“Bir makon, bir yo‘l“: Xitoyda O‘zbekiston tashabbuslari taqdimoti
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif bilan Xitoyda bo‘ldi.
Tashrif doirasida Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy xalqaro muammolar akademiyasida “Bir makon, bir yo‘l: O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar“ mavzusida taqdimot tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad joriy yilning aprel oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l“ ikkinchi xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mazmun-mohiyatini hamkor mamlakat keng jamoatchiligiga yetkazishdan iborat.
Taqdimotda mamlakatimiz delegatsiyasi tomonidan “Bir makon, bir yo‘l“ tashabbusi doirasida transport yo‘laklarini rivojlantirish, “aqlli“ qishloq xo‘jaligini ilgari surish, qo‘shma agroinnovatsiya markazlarini tashkil etish, shuningdek, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda xitoylik ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoevning “Bir makon, bir yo‘l“ ikkinchi xalqaro forumida ilgari surgan taklif va tashabbuslarini yuqori baholadi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari Xalqaro forumda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha konseptual qarashlarni taqdim etdi. Bu, o‘z navbatida, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlarini belgilab berdi. Ushbu qarashlar Xitoy rahbariyatining “Bir makon, bir yo‘l“ tashabbuslarini ilgari surishdek yondashuvlariga hamohang.
Mamlakatimiz delegatsiyasi, shuningdek, Xitoyning qator yetakchi tadqiqot markazlarida – Xitoy Xalq Respublikasi davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish instituti, Xitoy zamonaviy munosabatlar akademiyasi va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi qoshidagi Rossiya, Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo institutlarida ham uchrashuv, muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqotlar chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Bir makon, bir yo‘l“ xalqaro ikkinchi forumidagi ishtiroki, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpin, Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi Li Chjanshu bilan uchrashuvlari natijalari muhokama qilindi.
Xitoy O‘zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan. O‘tgan yili sindao shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqotlar yakunida umumiy qiymati 6,8 milliard AQSh dollari bo‘lgan 46 loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shundan 3 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya shaklida. 2018 yilda o‘zaro savdo aylanmasida 35 foiz o‘sish sur’ati kuzatildi va ushbu raqam 6,5 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. O‘tgan yilda Xitoy kapitali ishtirokida 350 ga yaqin korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy kapitali 8 milliard dollardan ziyod.
Ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari bu kabi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish imkonini bermoqda.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining joriy holati tahlil qilindi, strategik sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tashrif davomida ikki davlat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, o‘zbekistonlik ekspertlarning Xitoyda amaliyot o‘tashini tashkil etish, “Bir makon, bir yo‘l“ doirasidagi O‘zbekiston tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qo‘shma konferensiya va davra suhbatlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zA