BMT INSON HUQUQLARI BO‘YICHA OLIY KOMISSARINING O‘ZBEKISTON PREZIDENTIGA MAKTUBI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Avval xabar qilinganidek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn 2017-yil 10-12-may kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Oliy komissarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Zayd Raad al-Husayn davlat organlari rahbarlari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz va chet el jurnalistlari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy tizimni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.
31-may kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissaridan davlatimiz rahbari nomiga maktub keldi. Unda shunday deyilgan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Toshkentda 2017-yil 10-may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvimiz davomida bildirgan ochiq va samimiy fikr-mulohazalaringiz uchun minnatdorlik izhor etaman. Shaxsan Siz bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘lganimdan g‘oyat baxtiyorman. Tashrifim doirasidagi tadbirlar yuksak darajada tashkil etilgani uchun mamlakatingiz hukumatiga samimiy minnatdorlik bildiraman.
O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga shaxsan e’tibor qaratayotganingiz, jumladan, 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi qabul qilingani, sud-huquq tizimida islohotlar amalga oshirilayotgani, xorijga viza asosida chiqish tartibini bekor qilish borasidagi sa’y-harakatlar uchun Sizga minnatdorlik bildirmoqchiman.
Mamlakatingizga tashrifim O‘zbekistonda inson huquqlarini har tomonlama ta’minlashdagi muayyan murakkabliklarni anglash, mamlakatingiz hokimiyati, fuqarolik jamiyati, inson huquqlarini himoya qilish milliy muassasasi va xalqaro hamjamiyatga Boshqarmamiz ko‘mak ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sohalarni belgilab olish imkonini berdi.
O‘zbekiston men rahbarlik qilayotgan Boshqarma bilan samarali hamkorlik qilayotgani uchun minnatdorman. Jenevadagi qarorgohimiz hamkorligimizni davom ettirishga tayyorligidan, mening Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmam O‘zbekistonni bevosita qo‘llab-quvvatlashidan mamnunman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Zayd Raad al-Husayn,
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari