BOKSCHILARIMIZNING MUVAFFAQIYATI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari jahon chempionatida uchtadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida sportchilarimiz turli nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lib, O‘zbekiston farzandlari hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotlamoqda.
Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida sportchilarimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar buning dalilidir.
Nufuzli turnirda yetmishga yaqin davlatdan eng kuchli bokschilar sovrinli o‘rinlar bilan birga 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun bahslashmoqda. Dunyoda yetakchilardan bo‘lgan o‘zbek boks maktabi vakillarining mazkur musobaqadagi yorqin g‘alabalari xalqimizga g‘urur-iftixor bag‘ishladi.
Sportchilarimizning jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rishida va munosib ishtirok etishida davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.
Terma jamoamizga dastlabki kumush medalni vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan Murodjon Ahmadaliyev keltirdi. Mustahkam himoya va kuchli texnikaga ega bokschimiz finalgacha bo‘lgan janglarda italiyalik Franchesko Mayetta, qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyev, tailandlik Chatchay Butdi va hindistonlik Shiva Tapani mag‘lubiyatga uchratdi. Irlandiyalik Maykl Konlonga qarshi kechgan hal qiluvchi musobaqada hamyurtimiz ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
Vazni 64 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan Fazliddin G‘oyibnazarov ham muxlisu mutaxassislar ishonchini oqladi. Tajribali bokschimiz dastlabki jangda qatarlik Tulasi Tarumalingamni texnik nokautga uchratdi. So‘ng London Olimpiadasi sovrindori italiyalik Vinchenso Mangiakapre va tailandlik Vuttichay Masuk ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.
Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev ham ushbu jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida ringga chiqqan iqtidorli bokschimiz kuchli va tezkor zarba, mukammal texnikaga ega ekanini namoyish etdi. Dastlab gruziyalik Zaal Kvachatadzeni birinchi raunddayoq nokautga uchratgan hamyurtimiz keyingi janglarda fransiyalik Kristian M’Billi Assomo, chorak finalda rossiyalik Pyotr Xamukov, yarim finalda irlandiyalik Maykl O’Reylli ustidan ishonchli g‘alaba qozondi va ikkinchi o‘rinni egalladi.
Bokschilarimiz jahon chempionatining kumush medali bilan birga 2016-yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ham ega bo‘ldi.
Hamyurtlarimizdan Elnur Abduraimov, Elshod Rasulov va Bahodir Jalolovlar o‘z vazn toifasida bronza medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zA