilik nazoratining o‘rni beqiyosdir. Shu maqsadda kelgusi yildan boshlab “Jamoat fikri” portalini ishga tushirishga qaror qildik.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari g‘oyat muhim o‘rin tutadi.

Men ommaviy axborot vositalari faoliyatini muntazam kuzatib boraman. Lekin, afsuski, islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi bilan bog‘liq muammolar, aholi murojaatlari yuzasidan gazeta, tele va radiokanallarda tanqidiy maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlar juda kam.

Vaholanki, islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari xalq manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanishi lozim. Buning uchun ulardan shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi.

Jamiyatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar samarasini ta’minlash uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirishimiz zarur, deb hisoblayman.

Birinchidan, Oliy Majlis palatalarining parlament so‘rovlari va parlament eshituvlari qonun va qarorlar ijrosini hamda islohotlarimiz samaradorligini ta’minlovchi ta’sirchan vositaga aylanishi kerak.

Ikkinchidan, deputat va senatorlarimiz bevosita joylarga chiqib, aholini tashvishga solayotgan muammolarni tizimli ravishda chuqur o‘rganib borishlari zarur. Ularni hal etish bo‘yicha Hukumat va hokimliklar oldiga vazifa qo‘yishi va talab qilishi, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rishlari ayni muddao bo‘lur edi.

Uchinchidan, o‘ylaymanki, qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan qonunlar qabul qilish vaqti keldi.

Misol uchun, hozirgi vaqtda xorijiy investitsiyalar sohasida 8 ta qonun, 14 ta farmon va 100 dan ortiq qonunosti hujjatlari mavjud. Lekin mahalliy va chet ellik investorlarga bizda nechta farmon yoki qaror borligi emas, balki ularning aniq va samarali ishlashi uchun yaxlit tizim mavjudligi muhim.

Men hurmatli deputatlarimizdan qonun loyihalarini ishlab chiqishda shunchaki kuzatuvchi yoki ekspert emas, balki tashabbusni o‘z qo‘llariga olib, bevosita loyiha tashabbuskori va ijodkori bo‘lishlarini iltimos qilaman. Ulardan saylovchilar, xalqimiz ham shuni kutmoqda.

Bu borada zudlik bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunlar ro‘yxatini shakllantirishimiz, amaldagi mavjud muammolarni chuqur va tanqidiy ravishda o‘rganib, eng ilg‘or xalqaro tajribalar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga qo‘llanadigan qonunlar qabul qilishimiz lozim.

To‘rtinchidan, har bir qonun yoki qarorning yaratilishi sohadagi mavjud muammolarni chuqur tahlil etishni, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganishni, bir so‘z bilan aytganda, mashaqqatli mehnatni talab etadi.

Har qanday qonun hujjatini qabul qilishdan pirovard maqsad – xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash ekanini unutmasligimiz zarur.

Bu jarayondagi eng asosiy masala – qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga o‘z muddatida yetkazib berish, ularni amalga oshirishni qat’iy ta’minlashdan iborat. Bu borada adliya idoralarining rolini yanada kuchaytirish vaqti-soati keldi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Har qanday qonun ma’lum huquq berish bilan birga, zimmamizga majburiyat ham yuklaydi.

Asosiy qonunimiz bilan barcha fuqarolar zimmasiga Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyati yuklatilgan.

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning shakllanishi, avvalambor, tarbiya va muhit bilan bevosita bog‘liqdir.

Birgina misol. Kanadaning 1 milliondan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan Kalgari shahrida joriy yilning 10 oyida avtohalokatlar tufayli 10 nafar shaxs nobud bo‘lgan.

O‘zingiz solishtirib ko‘ring: jami 2 yarim milliondan ziyod avtotransport mavjud bo‘lgan bizning yurtimizda esa, shu davrda 1 ming 600 dan ortiq kishi avtohalokat qurboni bo‘lgan. Bu – og‘ir kulfat, katta yo‘qotish emasmi?!

Biz yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirdik. Lekin shuning o‘zi bilan muammoni to‘liq yechish mumkinmi? Menimcha, yo‘q!

Buning sababi jamiyatda huquqiy madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani bilan bevosita bog‘liq.

Biz jamiyatimizda huquqiy madaniyatni lozim darajada shakllantirmas ekanmiz, huquqbuzarlikka chek qo‘ymas ekanmiz, qonunni buzish holatlari davom etaveradi.

