BOJXONA ISHINING HUQUQIY ASOSI TAKOMILLASHMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 20 yanvarda e’lon qilingan «O’zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to’g’risida»gi qonuniga binoan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi tasdiqlandi. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o’tgach, ya’ni 21 apreldan kuchga kiradi.
O’zbekiston Milliy matbuot markazida ushbu mavzuda bo’lib o’tgan matbuot anjumanida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Davlat bojxona qo’mitasi xodimlari ishtirok etdi, deb xabar beradi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi a’zosi U.Sulaymonov, Davlat bojxona qo’mitasi boshqarma boshlig’i A.Qurbonov va boshqalar bojxona tizimi mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda muhim o’rin tutib kelayotganini ta’kidladi. Bunda sohaga oid huquqiy asoslarning zamon talabiga muvofiq takomillashayotgani alohida ahamiyat kasb etayotir.
Anjumanda bojxona ishi bilan bog’liq qabul qilingan qonun hamda yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Kodeksning qabul qilinishi zarurati, uning o’ziga xos jihatlari va afzalliklari, amaldagi kodeksdan farqli jihatlari haqida so’z yuritildi.
Bojxona kodeksi yuklarni bojxonada rasmiylashtirishning xalqaro standartlariga muvofiqlashtirilgan bojxona rejimlari va tartib-taomillarining barcha turlarini tartibga soladi. Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi bojxona ishlarining yagona va birxillashtirilgan qonunchilik bazasini yanada mustahkamladi. Chunki unda bojxona ma’murchiligining barcha bosqichlari va darajalarida norma hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning birxilda qo’llanilishini ta’minlash, bojxona tomonidan tartibga solishning oshkoraligini oshirishga e’tibor qaratilgan.
Kodeksda ruxsat etish xususiyatiga ega bo’lgan turli hujjatlarni berish tartib-taomillari, tovarlarni, shu jumladan, tovarlar bojxona hududiga kelib tushishidan avval ularni deklaratsiyalash va rasmiylashtirishda bojxona tartib-taomillaridan o’tkazish tartibi yengillashtirildi. Mazkur masalalar yuzasidan bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilish uchun belgilangan muddatlar ancha qisqartirildi.
Tijorat va notijorat maqsadlaridagi transport vositalarini, shuningdek, tovarlarni bojxona chegarasi orqali quvur transporti va elektr o’tkazuvchi liniyalar orqali olib o’tish tartibi ancha maqbullashtirildi. Bojxona nazoratining yangi shakllari joriy etildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining bojxona organlari bilan o’zaro hamkorligining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan zamonaviy shakllarini joriy etish katta ahamiyatga ega. Davlat bojxona nazoratining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi faoliyatining tartibi normativ jihatdan mustahkamlandi. Mazkur tartib bojxona organlariga taqdim etiladigan hujjatlar sonini sezilarli darajada qisqartirishni nazarda tutadi. Bu tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartib-taomillarini ancha yengillashtiradi.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining kuchga kirishi O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishning, ichki bozorni sifatsiz va kontrabanda mahsulotlardan himoya qilishning, xo’jalik yurituvchi sub’yektlar, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlar mahsulotining jahon bozorlariga chiqishi uchun qo’shimcha shart-sharoitlar yaratishning muhim omiliga aylanadi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.