«BOLAJONLAR-SHIRINTOYLAR» MODA FESTIVALI BOSHLANDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Poytaxtimizda «Bolajonlar-shirintoylar» bolalar moda festivali boshlandi.
“Osiyo ramzi” O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan festivalda mahoratli ijodkorlar, yosh dizaynerlar, bolalar ijodiyoti markazlari, mamlakatimizdagi qator moda maktablarining vakillari qatnashmoqda.
– Festivalning birinchi kunida mamlakatimizning kiyim-kechak tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi korxonalari bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan, zamonaviy tendensiya va milliy an’analarimizni o‘zida mujassam etgan rang-barang va bejirim liboslar kolleksiyasini keng omma e’tiboriga havola etmoqda, – deydi «Osiyo ramzi» O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi boshqaruvi raisi Holida Komilova. – Bu esa 18-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan festival tarixidagi o‘ziga xos yangilik bo‘lib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi «2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori doirasida olib borilayotgan tizimli ishlar mahsulidir.
Festivalda Namangan shahridagi «Istiqlol dizayn markazi» mas’uliyati cheklangan jamiyati ham qatnashmoqda. Korxonaning maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan liboslar to‘plami ayniqsa ota-onalarning olqishini oldi.
– 2013-yildan buyon faoliyat ko‘rsatmoqdamiz, – deydi korxona rahbari Baxtiyor Umarov. – Dizaynerlarimiz tomonidan kattalar va bolalar uchun turli mavsumlarga mos yuzdan ziyod liboslar to‘plami yaratilgan. Mahsulotlarimizning sakson foizini eksport qilamiz, Toshkent va Namangan shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan maxsus do‘konlarimizdan korxonada tayyorlangan kiyim-kechaklarni xarid qilish mumkin.
«Samarkand Apparel» korxonasi namoyish etgan 40 to‘plamdan iborat kuz-bahor fasllariga mo‘ljallangan sport, bolalar liboslarida Janubiy koreyalik dizayner Keyt Parkning zamonaviy bichim bilan birga modaning noan’anaviy chizgilaridan ham ustalik bilan foydalanishi ko‘zga tashlanadi.
Samarqandning «Afrosiyob Jeans» korxonasining jinsi matosidan tikilgan liboslar to‘plami, Andijonning «Nil Granit» korxonasining ekologik toza matodan tikilgan bolalar sport kiyimlari, Toshkent viloyatining «Azalea Garment» korxonasining mohir dizaynerlari yaratgan kundalik liboslar ham taqdim etildi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga qadar davom etadigan festivalda qator tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Ularda mamlakatimiz dizaynerlari yaratgan 450 yangi kiyim-bosh to‘plami havola etiladi. Yangi libos namunalarini «Tantana», «Fashion Lab» ijodiy studiyalari, «Kolibri» art-byurosi va «Oltin qanot» maktabining 2,5 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 220 nafar yosh modelyeri namoyish etadi.
O’zA