BOLA HUQUQLARI VA ERKINLIKLARI HIMOYASI MUSTAHKAMLANMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Toshkentda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizda bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari, sohaga xalqaro huquqiy mexanizmlarni keng joriy etish bo‘yicha istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, ta’lim va ilmiy muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatida bolalarga alohida e’tibor qaratish va g‘amxo‘rlik qilish masalasi o‘z ifodasini topgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, ularning salomatligini muhofaza qilishga yo‘naltirilgan qator dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga ajratilayotgan davlat byudjeti mablag‘lari hajmi yil sayin ortib bormoqda. Bolalar manfaatlarini himoya qiladigan milliy qonunchilik muntazam takomillashtirilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchisi sifatida ushbu hujjatning barcha talablarini qat’iy bajarib kelmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda bola huquqlari va erkinliklarini har tomonlama himoya qilishni ta’minlaydigan yuzdan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatdan iborat qonunchilik bazasi shakllantirildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Robert Fuderich, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari, elchi Yuriy Shterk va boshqalar shu haqda to‘xtaldi.
Mamlakatimizda chaqaloqlar va bolalar o‘limining kamaygani ham e’tiborga loyiqdir. Masalan, so‘nggi 15-yilda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 12 foizga pasaydi. Homilador ayollar va chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimi xodimlarining malakasini oshirishga doir, shuningdek, aholi tibbiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar bu boradagi ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashga yordam beradi.
Ayni paytda bolalarning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalaridan xabardorlik darajasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida inson va bola huquqlari, odam savdosiga qarshi kurashish va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan darslar o‘tilmoqda. 2014-yilda 1-7 sinf o‘quvchilari uchun «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari», 8-9 sinf o‘quvchilari uchun «Davlat va huquq asoslari», «Konstitutsiyaviy huquq asoslari» fanlari doirasida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini o‘rganish tashkil etilgan.
– O‘zbekiston bola huquqlarini himoya qilish sohasida katta yutuqlarga erishdi, – deydi bola huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspert, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Renate Vinter. – Yuvenal yustitsiyani rivojlantirish borasidagi yutuqlar ham shular jumlasidan. O‘zbekistonda bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha «ishonch telefonlari», ijtimoiy moslashuv markazlari kabi maxsus tuzilmalar tashkil etilgan. Umumta’lim maktablarida maktab psixologi lavozimi joriy etilgan. Bu davlatingiz va jamiyatingizning bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga taalluqli Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlari samarasidir.
Bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning institutsional bazasini yanada takomillashtirish, xususan, vazirlik va idoralar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati muvofiqlashtirilishini kuchaytirish bu boradagi faoliyat ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zA