Qonunlarga hurmat odamlarimizning huquqiy ongi va madaniyati asosida shakllanadi. Ya’ni, ayrim kishilar jazodan qo‘rqib qonunga itoat etsa, boshqalar bolalikda olgan tarbiyasiga ko‘ra qonunni hurmat qiladi.

Shu bois birinchi navbatda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy tarbiyani keng yo‘lga qo‘yishimiz lozim.

Oddiy qilib aytganda, farzandlarimizga bolalik paytidan “yaxshi” va “yomon”, “mumkin” va “mumkin emas” degan tushunchalar o‘rtasidagi farqni o‘rgatishimiz, o‘zimiz esa ularga doim shaxsiy namuna bo‘lishimiz kerak.

Albatta, maktablarda “huquq” darslari o‘tiladi, lekin ularning mazmuni yuzaki o‘qitishdan iborat bo‘lib, huquqning tarbiyaviy ahamiyati ikkinchi o‘ringa tushib qolgani ham sir emas.

Mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan qonunchilik targ‘ibоti ham tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Shuning uchun huquqiy bilimlarni, qonunlarning mazmun-mohiyatini ta’lim maskanlari, ommaviy axborot vositalari, Internet resurslaridan, adabiyot, san’at, diniy muassasalar imkoniyatlaridan foydalangan holda, samarali usullar bilan targ‘ib qilishimiz zarur.

Afsuski, biz Asosiy qonunimiz haqida Konstitutsiya bayramiga o‘n-o‘n besh kun qolganda gapira boshlaymiz. Holbuki, Konstitutsiyani, uning g‘oyalarini o‘rganish va o‘rgatish barchamizning doimiy vazifamiz bo‘lmog‘i zarur.

Esingizda bo‘lsa, bu masala bo‘yicha bundan ancha yillar oldin Oliy Majlis qarori ham qabul qilingan edi. Lekin o‘tgan davrda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy hayotimizda ko‘p narsa o‘zgardi. Binobarin, endi bu qarorni yangilash, unga zamon ruhini singdirish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Bosh qomusimizning har bir moddasi biz uchun dasturilamalga, hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur. Buning uchun Asosiy qonunimizni umumta’lim maktablarida, oliy o‘quv yurtlarida, mahalla va mehnat jamoalarida tizimli ravishda o‘rganish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishimiz kerak.

Biz jamiyatimizda shunday huquqiy madaniyatni shakllantirishimiz kerakki, unga muvofiq Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyat emas, balki kundalik qoida va odatga aylanishi shart.

Muxtasar qilib aytganda, fuqarolarimiz qonunlarni buzishdan ko‘ra, ularga amal qilishdan manfaatdor bo‘lishlari lozim.

Yana bir fikrga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Afsuski, jamiyatimizda hanuzgacha boqimandalik kayfiyati butunlay barham topgani yo‘q.

Barchamiz bir narsani tushunib olishimiz kerak: yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga, javobgarlik va mas’uliyatni ham chuqur his etishimiz zarur. Bunga erishish esa, faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq.

Ko‘zlagan marralarimiz qanchalik yuksak va mashaqqatli bo‘lmasin, ularga yetish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Ajdodlarimiz merosi, xalqimizning ilmiy va bunyodkorlik salohiyati hamda tadbirkorlik fazilati bizga bu yo‘lda beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Biz xalqimizning farovon hayotini, farzandlarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash uchun bundan buyon ham bir tanu bir jon bo‘lib, bor salohiyat, bilim va tajribamizni safarbar etishimiz lozim.

Yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimizning ilmga, hunarga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kelgusida ham islohotlarimiz markazida bo‘ladi.

Biz tashqi siyosatimizda uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik aloqalarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantiramiz.

Chunki:

Bilimli avlod – buyuk kelajakning,

tadbirkor xalq – farovon hayotning,

do‘stona hamkorlik esa – taraqqiyotning kafolatidir!

Fursatdan foydalanib, bugungi marosimda ishtirok etayotgan, bizga xayrixoh bo‘lgan, mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini bugungi bayram bilan samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.

Qadrli do‘stlar!

Aziz vatandoshlarim!

Sizlarni bugungi Konstitutsiya bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

Barchamizga kelgusi yilda ham sog‘-salomat va xush kayfiyatda uchrashish nasib etishini Yaratgandan so‘rab qolaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

www.president.uz